Xizmatlar erkin savdosi MDHda qanday o‘zgarishlarga olib keladi

© Sputnik / Dmitriy Astaxov / Mediabankka o‘tishVladimir Putin, arxiv surat
Vladimir Putin, arxiv surat - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 15.06.2023
Obuna bo‘lish
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, Hamdo‘stlik mamlakatlar aholisi arzonroq narxda sifatliroq xizmatlarga ega bo‘lishi mumkin bo‘ladi.
TOShKENT, 15-iyun — Sputnik. Mixail Vorobyov. O‘tgan hafta Sochida Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston bosh vazirlari Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida (MDH) Xizmatlarning erkin savdosi to‘g‘risida bitim imzoladilar.
Ushbu hujjatni tayyorlash va muvofiqlashtirishga 11-yil vaqt ketdi. Uning amalga oshirilishi qanday o‘zgarishlarga olib kelishi borasida Sputnik muxbiri mutaxassislardan fikrlarini so‘radi.

Yangi shartnoma nima uchun kerak?

MDHda 2012-yildan boshlab erkin savdo zonasi to‘g‘risida kelishuv amalda bo‘lib, unga ko‘ra MDHga a’zo davlatlar o‘rtasida tovar ayirboshlash bojxona to‘lovlarisiz va Jahon savdo tashkiloti (JST) qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi. Endilikda xizmatlar bo‘yicha ham xuddi shunday bitim tuzildi.

Hujjat kamida uchta ishtirokchi davlat tomonidan ratifikatsiya qilinganidan keyin bir oy muddatdan so‘ng kuchga kiradi. Boshqa davlatlar uchun – ratifikatsiya qilinganidan 30 kun o‘tib kuchga kiradi. Jarayon taxminan bir yil muddatni talab qiladi.
Shartnoma ikki bobdan iborat. Birinchi bobda transport, huquqiy, konsalting, moliyaviy, qurilish va boshqa xizmatlar bozorlariga chiqish shartlari ifodalangan.
Ikkinchi bobda, birinchi navbatda, qishloq xo‘jaligi va sanoat sohasiga bog‘liq bo‘lgan kompaniyalarni boshqa mamlakatlarda ta’sis qilish imkoniyatlari haqida so‘z boradi.
Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov ta’kidlaganidek, bu boshqa davlatlar bozoriga kirishga, kompaniyalarni erkin tashkil etishga, sarmoya kiritishga, faoliyat yuritishga va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga intilayotgan Rossiya biznesi uchun nihoyatda muhim, deb xabar beradi departament matbuot xizmati.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, aynan ikkinchi bob bo‘yicha eng ko‘p muhokamalar bo‘lgan, chunki har bir davlat bu sohada muayan cheklovlarni saqlab qolish tarafdoridir.
“Biz “faqat ruxsat berilgan narsaga ruxsat beriladi” tamoyilidan “to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlanmagan hamma narsaga ruxsat beriladi” tamoyiliga o‘tdik. Har bir davlat taqiqlarning to‘liq ro‘yxatini tuzdi, ularning barchasi bitimda belgilab qo‘yilgan”, — deya ta’kidladi vazir.
Shu tariqa, Rossiya strategik kompaniyalarga, Tojikiston – tog‘-kon sanoatiga, O‘zbekiston – atom energetikasi, elektroenergetika va mashinasozlik sohalariga xorijiy sarmoyalarni cheklash huquqini saqlab qoladi.

Bitim natijalari

Sochidagi bitimning imzolanishi mohiyatan MDH doirasida yagona xizmatlar bozorini yaratishni anglatadi, ma’lum qildi Ijtimoiy-iqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Aleksey Zubes Sputnik muxbiriga.
"Agar bu bitim majburiy xarakterga ega bo‘lsa va Rossiya uchun postsovet hududida xizmatlar bozori eshiklari ochiqligini tasdiqlasa, bu juda katta yutuq", – fikr bildirdi Zubes.
Mutaxassisning fikriga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi MDH bozorlarida asosiy o‘yinchiga aylana oladi, chunki Hamdo‘stlik davlatlarning hech birida Rossiyaning eng yirik kompaniyalari bilan imkoniyatlar, jumladan, moliya va investitsiya borasida teng kela oladigan kompaniyalar yo‘q.
“Postsovet hududida Sberbank bilan teng kela oladigan kompaniyalar yo‘q. Misol uchun, sug‘urta bozorini oladigan bo‘lsak, "Ingosstrax", "Rosgosstrax", "Alfa-straxovanie" – bular jahon darajasidagi tuzilmalardir. Ular boshqa hech qaysi mahalliy kompaniya ko‘rsata olmaydigan xizmatlarni ko‘rsatishi mumkin”, — dedi Zubes.
Uning fikricha, kelishuv imzolanishi MDH davlatlarining oddiy aholisi hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kerak.
“Bu aholi uchun yaxshi. Ular arzonroq va sifatli xizmatlarni olishadi”, - deya qayd etdi mutaxassis.
Oxir oqibat, iste’molchi mavjud to‘siqlarning zaiflashishidan foyda ko‘radi: raqobat kuchayadi, bu esa yuqori sifat va narxlarning pasayishiga olib keladi, deya qo‘shimcha qildi Makroiqtisodiy tahlil va qisqa muddatli prognozlash markazi real sektor yo‘nalishi rahbari Vladimir Salnikov Sputnik muxbiri bilan suhbatda. Bu aynan qaysi sohalarda sodir bo‘ladi – Vladimir aniq javob bermadi.
Shu bilan birga, mutaxassis MDH mamlakatlari iqtisodiyoti ko‘lamidagi sezilarli farqlar sharoitida raqobatni saqlab qolish zarurligiga ham e’tibor qaratdi.
“Agar turli darajadagi davlatlar savdoni boshlasa, u holda yirik davlat raqobatda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni siqib chiqarishi mumkin. Bu holat yaxshi emas va uni alohida tartibga solish kerak”, – dedi u.

O‘zaro manfaatli almashinuv

Rossiya Federatsiyasi kompaniyalarining MDHning boshqa mamlakatlari bozoriga kirishi osonlashadi va ularga xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga yordam beradi, deb tushuntirdi Rossiya davlat gumanitar universitetining postsovet mamlakatlari kafedrasi mudir o‘rinbosari Aleksandr Gushin Sputnik muxbiriga.
“Boshqa tomondan, Rossiya kompaniyalari qo‘shni davlatlar xizmatlaridan foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Bu, ayniqsa hozirgi kunda, logistika o‘zgarib borayotgan sharoitda juda muhim”, — ta’kidladi mutaxassis.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xizmatlarning erkin savdosi to‘g‘risidagi bitimning ijrosi bank, transport, ombor va logistika sohalarining mustahkamlanishiga olib kelishi kerak.
– Bitim barcha MDH davlatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmining o‘sishini, shuningdek, o‘zaro investitsiyalar hajmining oshishini, ishlab chiqarish aloqalarining rivojlantirishini rag‘batlantirishi va eng muhimi, ushbu ittifoq doirasida yangi narxlarni belgilash zanjirlarini shakllantirishga xizmat qilishi kerak. Bu haqda Sputnik muxbiriga G.V. Plexanova nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Iqtisodiyot nazariyasi kafedrasi dotsenti Yekaterina Novikova ma’lum qildi.
2021 yilda Rossiya MDH mamlakatlariga 8 milliard dollarlik xizmatlar eksport qilgan, bu esa barcha xizmatlarning 11 foizini tashkil qiladi, deya ma’lumot berdi Novikova.
“Albatta, bunday bitimni tuzish MDHga a’zo davlatlarning qonunchiligini birlashtirishni talab qiladi, shunda oddiy fuqarolar uchun bir xil xizmatlardan foydalanish, barcha turdagi bojxona to‘lovlari va tariflar hisobga olgan holda ham foydali bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qildi mutaxassis.
Yangiliklar lentasi
0