Bolalarga yozgi ta’tilda o‘qish uchun 10 ta kitob — kutubxonachi tavsiyasi

© Sputnik / Kirill Kallinikov / Mediabankka o‘tishChtenie
Chtenie - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.06.2023
Obuna bo‘lish
Maktab yoshidagi bolalar asosan sarguzashtlarlarga boy kitoblarga qiziqishadi.
TOShKENT, 1-iyun — Sputnik. O‘quv yili tugab, yozgi ta’til boshlandi. Bu bolalar qiziqarli badiiy adabiyotlarni o‘qib, o‘z dunyo qarashlarini kengaytirishlari uchun ham yaxshi bir fursatdir.
10 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun eng yaxshi kitoblarni qanday tanlash mumkin? Bu borada Respublika bolalar kutubxonasi mutaxassisi Charos Mirxoliqova Sputnik muxbiri bilan o‘z tavsiyalarini o‘rtoqlashdi.
Mutaxassisning fikricha, bolaning yoshiga qarab emas, balki o‘qish darajasiga qarab kitob tanlash zarur. Chunki kitob bolalarga mos kelmasa, u tushunarsiz yoki zerikarli bo‘lib tuyulishi mumkin.

Bolalar uchun top-10 ta kitob:

1.
“Peshonasiga televizor yopishgan bolaning sarguzashtlari” - Xudoyberdi To‘xtaboyevning ushbu asari bir qator jajji qissalardan iborat bo‘lib, qissa qahramonlarining har biri atrofimizdagi bolalardir. Asar bolalarga juda qiziq va ularni zeriktirmaydi.
2.
“Buvamning oshqozonidagi mamlakat” - Qobiljon Shermatovning mazkur asari o‘zining takrorlanmasligi bilan ajralib turadi. Muallif o‘z asari bilan bolalarni kreativ o‘ylashga o‘rgatadi deyish mumkin. Asarni o‘qish orqali yosh o‘quvchining yaxshilik va yomonlik haqidagi fikrlari boyiydi.
3.
“Dahshatli Meshpolvon” - Anvar Obidjonning bu asari bolalar hissiyotlarini boshqara olishiga yordam beradi. Asarni o‘qigan bola bir vaqtning o‘zida kuladi, hayajonlanadi va yig‘lay oladi.
4.
“Koinot javohiri” - Sa’dulla Quronovning mazkur asari bolalarga fizika, astranomiya fanlariga qizishiga yordam beradigan kitob hisoblanadi. Shuningdek, u bolalarni to‘g‘ri qaror qabul qilish, xulosa chiqarishga o‘rgatishi bilan ahamiyatli. Yozuvchining mahorati voqelarni fizik qonuniyatlar asosida juda ishonarli tasvirlaydi. Kitobni bemalol fizika faniga qo‘shimcha adabiyot sifatida o‘qish mumkin.
5.
“Bolalarga muhim narsa haqida” ("Detam o vajnom")- Natalya Remish o‘z kitobida juda muhim mavzuga qo‘l urgan. Bolalar ko‘pincha "noqulay" savollar berishadi: "Nima uchun men bilan do‘st bo‘lishni istashmaydi?", "Nimaga anavi bola yurmaydi?", "Nima uchun bu narsani sotib ololmaymiz?". Muallif bolalarga ularni qiziqtirgan savollarga o‘yin tarzida javob berish haqida hikoya qiladi.
6.
“Kel, do‘st bo‘lamiz! Bolani do‘st orttirishga qanday o‘rgatish mumkin?” - Xilari Pereyra bu kitobni nafaqat do‘stlasha olmayotgan bolalar, balki do‘stlari ko‘p bo‘lganlarga ham atab yozgan. Bola o‘zganing ta’siriga tushib qolmasligi uchun nima qilish kerak? O‘z-o‘zini yengib, muloqot qilishni qanday boshlash mumkin? Barcha javoblar – ana shu kitobda.
7.
“Zumrad shahar parisi” ("Feya izumrudnogo goroda") - Sergey Suxinin tomonidan yozilgan bu asar bolalarni vaqtni to‘g‘ri taqsimlash, undan to‘g‘ri foydalanish va yoshlikni qadriga yetishga o‘rgatadi.
8.
“Ahamiyatga egasan” - Kortni Makavinta va Andrea Vander Playm bu kitobni o‘smir qizlarga atab yozishgan. U yosh qizlarni o‘zini o‘zi hurmat qilish, atrofdagilarning fikriga qaramay mustaqil qarorlar qabul qilishga o‘rgatadi. Mualliflar shaxsiy chegaralarni bolalik davrida o‘rnatish va himoya qilishni bilish kelajakdagi umidsizliklarning oldini olishi mumkin deb hisoblashadi.
9.
“Kumush qashqa” - Artur Konan Doyl mazkur kitob orqali bolalarni tafakkur qilishga, izlanishga, muammolardan cho‘chimasdan ularni yengib o‘tadigan yo‘l albatta borligiga ishontira olgan.
10.
“Tom Soyerning boshdan kechirganlari” - Adib Mark Tven mazkur asarida yosh, o‘ta qiziqqon va sho‘x, chigal, to‘siqlardan ham qiynalmay o‘ta oladigan, og‘ir va murakkab sharoitlarda ham o‘zini tuta biladigan, uddaburon bola Tom Soyer haqida hikoya qiladi. Bu asar bolalarni o‘z fe’l-atvorini to‘g‘ri yo‘naltirish, o‘z qobiliyatlaridan to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatadi.

“Kitoblar boy bilim va o‘yin-kulgilarni taqdim etishi, bolalarning o‘qishga qiziqishi va muhabbatini rivojlantirishga yordam beradi”, - deydi Charos Mirxoliqova.

Maktab yoshidagi bolalar asosan sarguzashtlarlarga boy kitoblarga qiziqadilar. Kitob sotuvchilari shu yoshdagi bolalar qaysi kitoblarni ko‘proq xarid qilishi haqida ma’lumotga ega bo‘lishlari mumkin.
Yangiliklar lentasi
0