Kambag‘allikni qisqartirish — tadbirkorlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi
16:30 14.06.2023 (yangilandi: 16:44 14.06.2023)
© DragonImagesDelovoe sotrudnichestvo
© DragonImages
Obuna bo‘lish
O‘zbekistonda “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturini amalga oshirish uchun 1 mlrd dollar miqdorida kredit liniyasi ochiladi.
TOShKENT, 14-iyun — Sputnik. Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatiladi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan PF–93-sonli farmonda nazarda tutilgan.
Farmonga ko‘ra, “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshiriladi. Dasturda tadbirkorlar “hamkorlik shartnomalari” (3 yilgacha muddatga tuziladi) asosida ixtiyoriy ravishda ishtirok etadi.
“Hamkorlik shartnomalari”ni tuzgan tadbirkorlarga Dasturda ishtirok etayotganligini tasdiqlovchi sertifikat beriladi. Dasturda kamida 2-yil faoliyat ko‘rsatayotgan va ustav kapitalida davlat ulushi mavjud bo‘lmagan tadbirkorlar – yuridik shaxslar ishtirok etishi mumkin.
2023–2024 yillarda Dasturni amalga oshirish uchun jami 1 milliard dollar miqdorida kredit liniyasi ochiladi.
Kredit liniyasi mablag‘lari hisobidan banklar tomonidan kreditlar Dasturga kiritilgan tadbirkorlarning loyihalarini amalga oshirish uchun 7-yilgacha muddatga 14 foiz stavkada mablag‘ ajratiladi.
Dastur doirasida tadbirkorlarga imtiyoz va preferensiyalar beriladi.
Tadbirkorlar tomonidan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolar ishga qabul qilinganda, 2025-yil 1-yanvargacha:
tadbirkorlar ushbu fuqarolarga kamida 1-yil davomida har oy mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravari miqdoridan kam bo‘lmagan ish haqi to‘lab, bandligini ta’minlagan va ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etganda, mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan imtiyoz beriladi;
fuqarolar ishga qabul qilinganda hamda har bir oy uchun ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanganda, oylik ish haqi bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i respublika budjetidan ish beruvchiga (har bir ishchi uchun BHMning 2 baravarigacha) qaytarib beriladi hamda ularga ijtimoiy soliq stavkasi 50 foizga kamaytirilgan holda qo‘llaniladi.
barcha soliqlar (QQS va soliq agentlari sifatida to‘lanadigan soliqlar bundan mustasno) va bojxona to‘lovlarini ta’minotsiz va foizsiz 1-yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi;
davlat mulki bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlari va yerga bo‘lgan huquqlar auksion orqali sotib olinganda, to‘lovlarni 5-yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi;
bojxona nazoratini amalga oshirishda “yashil yo‘lak” qoidalari amal qiladi;
barcha turdagi soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi (jinoiy ishlar doirasidagi tekshiruvlar bundan mustasno).
Farmonga ko‘ra shuningdek, “Kasb egasi” dual ta’lim tizimi tajriba tariqasida ishga tushiriladi. Birinchi bosqichda 2023/2024 o‘quv yilida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining 3–4-kurs talabalari uchun joriy qilinadi.