O‘zbekiston prezidentining JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi joriy qilindi

© Sputnik / Vladimir FedorenkoHujjatlar bilan portfel
Hujjatlar bilan portfel
 - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 06.06.2023
Obuna bo‘lish
JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish maxsus vakilning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidentining Jahon savdo tashkiloti (JST) masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi tashkil qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
“O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiyaning yangilangan tarkibi tasdiqlandi.
Qaror bilan prezident Administratsiyasida O‘zbekiston prezidentining Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi tashkil qilindi.
JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish maxsus vakilning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Qarorga ko‘ra:
Adliya vazirligiga ma’muriy islohotlar doirasida milliy qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish funksiyasi yuklandi;
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi markaziy apparatida Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash va savdo muzokaralari departamenti tashkil etildi;
O‘zbekiston Respublikasining Jeneva shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakolatxonasida JST masalalari bo‘yicha birinchi kotib lavozimi kiritildi.
Joriy yil 1-iyuldan JST qoida va meyorlariga muvofiq bo‘lmagan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish taqiqlanadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 1994-yil iyun oyida Tariflar va savdo bo‘yicha Bosh kelishuvda kuzatuvchi maqomini oldi, 1998-yilda esa JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ishchi muzokaralar guruhi tuzildi.
2020 yil iyul oyida O‘zbekiston rasmiylari, JST va qator davlatlar vakillari qariyb 15-yillik tanaffusdan so‘ng ushbu guruhning to‘rtinchi yig‘ilishini onlayn tarzda o‘tkazgan edi.
O‘tgan yilning iyun oyi oxirida O‘zbekiston tomoni va JSTga a’zo davlatlar o‘rtasida tashkilotga a’zo bo‘lish shartlari bo‘yicha muzokaralar boshlangan.
Yangiliklar lentasi
0