Jarimalarni to‘lashda fuqarolarga yengilliklar beriladi

© Sputnik / Zafar XalilovSum
Sum - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 16.05.2023
Obuna bo‘lish
Majburiy ijro burosi nomidan ma’muriy jazo qo‘llashga vakolatli bo‘lgan mansabdor shaxslar doirasi aniq belgilanadi.
TOShKENT, 16-may — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Ma’muriy jarimalarni ijro etish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi.
“Milliy tiklanish demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida ta’kidlanishicha, amaliyotda Majburiy ijro burosi (MIB) tomonidan qo‘llaniladigan ma’muriy jarima miqdori undirilishi lozim bo‘lgan summaga nisbatan nomutanosib ravishda bir necha karra yuqori belgilash holatlari kuzatilmoqda. Masalan, undirilishi lozim bo‘lgan qarzdorlik 150 ming so‘m bo‘lsa-da, o‘z vaqtida to‘lanmaganligi uchun shaxs Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasi bilan 300 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha jarimaga tortilishi mumkin.
“Mazkur qonun loyihasi bilan Majburiy ijro burosi tomonidan qo‘llaniladigan ma’muriy jarimaning miqdori ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan yuqori bo‘lishi mumkin emasligi, Majburiy ijro burosi nomidan ma’muriy jazo qo‘llashga vakolatli bo‘lgan mansabdor shaxslar doirasi aniq belgilanmoqda”, - deyiladi quyi palata xabarida.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga, jarimalarni to‘lashda fuqarolarga yengilliklar berilishiga, MIB tizimida nazorat kuchaytirilishiga va suiiste’molchiliklarning oldi olinishiga xizmat qiladi.
Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari bu yangiliklarni xalq anchadan buyon kutayotganini inobatga olib, qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi.
Yangiliklar lentasi
0