Onkologiya - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 21.01.2022
Bu qiziq
Ushbu ruknimizda ilm-fan, inson sog‘ligi, foydali va zararli oziq-ovqatlar, parhez taomlar, shifokorlar maslahati va boshqa barcha uchun qiziqarli ma’lumotlar bor.

Qalliq o‘yin, unashar, idish qaytdi: nikoh to‘yigacha bo‘ladigan o‘zbekcha urf-odatlar

© Sputnik / Vsevolod TarasevichQalliq o‘yin, unashar, idish qaytdi: nikoh to‘yigacha bo‘ladigan o‘zbekcha urf-odatlar
Qalliq o‘yin, unashar, idish qaytdi: nikoh to‘yigacha bo‘ladigan o‘zbekcha urf-odatlar - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 30.05.2023
Obuna bo‘lish
Dunyoda o‘zbekdek to‘ysevar xalq kam topilsa kerak. Yillab yemay-ichmay yig‘ganini dangal sarf etadigan ham shu o‘zbek bo‘lsa bordir.
O‘zining bolajonligiyu farzandsevarligi o‘zi yaxshi bilgan, shekilli, “To‘ydan chiqib uyga kir, uydan chiqib to‘yga kir” kabi naqllarni ijod qilgan. Navbatdagi turkum maqolalarimizda nikoh to‘yi bilan bog‘liq marosimlar haqida suhbatlashamiz. Kunda yo kunora eshitib yuradigan marosim nomlarining ma’nolari to‘g‘risida fikrlashamiz.

Nikoh to‘yigacha bo‘ladigan marosimlar va ularning nomlari

Beshikkertti

O‘zaro yaqin munosabatda bo‘lgan ota-onalar bolalarini beshikdaligidayoq unashtirib qo‘yish odati nomi. O‘g‘il ko‘rgan kishi qizaloq beshigining biror joyini pichog‘i bilan ozgina kertib-kesib qo‘ygani uchun beshikkertti deyilgan. M.Jo‘rayevning yozishicha, Qashqadaryo viloyati hududida istiqomat qilgan o‘zbek-qarluqlar shevasida bu udum “beshikkarda” deyiladi. Beshikni kertish qizaloqning “egalik bo‘lganligi”ni bildirgan. Bunday unashtirish odati ko‘pincha o‘zaro yaqin munosabatdagi oilalar o‘rtasida bo‘ladi. Farzandlar katta bo‘lib, voyaga yetgach, bu odatga amal qilib oila quradilar. Ayrim holatlarda yigit boshqa qizni xohlasa yoki qizning ko‘ngli boshqa yigitda bo‘lsa, beshikkerttiga amal qilmasligi ham mumkin.

Etak yirtish/Etak bog‘lash

O‘g‘il va qiz bolani chaqaloqligida ularning onalari tomonidan bir-biriga atab qo‘yish odati nomi. A.Jo‘raboyevning ma’lumotiga ko‘ra, Andijonda biror qizchani kelin qilmoqchi bo‘lgan ayol qizaloq kiygan ko‘ylakning etagini ozroq yirtib qo‘ygan. Dehqonobodda ham ikki go‘dakni bir tog‘oraga o‘tqazib qo‘yib orqa etaklarini birga qo‘shib yirtib qo‘yishgan. O‘zbekistonning boshqa joylarida shunga o‘xshash marosim etak bog‘lash deb yuritiladi. G.Toshevaning yozishicha, Qashqadaryo viloyatida ikkala go‘dak kuylagining orqa etaklari birlashtirilib, uchi tugilgan va ana shu tugunni ota-onalar bolalar balog‘atga yetguniga qadar saqlaganlar. Quyidagi xalq qo‘shig‘i quloq tishlatar va etak yirtarodatlari haqida: Qora qoshli qora qizdan Quloq tishlab, qarz bo‘lding. Shugina xushro‘y qizdan Etak yirtib, qarz bo‘lding. Qarzingni bermasang-a, Guvohi bor, bolam-a! Buni bo‘yin olmasang, Gunohi bor, bolam-a!

Quloq tishlatar

O‘zaro yaqin oilalar kelajakda quda-anda bo‘lib yanada yaqinlashib ketish maqsadida yosh o‘g‘il bolaga o‘sha yaqin xonadon qizining qulog‘ini tishlatib qo‘yish odati nomi. Xalqimiz bu odatni dastlabki unashtiruv sifatida qadrlagan. Shuning uchun yigit va qizning ota-onalari bir-birilariga haqiqiy qudalardek munosabat ko‘rsatganlar. To‘y va boshqa marosimlarga doimiy bir-birlarini taklif etib turganlar.Milliy urf-odatlarga ko‘ra, yoshligida nomi aytilib unashtirib qo‘yilgan yigit yoki qiz nomgo‘y deyilgan. Bu odatlarning juda qadim zamonlardan buyonborligini xalq dostonlaridan bilib olsa bo‘ladi. Masalan: Nomgo‘yimiz o‘tganda, uyalibgina qolar edik, bemahal chog‘larda kelganda, to‘rdagi eshikni ochib, ichkariga kirib olar edik. “Gulixiromon”.

Og‘iz bog‘lar

Kelinlikka tanlangan qiz va ota-onasining roziligini olish maqsadida o‘tkaziladigan unashtirishdan oldingi marosim nomi. Bu marosimda asosiy gap ota-onasining roziligini olishda.

Qiz ko‘rar

Kuyov tarafning kelin qilinmoqchi bo‘lgan qizning husnini, kuyovga mos yoki mos emasligini bilish maqsadida sovchi jo‘natib qizni ko‘rish marosimi nomi.

Uy ko‘rar

Bo‘lajak kelin qarindoshlarining kuyov bo‘lmish yigitning uy-joyi, xonadoni bilan tanishishi marosimi nomi. Bu marosim, odatda, unashtirishdan oldin o‘tkaziladi. Kelin tarafdan kelganlar mehmonnavozlik asnosida kuyov tomonning hovli-o‘chog‘ini, uy tutishini bildirmay ko‘zdan kechirib oladilar.

Unashar/Bo‘lishar

Yigit va qiz unashtirilishi munosabati bilan kelin xonadonida bo‘lajak qudalar ishtirokida o‘tkaziladigan kichik to‘y nomi.Bo‘lishardeyilishiga yigit va qizni o‘nashtirishga rozi bo‘linganligi sabab bo‘lgan. Andijonda bu marosim bo‘ldi-bo‘ldi deyiladi. Toshkentda fotihadeyiladi. Fotiha qilingandan keyingina qizga sovchi kelishi to‘xtaydi. Fotihani buzish esa yaxshilik alomati sanalmagan, shu bois “Fotiha – yarim nikoh” naqli paydo bo‘lgan. P.Qodirovning “Yulduzli tunlar” asaridan olingan ushbu misolda fotihaning muqaddasligi ta’kidlangan: Musulmon bo‘lsalaring, qizimga tegmanglar! Birovning omonati! Birovga fotiha bo‘lgan.

Non sindirish/Nonushatish

Qiz va yigitni unashtirishga rozilik berilganligini bildiradigan marosim nomi. Ayrim joylarda patir ushatish ham deyiladi. Bu marosimda kuyov taraf olib kelgan nonlardan ikkitasini qiz tarafdan bir kishi ustma-ust qo‘yib, teng o‘rtasidan bo‘ladi va yoshlar baxtli bo‘lsin degan niyat qilib taqsimlanadi. Non sindirilgandan so‘ng to‘y bilan bog‘liq tadbirlar maslahatlashiladi. O‘zbekiston, Beshariq tumanlarida kuyov tomon yuborgan shirinlik miyanji deyiladi.

To‘y berar/To‘y yuborar

Unashtirishdan keyin kelin tomonga kuyov tarafdan 4-5 ta vakil to‘y kuni ketadigan masalliqlarni, kelinlik seplarni, qudalarga kiyimliklarni olib kelish marosimi nomi. Bu marosimda to‘y tadbirlari qudalar ishtirokida kelishib olinadi. Odatga ko‘ra, qudalar ketar vaqti kuyov taraf vakillariga kelin tarafdan sarpolar ulashiladi. Bu marosim orqali bo‘lajak qudalar o‘z oldilaridagi ma’naviy mas’uliyatni ham anglab oladilar.

Idish qaytdi

Qiz unashtirishda kuyov tomondan yuborilgan dasturxonga qaytarilgan dasturxon va uni kutib olish marosimi nomi. Yoki kelin tomon ayollarining fotiha kuni kuyov tarafdan sovg‘a-salom kelgan idishlarni sarpo va boshqa sovg‘alar bilan kuyovning uyiga olib borishi.Surxondaryoda bu marosim kuyov kelinni nikoh bazmiga olib ketayotganda o‘tkaziladi. Bu marosimda kelin tarafdan kuyovga to‘n, do‘ppi, belbog‘, qo‘yning soni, kuyov tomon to‘yga bergan nonlardan bir juftdan va hokazo yeguliklardan beriladi. “Idish qaytdi” deyilishiga qiz unashtirishda kuyov tomondan kelinlik uyga yuborilgan savat va dastruxonlarni noz-ne’matlar bilan qaytarilishi sabab bo‘lgan. Andijonda bunga o‘xshash odat“quda quvdi”, Xo‘jaobod tumanida “savat qaytardi” deyiladi. M.Jo‘rayevning yozishicha, qiz tomonning fotiha to‘yiga kelgan qudalar bilan birga yoki ularning orqasidan javob tariqasida kuyovnikiga kelishi bu odatning “quda quvdi” deb nomlanishiga sabab bo‘lgan.

Bo‘g‘cha ochar

Fotiha to‘yi kuni kuyov tomondan yuborilgan bo‘g‘chani ochish udumi nomi. Bo‘g‘chada kiyim-kechak, ro‘mol, kiyimlik matolardan tashqari, shirinlik, taqinchoq bo‘lgan va kelin-kuyov serfarzand, rizq-nasibali bo‘lsin degan niyatda bir siqim bug‘doy ham solingan. Bu odat Surxon vohasida o‘tkaziladi. Udumga ko‘ra, bo‘g‘chani bir nikohli, bola-chaqali ayol ochgan. Bo‘g‘cha ochilayotganda marosimda qatnashayotgan momolardan biri: Yigit munchoq bo‘yningda, Yigit yoring qo‘yningda, Bo‘g‘chadagi ro‘molni, O‘rab chiqqin to‘yingda. Yeganingiz uzum bo‘lsin, Umrginang uzun bo‘lsin, Yuborgani taroq bo‘lsin, Topgani chaqaloq bo‘lsin. Hurli bo‘lsin, hurli bo‘lsin, Boychechakday gulli bo‘lsin, Kelar yili shu mahal, Qo‘sh kokil o‘g‘illi bo‘lsin, - deb qo‘shiq aytib turgan.

Qalliq o‘ynash/Qalliq o‘yin

Unashilgan qiz-yigitning nikohgacha maxfiy uchrashib yurish odati. Mazkur odat shariatga xilof sanalgani uchun sekin-asta urfdan qolmoqda. Olimlar bu odatni janubiy viloyatlarda qayd etgan.

Sabzi to‘g‘rar

Nahorgi oshdan bir kun oldin to‘yxonada mahalla-ko‘y, qarindosh-urug‘ va kuyovjo‘ralar yig‘ilib, osh sabzisini to‘g‘rab qo‘yishdan iborat marosim nomi. Ayrim joylarda bu marosim cabzi archar, sabzi qalam deb yuritiladi. Qo‘qon va atrof tumanlarida sabzi to‘g‘rab bo‘lingandan keyin shavla yediriladi.

Qiz oshi

Nikoh to‘yidan bir kun oldin kelinnikida qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ va dugonalar ishtirokida o‘tkaziladigan marosim nomi. Bu marosimni ba’zi joylarda qiz o‘yin ham deyishadi. Bu marosimga asosan qiz-juvonlar taklif qilinadi. Keyingi paytlarda ayrim hududlarda bu marosimga kelinga sinfdosh yigitlar ham kelishi, san’atkorlar ishtirokida kichik bazm o‘tkazilishi urfga kirmoqda.
“O‘zbekning o‘z so‘zlari” ruknini boshladik, har hafta o‘zbek tiliga oid juda qiziq ma’lumotlar bilib olasiz va so‘z boyligingizni oshirasiz. O‘zbek tili bo‘yicha bilimlarimiz boyib boradi.
“Xumpar, xo‘tik, qulun”: uy hayvonlari o‘zbekcha qanday to‘g‘ri ataladi.
Yovvoyi hayvonlar o‘zbekcha qanday atalishini bilasizmi?
Parrandalar o‘zbekcha qanday to‘g‘ri ataladi
Qiziqarli test: ushbu hayvonlar nomini bilasizmi? Bilimingizni sinab ko‘ring
Yakshanba kuni test o‘tkazamiz, bilimingizni sinab ko‘rishingiz mumkin! Telegram-kanalimizga obuna bo‘lib, kuzatib boring.
Yangiliklar lentasi
0