Qurbonlik odoblari va shartlari: qanday jonliq so‘yiladi, qurbonlikning so‘nggi vaqti

© Sputnik / Alexandr Kryazhev / Mediabankka o‘tishQurbonlikka atalgan qo‘y, arxiv surat
Qurbonlikka atalgan qo‘y, arxiv surat - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 10.06.2023
Obuna bo‘lish
Qurbonlikning eng afzali qurbonlik qiluvchining o‘zi so‘yishidir.
Qurbonlikning avvalgi vaqti Qurbon hayiti kuni tong otgandan boshlanadi va yana ikki kun davom etadi. Oxirgi kun quyosh botishigacha jonliq so‘yish mumkin.
“Qurbonlikning vaqti – uch kundir. Ular - (Zulhijjaning) o‘ninchi, o‘n birinchi va o‘n ikkinchi kunlari. Avvali(da qurbonlik qilish) oxiridan ko‘ra afzaldir. Nahr (ya’ni, qurbon hayiti) kuni tong otgandan Zulhijjaning o‘n ikkinchi kuni quyosh botgunicha kunduziyu kechasida so‘yishi joiz. Lekin tunda so‘yish makruh”, deyiladi ishonchli manbalarda.
Qurbonlik qilmoqchi bo‘lgan kishi qurbon hayiti kuni to iyd namozini ado etib, jonliqni so‘yib, uning go‘shtidan taom tayyorlab yemagunicha biror narsa tanovul qilmay turishi mustahab ekani ta’kidlangan. Agar qurbonlik qilmaydigan kishi bo‘lsa, bu ishda ixtiyorli hisoblanadi.
Qurbon hayiti tarixi va ahamiyati
Qurbonlikning eng afzali qurbonlik qiluvchining o‘zi so‘yishidir. Agar o‘zi so‘yishni bilmasa, boshqa odamga buyurish ham mumkin. Lekin so‘yish vaqtida hozir bo‘lish mustahabdir (savobi ulug‘roqdir). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qizlari Fotimaga roziyallohu anhoga: “Borib qurbonligingga shohid bo‘l, uning birinchi tomgan qoni bilan barobar sening avvalgi gunohlaring mag‘firat qilinur”, dedilar. “Ey Allohning rasuli! Bu bizga – ahli baytga xosmi yoki ommai musulmonlargami?” dedilar Fotima roziyallohu anho. Shunda payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Yo‘q, ommai musulmonlargadir”, deb javob berdilar.
Jonliq so‘yishda “Bismillahi Allohu akbar” deb so‘yish sunnatga muvofiq so‘yish hisoblanadi.
Hayvon so‘yganda uni og‘iz bilan puflash makruh bo‘ladi. Chunki hadisi shariflarda taomga va ichimlikka puflashdan qaytarilgan. Qo‘y go‘shti ham taom bo‘lgani bois, bunga ham puflash makruh, deyiladi. Ulug‘ sahobiy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu shunday deganlar:
“Nabiy sallallohu alayhi vasallam idishda nafas olishdan yoki idish ichiga puflashdan qaytarganlar” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Hayvonlarni so‘yishning o‘ziga xos odoblari, mustahablari bor. Tuyani tik turgan holida oldingi chap oyog‘ini bog‘lab, bo‘ynining pastidan, ko‘kragi tamondan so‘yish, qoramol va qo‘ylarni esa chap tomoni bilan yotqizib, tomog‘ining tagidan so‘yish, pichoqning o‘tkir bo‘lishi, uni so‘yiladigan hayvonning oldida o‘tkirlamaslik, boshqa hayvonning ko‘z oldida so‘ymaslik shular jumlasidandir.

Qurbonlik kimlarga vojib?

Qurbonlik zimmaga vojib bo‘lishi uchun 4 narsa topilishi shart.
1.
Musulmon bo‘lishi. Chunki qurbonlik qurbat bandani Alloh taologa yaqin qiluvchi ibodat bo‘lib kofir unga ahl emas (Badoye’us sanoye’).
2.
Ozod bo‘lish. Chunki qulning mulki bo‘lmaydi (Al bahrur roiq).
3.
Nisob egasi bo‘lish.
4.
Muqim bo‘lish. Musofirga qurbonlik vojib emas. Garchi safarda nisob miqdoriga ega bo‘lsa ham. Hazrat Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Musofir zimmasiga qurbonlik vojib emas”.

Qanday hayvon qurbonlik qilinishi lozim?

Qurbonlik qilinadigan hayvon agar qo‘y bo‘lsa, eng kamida bir yosh, mol bo‘lsa, eng kamida ikki yosh, tuya bo‘lsa, eng kamida besh yosh bo‘lishi lozim. Faqat qo‘y olti oylik bo‘lib jussasi bir yosh qo‘yning jussasi kabi katta bo‘lsa, mazkur olti oylik qo‘yni ham qurbonlik qilish mumkin. Mazkur hayvonlarning erkagi, urg‘ochisini ham qurbonlik qilish mumkin.
Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizning ichimizda turib: “To‘rt nafar hayvon qurbonlikka yaramaydi: ko‘zi ko‘rligi bilinib turgan (aybli) hayvon, kasali zohir kasal hayvon, cho‘loqligi zohir cho‘loq va o‘rnidan tura olmaydigan o‘ta ozg‘in hayvon”, dedilar" (Imom Termiziy rivoyati).
Kurbonlik qilinadigan hayvon aybdan xoli bo‘lishi lozim. Qurbonlik qilinadigan hayvonning qulog‘i, yoki dumi, yoki ko‘zining bir qismidan ko‘prog‘i yo‘q bo‘lsa, qurbonlikka so‘yish joiz emas.
Kasal, cho‘loq va ozg‘in hayvonlar so‘yadigan joyga o‘z oyog‘i bilan yurib bora olmasa, qurbonlikka so‘yish joiz emas.
Qurbonlik go‘shti yetim-yesirlarga, mazlum va ehtiyojmand kishilarga tarqatiladi.
(Maqola O‘zbekiston musulmonlar idorasi Fatvo markazi ma’lumotlari asosida tayyorlandi)
Yangiliklar lentasi
0