Qurbonlik qanday amalga oshiriladi — eng muhim savollarga javoblar

Obuna bo‘lish
Qurbonlikni kim va qachon amalga oshirilishi kerak? Qurbonlik uchun tanlangan jonivor qanday bo‘lishi kerak? Ushbu va boshqa savollarga batafsil javoblar bilan videolavhamizda tanishing.
Qurbon hayit arafasida ko‘pchilik musulmonlarda qurbonlik amalini to‘g‘ri bajarish haqida paydo bo‘layotgan savollarga javoblar olish maqsadida Sputnik muxbiri O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi mutaxassisi Abbos Qosimovga murojaat qildi.
— Qurbonlik amali kimga vojib?
— Qurbonlik balog‘at yoshiga yetgan, aqli-hushi joyida bo‘lgan, musofir bo‘lmagan, ya’ni safarda bo‘lmagan musulmonlar uchun vojib hisoblanadi. Shu bilan birga qurbonlik qiluvchi kishi zakotga qodir, ya’ni yetarlicha badavlat bo‘lishi kerak.
— Qurbonlik qachon amalga oshiriladi?
— Qurbonlik zulhijja oyining 10, 11, 12 kunlarida uch kun davomida amalga oshiriladi. Qurbonlik hayit namozi o‘qilganidan so‘ng boshlanib hayitning uchinchi kun quyosh botguniga qadar bajariladi.
— Qurbonlikka so‘yiladigan jonivor qanday bo‘lishi kerak?
— Jonivor rangining ahamiyati yo‘q, hadislarda payg‘ambar (s.a.v.) oq-qora aralash qo‘chqor so‘yilgani aytilgan bo‘lsa-da, lekin so‘yiladigan qo‘chqorning rangi ahamiyatli emas. Qurbonlikka kasal, oyoq-qo‘li singan yoki juda ozg‘in hayvonlar qurbonlikka yaramaydi. Hayvonning dumi, qulog‘i yoki dumbasi kesilgan bo‘lsa, unda qarash kerak, agar a’zoning uchdan bir qismidan kami kesilgan bo‘lsa yaraydi, undan ko‘p bo‘lsa qurbonlikka yaramaydi.
Cho‘ponlar tomonidan belgi sifatida qulog‘i kesib yoki teshib qo‘yilgan hayvonlarni qurbonlikka so‘yish joiz bo‘laveradi.
— Qurbonlik qanday taqsimlanadi?
— Qurbonlikka qo‘y yoki echkini bir kishi nomidan so‘yish mumkin, qoramol yoki tuyani yetti kishi sherik bo‘lib so‘yishi mumkin. Sheriklikka so‘yilgan qurbonlikni taroziga tortib, uni teng bo‘lib olish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Qurbonlikka so‘yilgan hayvon go‘shti ehson qilinadi, lekin uni sotish mumkin emas.
Yangiliklar lentasi
0