Vladimir Norov nafaqaga chiqqanini ma’lum qildi

© MID UzbekistanaVladimir Norov, arxiv surat
Vladimir Norov, arxiv surat - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 21.06.2023
Obuna bo‘lish
Sobiq O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri va ShHT bosh kotibi bo‘lgan Norov nafaqaga chiqdi.
TOShKENT, 21-iyun — Sputnik. Sobiq O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri va 2022-yil dekabridan buyon Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori sifatida ishlab kelgan Vladimir Norov nafaqaga chiqdi. Bu haqda diplomat o‘zining Twitter`dagi sahifasida ma’lum qildi. Bu ma’lumotni institut vakili Sputnik muxbiriga tasdiqladi.
“Davlat muassasalari va xorijiy diplomatik missiyalardagi 45-yillik faoliyatimdan so‘ng nafaqaga chiqishga qaror qildim. Qarorimni qo‘llab-quvvatlagani uchun prezident Shavkat Mirziyoyevdan chin dildan minnatdorman" — deb yozgan Norov.
Diplomat o‘rnatgan barcha aloqalaridan O‘zbekistonning tashqi siyosatini ilgari surish, mamlakatning xalqaro nufuzini oshirish, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga investitsiyalar, innovatsion texnologiyalar va raqamli yutuqlarni jalb qilish uchun foydalanish niyatida ekanini ta’kidladi. Buning uchun u “Silk Road Advisory” konsalting kompaniyasini tashkil etgan.
Norov 1955-yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 1972—1976 yillarda Buxoro pedagogika institutida tahsil olgan, 1983−1985 yillarda Sovet Ittifoqi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi tinglovchisi bo‘lgan. 1978-yildan 1992-yilgacha ichki ishlar tizimida faoliyat yuritgan.
Shundan so‘ng Prezident devoniga ishga o‘tib, 1995-yilda tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari (bu lavozimda 2010−2013, 2021−2022 yillarda ham ishlagan) etib tayinlangan. Bundan tashqari, turli yillarda prezidentning davlat maslahatchisi, O‘zbekistonning Germaniya, Belgiya (o‘rindoshlik asosida Polsha va Shveysariya)dagi elchisi bo‘lib faoliyat yuritgan.
2006 yildan 2010-yilgacha O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga rahbarlik qilgan.
2013−2017 yillarda O‘zbekistonning Benilyuks (Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburg iqtisodiy ittifoqi) mamlakatlaridagi elchisi, 2017-yildan 2019-yilgacha Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori, Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
2019 yildan 2021-yil oxirigacha Shanxay Hamkorlik Tashkiloti bosh kotibi, 2021-yildan 2022-yilgacha tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosari vazifalarida faoliyat olib borgan.
2022 yil 27-apreldan 30-dekabrgacha yana tashqi ishlar vaziri bo‘lgan. 2022-yil 30-dekabrda Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori etib tayinlangan.
Norov 2003-yilda "Mehnat shuhrati" ordeni bilan mukofotlangan.
Yangiliklar lentasi
0