Onkologiya - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 21.01.2022
Bu qiziq
Ushbu ruknimizda ilm-fan, inson sog‘ligi, foydali va zararli oziq-ovqatlar, parhez taomlar, shifokorlar maslahati va boshqa barcha uchun qiziqarli ma’lumotlar bor.

O‘zbek to‘yi: nikoh va undan keyingi urf-odatlarni bilasizmi

© Sputnik / Vsevolod TarasevichUzbekskaya svadba.
Uzbekskaya svadba. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 07.06.2023
Obuna bo‘lish
Navbatdagi turkum maqolalarimizda nikoh to‘yidan keyin bo‘ladigan marosimlar haqida suhbatlashamiz.

Nikoh to‘yi kuni bo‘ladigan marosimlar va ularning nomlari

© Sputnik / Vsevolod TarasevichUzbekskaya svadba.
Uzbekskaya svadba. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 07.06.2023
Uzbekskaya svadba.

Qiz berkinar

To‘yi bo‘layotgan qizning to‘y kuni nikohgacha yaqin qarindoshi yoki qo‘ni-qo‘shnisinikida o‘tirib turish, to‘yga kelganlarga ko‘rinmay turish odati nomi. M.Jo‘rayev va L.Xudoyqulovalarning ma’lumotiga ko‘ra, bu qadimiy udum bo‘lib, kuyovjo‘ralardan ikki nafari qiz “bekingan” xonadonga borib, o‘sha yerdan kelinni “ajratib olib chiqishadi”. To‘yxonada o‘sha paytda karnay-surnay navolari yangrab turadi. Kelin paranji-chachvonga o‘rangan holda, dugonalari qurshovida, “yor-yor” sadolari bilan qizlik uyiga kirib keladi.

Tortishmachoq

Nikoh to‘yida kelinchak kuyovnikiga kelgandan keyin xotinlar taraf-taraf bo‘lib tortishish marosimi nomi. Qo‘qon va atrof tumanlarida tortishmachoq kuyovjo‘ralar o‘rtasida kelin xonadonida bo‘ladi. Kelin yangalar kuyov yo‘liga oppoq poyandoz yozadilar, lekin kuyovdan sovg‘a-salom (ko‘pincha pul) olmaguncha ichkariga qo‘ymay turadi. Sovg‘a-salom olingach, kuyov poyandozni bosib o‘tar-o‘tmas kuyovjo‘ralar poyandozni tortib olish payiga tushadilar.

Qiz chiqarar

Kelining qizlik uyida nikoh kuni bo‘ladigan to‘y, qizni uzatish marosimi nomi. Mazkur marosim tugagach, kuyov kelinni olib ketadi va to‘yning asosiy qismi kuyov xonadonida davom etadi. Qizchiqarar tezda tugagani uchun bu marosimga bormoqchi bo‘lgan o‘smir bolalarga kattalar “Qiz to‘yiga borguncha, ariqning bo‘yiga bor” deydilar.

Kelin tushdi

To‘y kuni kelinning kuyov xonadoniga kelishi yoki uni olib kelish munosabati bilan kuyovning uyida bo‘ladigan tantanali ziyofat nomi. Kelin tarafdan kelgan qizlar ham kelin tushdi deyiladi.

Nikoh to‘yi

Kelin-kuyov sharafiga kuyov xonadonida o‘tkaziladigan tantanali marosim nomi. Barcha xalqlarda bo‘lganidek o‘zbeklarda ham to‘y katta shodiyona bilan o‘tkaziladi. Kuyov taraf to‘y dasturxonininng to‘kin-sochin bo‘lishiga alohida e’tibor beradi. Ayniqsa, hozirgi kunda poytaxtdagi nikoh to‘ylarida o‘nlab san’atkorlarni xizmatga chorlash urfga kirgan.
© Sputnik / Vsevolod TarasevichMolodojeni i gosti svadbi.
Molodojeni i gosti svadbi. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 07.06.2023
Molodojeni i gosti svadbi.
Nikoh to‘yi davomida kelin-kuyov xonadonida kichik odatlar o‘tkaziladi. Shunday marosimlardan biri “Kuyov o‘tirmayapti”, “Kelin o‘tirmayapti”, “Gulbazm” kabi lardir.

Kuyov o‘tirmayapti/Kuyov o‘tirsin

Kuyov va kuyovjo‘ralar kelinni olib kelish uchun qizning uyiga borib ziyofat qilib keladilar. Ziyofat bo‘ladigan uyga kirgan kuyovjo‘ralar ataylab o‘tirmay, noz-ne’matlarni yemay turadilar. Bu vaqtda kuyovjo‘ralar “Kuyov o‘tirmayati-yo, o‘tirsa ham turib ketapti-yo” deya baland ovozda qichqiradilar. Shunda kelinning otasi yoki kelin tarafdan yoshi ulug‘ erkak chiqib mehmonlarga “xush kelibsizlar” deydi va dasturxonga taklif qiladi. Kelin tarafdan chiqqan yoshi katta ayollar bu kabi tilaklarni aytishi uchraydi: Darvozani boshiga, Kaklik qo‘nib yo‘rg‘alasin, O‘rta bo‘yli, qalam qoshli, Kuyov bola, xush keldingiz. Orqasidan birga kelgan, Jo‘ralari, xush keldingiz!

Kelin o‘tirmayapti/Kelin o‘tirsin

Kelin va kelin yangalar, kelinning dugonalari kuyovning xonadoniga “yor-yor” sadolari ostida kirib kelgach, tayyorlangan joylarga o‘tirmay turadi. Kelinning dugonalari baravar “Kelin o‘tirmayapti” qiladi yoki so‘zga chechanrog‘i chiqib, “xush kelibsiz” qilishga kuyovning onasi – bo‘lajak qaynonani chorlaydi: Quda xola kelsangiz, Uy to‘risi bizniki. Oq fotiha bersangiz, Kelinimiz sizniki!
Quda xola chiqib, mehmonlarga “xush kelibsiz” qiladi: Oy qizim, oydin qizim, Kunday o‘g‘limni berdim, Qo‘yu to‘qlimni berdim, o‘tira qoling! Keng hovlini berdim, O‘choq boshini berdim, o‘tira qoling!

Gulbazm

Nikoh to‘yi oxirida kelin dugonalari va kuyovjo‘ralar tarafma-taraf bo‘lib o‘tkaziladigan she’r va raqs bellashuvi nomi. Gulbazmni gul ushlagan kuyovjo‘ra she’r aytib boshlaydi va raqsga tushib borib o‘zi xohlagan qizga gulni beradi. Gul tutqazilgan qiz kuyovjo‘ra she’riga munosib javob qilishi, ya’ni she’r aytishi va raqsga tushishi kerak. Shu asnoda qiz o‘zi xohlagan kuyovjo‘raga gulni beradi. Gulbazm biron-bir taraf yutqazguncha – munosib javob she’rini aytolmay qolguncha davom etadi. Odatda, bunday she’rlar hazilomuz bo‘ladi.
Nikoh to‘yi yakunlangandan keyin kelin-kuyovni chimildiqqa kiritish, xalqona aytganda, qo‘shib qo‘yish bilan bog‘liq urf-odatlar bajariladi. Chimildiq atrofida kelin-kuyov taraf vakillari – asosan ayollar ishtirokida “Bola solar”, “Oyna ko‘rsatar”, “Soch siypatar”, “Qo‘l ushlatar”, “Kampir o‘ldi”, “Oyoq bosdi” kabi kichik odatlar bo‘lib o‘tadi.

Bola solar

Nikoh bazmidan keyin kelin-kuyov chimildiqqa kirgach, ularga farzand tilab tizzasiga bola o‘tqazib qo‘yish odati nomi. Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida bu udum “bachcha solar”, “bachchag‘ilon” deyiladi. Kitobliklar udumiga ko‘ra, to‘y kuni kelin bilan kuyov uchun chimildiq ichiga joy solingach, ana shu to‘shakka bitta qiz va bitta o‘g‘il bolani yotqizib qo‘yadilar. Bu “Kelin-kuyov serfarzand bo‘lsin” degani.

It irillatar

Kuyovto‘ra chimildiqqa kirayotganda uy ostonasiga serfarzand, bolalaridan tinchigan saodatmand kampir (ba’zan ikkita kampir) o‘tirib oladi. Bu vazifani bajaradigan kampir bir marta erga teggan bo‘lishi kerak. Kuyov o‘tayotganda kampirlar itga o‘xshab irillagandek bo‘ladilar va kuyovbola to‘nining etagidan tishlab tortgan. Kuyov yoki kuyovjo‘ralar kampir(lar)ga arzigulik narsa (ko‘pincha pul) bergach, kuyov chimildiqli uyga o‘tkazib yuborilgan. “It irillatar” odatidan keyin “kampir o‘ldi” marosimi o‘tkazilgan.

Kampir o‘ldi

Kelin-kuyovni qo‘shib qo‘yishdan oldin o‘tkaziladigan marosim nomi. Bu marosimda odatda biron-bir kampir chimildiq tutilgan uyning ostonasiga o‘zini o‘lganga solib yotib oladi. Kuyovnavkarlardan biri kampirga atagan puli borligini va unga berishini aytgandan keyin kampir yotgan joyidan tirilib turadi va kuyov bilan o‘rtoqlarini chimildiq tomonga o‘tkazib yuboradi. Kampir xohlasa, mana shunday duo-she’rni aytadi: Bir tush ko‘ribman, Ajab-ajab ish ko‘ribman. Oldir beshik yonida, Qo‘chqorday ul qo‘lida, Davlatmi, farzandmi, ish ko‘ribman.

Ololmaysan

Nikoh bazmi yakunlangandan keyin kelin yangalar kelinchakka chimildiq uchun tikilgan milliy kiyimlarini kiydiradi. So‘ng kelinchakni chimildiq oldiga o‘tqazib qo‘yib, kelinni kuyovva o‘rtoqlaridan palak bilan to‘sib turadi. Bu paytda kuyovto‘ra boshini to‘n bilan yopib kuyovjo‘ralar bilan chimildiqli uyga kirib keladi. Tarafma-taraf bo‘lib olgan kuyovjo‘ralar va kelin yangalar chimildiq to‘silgan palakni tortishganday bo‘ladi, “Ololmaysiz, xo-xo, ololmaysiz”, “Ololamiza, ololamiz” deb jo‘rovoz qo‘shiq aytadi. Bunda kuyovning qarindoshlaridan biri tez kelib kelinning boshini qashlab olishi kerak. Shundan so‘ng chimildiqning pastki qismi palak bilan birlashtiriladi va kelin-kuyovni “yor-yor” aytib chimildiqqa kiritish boshlanadi. Ana shunda “Oyoqbosdi” marosimi o‘tkaziladi.

Oyoq bosdi

Bu marosim paytida odatda kuyov bo‘lmish yigit kelin bo‘lmish qizning oyog‘ini sekin bosib qo‘yadi va kelinni ko‘tarib chimildiq tutilgan uyga olib kirib ketadi. Oyoq bostirishdan maqsad kim kimning oyog‘ini bossa, oilada o‘sha xo‘jayin bo‘ladi deganidir. O‘zbek oilalariga faqat erkak kishi bosh bo‘lishini bilgan kelinchak odatga ko‘ra kuyovning oyog‘ini bosmaydi.

Oyna ko‘rsatar

Chimildiqda kelin-kuyovni yangi, tutilmagan oynaga qaratish marosimi nomi. Bu marosimda yoshi katta ayollardan biri kelin-kuyovni yonma-yon qo‘yib oynaga qaratadi va oynada ularning aksi ko‘rinadi. Shunda kelin-kuyov bir-biriga “Oynaga qarab oyni ko‘rdim, Ko‘zimni ochib sizni ko‘rdim” deydi. Ko‘z ochib ko‘rganim deyish shu odatdan kelib chiqqan. L.Xudoyqulovaning yozishicha, Buxoro viloyatida “oyna ko‘rsatar” marosimi qizning uyida o‘tkaziladi. Odatda, marosimga maxsus ijrochi chaqiriladi va u “salomnoma” aytadi, undan keyin kelin yangalar kelin bilan kuyovga oyna ko‘rsatadilar. Oyna ko‘rsatayotgan ayol “Kim chiroyli?” deydi. Shunda kuyov tomon “Kuyov chiroyli”, kelin taraf “Kelin chiroyli”, deydi. Bu savol-javob bir necha marta takrorlangach, oxiri ikkala taraf ayollari birgalashib “Kelin-kuyov chiroyli” deb javob qiladi.

Soch siypatar

Nikoh bazmidan keyin chimildiqda kuyovning kelinning sochini silashdan iborat marosim nomi. Bu marosimda kuyov kelinning sochini pastda yuqoriga qarata silaydi, pastga qarab silasa, kelinning sochi to‘kilib ketadi, deb irim qilinadi. M.Jo‘rayevning ma’lumotiga ko‘ra, Andijonda kuyov kelinning sochini ipak ro‘mol bilan siypalaydi.

Qo‘l ushlatar

Chimildiqda kelin va kuyov yangalar ishtirokida kuyovga kelinning qo‘lini ushlatish maqsadida o‘tkaziladigan marosim nomi. Bu marosimda kuyov yangalar kuyovga kelinning qo‘lini ushulatmoqchi bo‘lganda kelin yangalar ikki-uch marta kelinning qo‘lini atay tortib oladilar, yeng ichiga yashirishga harakat qiladilar.

Bo‘ri keldi

Chimildiqda kirgan kuyovning kelinchak ustiga tanga sochib, tezlik bilan qallig‘i yotgan ko‘rpa ichiga kirib olish odati nomi. Andijon viloyatining Bo‘z va Izboskan tumanlarida chimildiq ichida yoshlarga joy tayyorlangach, xonada hozir bo‘lgan ayollar “Bo‘ri keldi!”, “Bo‘ji keldi!” deydilar. Shunda kuyov uyalinqirab chimildiq ortiga o‘tib oladi.
O‘zbek xalqi azal-azaldan kelinini kelin emas, qiz farzand deb qabul qilgan. Uning sharafiga bag‘ishlab to‘ydan keyin ham ma’lum bir muddatlar oralig‘ida har xil urf-odatlarni o‘tkazib kelgan. Bu kabi marosimlar orqali yangi qudalar va ularning qarindosh-urug‘lari bir-birlarini yaqindan tanigan-bilgan. Xalqimiz bunday urf-odatlar qarindoshlik rishtalarini yanada mustahkamlaydi deb ishongan va ularga og‘ishmay amal qilgan.

Joy yig‘di/O‘rin yig‘ar

Nikoh to‘yining ertasiga ertalab (Qo‘qon va atrof tumanlarida uch kun o‘tib), yuz ochdi marosimidan oldin chimildiq uchun solingan o‘rin-joyni kelin yangalar kelib yig‘ib qo‘yish odati nomi. Odatga ko‘ra, o‘rin uchun to‘shalgan ko‘rpalar yig‘ilishidan oldin kuyov joy yig‘gani kelgan kelin yangalar atab ko‘rpa qatiga biron-bir arzirli sovg‘a yoki pul qo‘yib chiqib ketadi. Bu odat ayollar ishtirokida o‘tadi.

Yuz ko‘rdi

Nikohning ertasi kuni ko‘rmana bilan kelin ko‘rish odati nomi. Ayrim joylarda bu marosim nikohdan uch kun o‘tkazib qilinadi. Masalan, Qo‘qon va atrof tumanlarida to‘ydan uch kun o‘tib bu marosim o‘tkaziladi va kelinga nisbatan bu odat yuz ochdi, kuyovga nisbatan kuyov chiqdi deyiladi. Mazkur marosim mahalla-ko‘y, qarindosh-urug‘ ishtirokida san’atkorlarni chaqirib o‘tkaziladi. Qo‘qon va atrof tumanlarida kelinni yuzochdi qilishda kelinchakni kelin yanga kuyovto‘raga eng yaqin ayollarning oldiga yuzini oq ro‘mol bilan yopib olib chiqadi. Shunda kuyovning o‘g‘il bola jiyanlaridan biri kelin yopingan ro‘molni cho‘p bilan yulqib olib qochib ketadi.

Yog‘-o‘choq

Yuzochdi marosimi tugagach, kelin qaynonasi bilan birga o‘choq boshiga borib o‘choqqa yog‘ sepish odati nomi. Andijonda bu marosim yog‘ soldi deyiladi. Bunda qaynona kelinining qo‘lini sarimoyga botirib oladi yoki uning qo‘liga yog‘ quyadi. Qashqadaryo viloyatida “yog‘ to‘kdi” deb yuritiladi. Bu odatlar orqali “kelinning qo‘li doimo yog‘lik bo‘lishi”, “kelinning kuyovga isishi” niyat qilinadi. So‘ng kelinchakni un solingan supra yoniga o‘tqazib, supradagi unni uch marta changallatiladi. Shuning uchun bu odat “un changallatdi” deyiladi.

Kelinsalom

Nikoh kunining ertasiga (Qo‘qon va atrof tumanlarida to‘ydan uch kun o‘tgandan keyin) ertalab, nonushtadan avval kelinni kuyovning ota-onasi va boshqa yaqinlariga salom qildirish marosimi nomi. Bunda kelin yanga kelinchakni olib chiqib, qaynona-qaynotasi va boshqa yaqinlariga ta’zim bilan salom qildiradi. O‘zbekistonning ayrim joylarida salom deb yuritiladi. Oybekning “Qutlug‘ qon” asaridan olingan ushbu parchada bu odatning Toshkentda qanday o‘tishini bilib olish mumkin: Ertalab, odat bo‘yicha, Nuri to‘r ro‘mol yopinib, beshikdagi boladan to keksalarga qadar – hammaga salom qilar ekan.
© Sputnik / RIA NovostiMolodojeni. Kolxoz "40 let Oktabrya". Surxandarinskaya oblast.
Molodojeni. Kolxoz 40 let Oktabrya. Surxandarinskaya oblast. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 07.06.2023
Molodojeni. Kolxoz "40 let Oktabrya". Surxandarinskaya oblast.

Kelin ko‘rdi/Kelin ko‘rar

Nikoh to‘yining ertasiga (Qo‘qon va atrof tumanlarida to‘ydan uch kun o‘tgandan keyin) kuyovning qarindosh-urug‘lari, qo‘ni-qo‘shnilari ishtirokida o‘tkaziladigan yangi kelinchakni ko‘rish odati nomi. Bu marosimda kelinko‘rdiga kelganlar kelinchakni ko‘rmana – sovg‘a-salom berib ko‘radilar. Kelin buning evaziga yetti bukilib, uch martadan salom qiladi.

Charlar(i)

Nikoh to‘yidan so‘ng kelin yoki kuyov sharafiga xar ikki qudalar uyida o‘tkaziladigan birinchi chaqiriq nomi. Agar kelin to‘ydan keyin o‘z ota-onasinikiga mehmonga chorlansa, kelin charlar/kelin chaqirdi deyilgan. Agar kuyov to‘ydan keyin qaynota-qaynonasinikiga ziyofatga chorlansa, kuyov charlar/kuyov chaqirdi deyiladi. Farg‘ona tomonlarda bu marosim umumiy qilib chaqirindi deb nomlanadi.

Quda charlar

Nikoh to‘yidan biroz vaqt o‘tgach, quda-andalarga beriladigan ziyofat nomi. Quda chaqiriq ham deyiladi. Bu ziyofat marosimiga qudalar bilan birga qudaning qarindoshlari ham taklif qilinadi. Bu marosimga qudalar katta tayyorgarlik ko‘radilar. Ko‘pincha qudalar o‘rtasidagi sovuqchilik quda chaqiriqdan boshlandi.
Bundan oldin nikoh to‘yigacha bo‘ladigan o‘zbekcha urf-odatlar haqida maqola bergandik. Unda qalliq o‘yin, unashar, idish qaytdi va boshqa marosimlar haqida bilib olasiz.
O‘tgan oyda “O‘zbekning o‘z so‘zlari” ruknini boshlagandik. Har hafta materiallarimiz orqali o‘zbek tiliga oid juda qiziq ma’lumotlar bilib olasiz va so‘z boyligingizni oshirasiz. O‘zbek tili bo‘yicha bilimlarimiz boyib boradi.
“Xumpar, xo‘tik, qulun”: uy hayvonlari o‘zbekcha qanday to‘g‘ri ataladi.
Yovvoyi hayvonlar o‘zbekcha qanday atalishini bilasizmi?
Parrandalar o‘zbekcha qanday to‘g‘ri ataladi
Qiziqarli test: ushbu hayvonlar nomini bilasizmi? Bilimingizni sinab ko‘ring
Yakshanba kuni test o‘tkazamiz, bilimingizni sinab ko‘rishingiz mumkin! Telegram-kanalimizga obuna bo‘lib, kuzatib boring.
Yangiliklar lentasi
0