Senat “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritishni ma’qulladi

Obuna bo‘lish
Davlat bayrog‘idan sport musobaqalarida, oilaviy bayramlarda, xotiraviy sanalarni bayram qilishda hamda boshqa hollarda ham foydalanishga ruxsat berilishi kutilmoqda.
TOShKENT, 23-iyun — Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining qirq ikkinchi yalpi majlisida “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun ma’qullandi.
Yuqori palata xabariga ko‘ra, amaldagi qonun bir nechta yangi normalar bilan to‘ldirilmoqda.
Xususan, bu qonun bilan davlat bayrog‘idan sport musobaqalarida, ommaviy jismoniy tarbiya va madaniy tadbirlarda, rasmiy xalqaro tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarini nishonlashda, jamiyat va davlat arboblari, harbiy xizmatchilarning dafn marosimlarida hamda boshqa hollarda hurmatni ta’minlagan holda bayroqdan foydalanish mumkinligini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, bayroq tasviri tushirilgan belgilardan foydalanishda ham aholiga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Jumladan, bayroqdan jamoat joylarida, binolar va boshqa obyektlarda, yashash yoki ish joylarida, transport vositalarining salonida, rasmiy xalqaro tadbirlarda, harbiy yoki boshqa davlat xizmatida bo‘lgan shaxslarning kiyim-boshida va farqlovchi nishonlarida, xalqaro sport musobaqalari hamda O‘zbekiston chempionatlari uchun sport kiyim-boshini tayyorlashda foydalanish mumkinligi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda yoxud ularni tahqirlash hisoblanadigan boshqacha tarzda foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanmoqda.
“Maqsad - xalqimiz, ayniqsa yoshlarimizning yurtga sadoqati, faxr-iftixori ifodasi sifatida Davlat bayrog‘idan foydalanish ko‘lamini yanada kengaytirish zarur. Bu boradagi tartib-taomillarni yanada erkinlashtirib aniqlashtirish, xalqimizning xursandchilik kunlarida, xonadonlarda bayrog‘imiz hilpirab turishiga imkon berish, sodda qilib aytganda bayrog‘imiz tom ma’nodagi xalq bayrog‘i bo‘lishiga erishishdir. Shu bilan birga, Qonun bilan bayrog‘imizga nisbatan hurmatsizlik va nojo‘ya xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikka oid aniq normalar belgilanayotgani ham nihoyatda muhim, zero gap davlatimiz ramzi haqida bormoqda”, - dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.
Mazkur qonun loyihasini avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari qabul qilgan edi. Loyiha 1-iyunda jamoatchilik muhokamasiga olib chiqilgan edi.
Yangiliklar lentasi
0