O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida tuzilgan gaz shartnomasi tafsilotlari ochiqlandi

© Sputnik / Vitaliy Timkiv / Mediabankka o‘tishGaz kranlari, arxiv surat
Gaz kranlari, arxiv surat - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 19.06.2023
Obuna bo‘lish
Shartnoma 2-yil muddatga tuzilgan. 1-oktabrdan kuniga 9 million kubometr tabiiy gazni import qilish boshlanishi kutilmoqda.
TOShKENT, 19-iyun — Sputnik. O‘zbekiston Energetika vazirligi Rossiya gazini mamlakatga yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnoma tafsilotlarini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, gaz oldi-sotdisi bo‘yicha shartnoma “UzGastrade” AJ va “Gazprom eksport” MChJ o‘rtasida 2-yil muddatga tuzilgan.
“Ta’kidlash lozimki, shartnoma to‘liq tijoriy shartlarda ishlab chiqilib, respublikamiz iste’molchilarining tabiiy gazga bo‘lgan yildan-yilga oshib borayotgan ehtiyojini qisman qondirish hamda kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazishga qaratilgan chora-tadbirlardan biridir”, - deyilgan xabarda.
Shartnoma doirasida joriy yilning 1-oktabridan kuniga 9 million kubometr tabiiy gazni import qilish boshlanishi mo‘ljallanmoqda. Yillik hajm esa qariyb 2 milliard 800 million kubometrni tashkil etadi.
Vazirlikning aniqlik kiritishicha, tabiiy gaz narxi mintaqadagi bozor narxlari asosida, shuningdek, respublikadagi amaldagi narxlar hamda ularni bozor tamoyillari asosida belgilangan.
“Yo‘l xaritasi”ga muvofiq, avval tabiiy gaz “O‘rta Osiyo – Markaz” magistral gaz quvuri orqali Qozog‘istondan tranzit bilan Rossiyaga yuborilganligi va endilikda gazning revers rejimida (teskari oqimda) O‘zbekistonga yetkazilishini, shuningdek, respublika hududida yangi gaz o‘lchash stansiyasi qurilishini hisobga olgan holda belgilangan tadbirlarni sentabr oyiga qadar yakunlash rejalashtirilgan.
“Yo‘l xaritasi” doirasida O‘zbekiston gaz-transport tizimidagi 3 ta gaz haydash uskunasi yangilariga almashtiriladi va 11 ta turli rusumdagi gaz haydash uskunasida mukammal ta’mirlash hamda tiklash ishlari bajariladi. 22 kilometrlik yangi magistral gaz quvurlari quriladi va 56 kilometrlik gaz quvurlari ta’mirlanadi.
Eslatib o‘tamiz, 16-iyun kuni Peterburg Xalqaro iqtisodiy forumida Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazib berish bo‘yicha shartnoma va respublika gaz uzatish tizimini Rossiya gazini qabul qilishga tayyorlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolangan edi.
Yangiliklar lentasi
0