O‘zbekistonda Hamshiralar akademiyasi tashkil etiladi

© Ministerstva zdravooxraneniya Medsestri. Arxivnoe foto
Medsestri. Arxivnoe foto - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 21.06.2023
Obuna bo‘lish
Tibbiyot OTMda o‘qish muddati 4-yillik “oliy malakali hamshira” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
TOShKENT, 21-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda Hamshiralar akademiyasi tashkil etiladi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan PQ–197-sonli qarorda nazarda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatishni nazarda tutuvchi takomillashtirilgan tizimi joriy etiladi.
Unga ko‘ra:
tuman (shahar) darajasida ambulator va statsionar sharoitda aholining eng ko‘p murojaatlariga sabab bo‘layotgan kasalliklar va holatlarni inobatga olgan holda, Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxati shakllantiriladi;
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari shifokorlari tegishli hududda eng ko‘p tarqalgan kasalliklar va holatlar bo‘yicha qisqa muddatli kurslarda o‘qitiladi.
2024 yildan yillik tibbiy ko‘riklar doirasida nuroniylarni maqsadli skriningdan o‘tkazish dasturlari joriy etiladi.
2023/2024 o‘quv yilidan quyidagilar tashkil etiladi:
Chilonzor Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi negizida Hamshiralar akademiyasi;
tibbiyot kollejlari negizida Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari.
Shuningdek, tibbiyot OTMda o‘qish muddati 4-yillik “oliy malakali hamshira” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Quyidagilar joriy etiladi:
Texnikumlarning takliflari asosida qabul parametrlari hamda qo‘shimcha ravishda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibi;
tibbiyot yo‘nalishidagi davlat OTM talabalarining bilimlarini 2 bosqichli (fundamental va klinik-amaliy ko‘nikmalar) baholash va ularning malakasini tasdiqlash milliy tizimi;
tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan uzluksiz kasbiy ta’lim portali.
Davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlariga malaka oshirish kurslarini joriy etish huquqi beriladi.
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish, ularning malakasini oshirish jarayonlari to‘liq raqamlashtiriladi.
2023 yil yakunigacha:
barcha nodavlat tibbiyot tashkilotlari Sog‘liqni saqlash vazirligining maxsus axborot tizimiga ulanadi;
nodavlat tibbiyot tashkilotining xodimlari, tibbiy texnikasi, xizmat turlari, tibbiy statistika va boshqa hisobotlari monitoringi yuritiladi;
tibbiy faoliyatni nazorat qilishda “xavfni tahlil qilish” tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi, Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash va Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazlari tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash maqsadida Turkiyaning Sog‘lik bilimlari universiteti bilan hamkorlikda Toshkentda Hamshiralar akademiyasi tashkil etilishi ma’lum qilingan edi.
Akademiya o‘z faoliyatini yangi o‘quv yilidan boshlaydi. Hamshiralarni tayyorlash 4 yillik o‘quv dasturi asosida Sog‘lik bilimlari universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan xalqaro ta’lim standartlari asosida amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, ta’limning ikki yili O‘zbekistonda va ikki yili Turkiyada olib boriladi.
Yangiliklar lentasi
0