Kontrafakt tovarlarni ishlab chiqarganlik uchun jazo yanada kuchaytiriladi

© Sputnik / Ruslan Krivobok / Mediabankka o‘tishKontrafakt tamaki. Arxiv surat
Kontrafakt tamaki. Arxiv surat - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 06.06.2023
Obuna bo‘lish
Qonun loyihasi bilan inson hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni ishlab chiqarganlik va muomalaga kiritganlik uchun jazo choralari yanada kuchaytirilishi taklif etilmoqda.
TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan kontrafakt va iste’molga yaroqsiz tovarlarning muomalasiga chek qo‘yishga qaratilgan — “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qabul qilindi.
Qonun loyihasi bilan inson hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni ishlab chiqarganlik va muomalaga kiritganlik uchun jazo choralari yanada kuchaytirilishi taklif etilmoqda. Xususan, inson sog‘lig‘i va hayotiga xavf soluvchi tovarlarni ishlab chiqarish va sotganlik uchun jazo choralari yanada kuchaytirilmoqda.
Shuningdek, etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarganlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Qayd etilishicha, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlari tomonidan sanitariya normalari va gigiyena qoidalariga rioya etilmaslik inson sog‘lig‘iga ta’sir ko‘rsatishga sabab bo‘lishi mumkin. Qonun loyihasida sanitariya va veterinariya qonunchiligini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun jazo chorasi og‘irlashtirilyapti.
Bundan tashqari, tadbirkorning tovar brendidan noqonuniy foydalangan holda, mahsulot ishlab chiqarib, realizatsiya qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytirilib, tadbirkorlik subyektlarida o‘tkaziladigan tekshirishlar tartibi aniq belgilab berilmoqda.
Deputatlarning qayd etishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, kontrafakt va iste’molga yaroqsiz mahsulotlarning muomalasiga chek qo‘yish hamda ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, aholi salomatligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Majlisda deputatlar tomonidan bir qator taklif va tavsiyalar bildirilib, qonun loyihasi qabul qilindi.
Yangiliklar lentasi
0