O‘zbekiston rus tilidagi she’riy marafonda ishtirok etadi
© Sputnik / Vladimir Astapkovich / Mediabankka o‘tishPamatnik A. S. Pushkinu raboti E. F. Belashovoy na Pushkinskix Gorax
© Sputnik / Vladimir Astapkovich
/ Obuna bo‘lish
Marafonda dunyoning ellikdan ortiq davlatidan o‘quvchi va talabalar, universitet professor va o‘qituvchilari, madaniyat arboblari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etadi.
TOShKENT, 15-may — Sputnik. O‘zbekistonda 24-may – Slavan yozuvi va madaniyati kunida Moskvada boshlanadigan “Sevimli shoir she’rlari – ikki haftada dunyo bo‘ylab” xalqaro she’riy marafoni keng qo‘llab-quvvatlandi. Aksiya MDH davlatlarida millatlararo muloqot tili sifatida Rus tili yilida o‘tkaziladi.
Marafonda dunyoning ellikdan ortiq davlatidan o‘quvchi va talabalar, universitet professor va o‘qituvchilari, madaniyat arboblari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etadi.
Unda she’riyatning barcha ixlosmandlari ishtirok etishi mumkin: shunchaki sevimli she’rni tanlash va uni rus madaniyati bilan bog‘liq diqqatga sazovor joylar yoki yodgorliklar fonida ilhom bilan o‘qish talab etiladi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi kafedra mudiri, professor Mirzohid Rahimovning ta’kidlashicha, bunday aksiyalar mamlakatlarni ruhlantiradi va yaqinlashtiradi, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik, o‘zaro hurmat muhimligini eslatadi.
“Umumiy tarix nafaqat birlashtiradi, balki madaniyatlararo o‘zaro ta’sirning yangi usullarini doimiy ravishda izlashni ham talab qiladi”, - dedi u.
Gumanitar va ma’rifiy maqsadlarda o‘tkazilayotgan aksiyaning asoschisi Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy ta’lim vazirligi, tashkilotchisi esa Patris Lumumba nomidagi Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti qoshidagi Rus tili instituti hisoblanadi.
“Biz uchun bu nafaqat dunyoga boy she’riy merosimizni ko‘rsatish, balki gumanitar xalqaro hamkorlikni saqlab qolish va rivojlantirish bilan birga rus tilining yaqin va uzoq xorijdagi mavqeyini mustahkamlash uchun ham ajoyib imkoniyatdir”, - dedi Rus tili instituti direktori Anjela Viktorovna Doljikova.
Rossiyalik jurnalist Nataliya Metlina aksiyadagi ishtirokini sharhlar ekan, u nafaqat teleboshlovchi, balki ma’lumoti bo‘yicha filolog ham ekanligini aytdi.
“Adabiyot, she’riyat, rus tili men uchun yaqin, sevimli va aziz mavzu. Axmatovaning sevimli she’rini keng auditoriyaga o‘qish alohida zavq bag‘ishlaydi”, - dedi u.
Aksiya onlayn tarzda o‘tkaziladi. Tashkilotchilar ishtirokchilardan asosiy talablarga rioya qilgan holda 24-maydan 6-iyungacha Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti qoshidagi Rus tili institutining VKontakte sahifasida efirga uzatiladigan gorizontal videoni kutishmoqda.
Ishtirokchilarga ochiq ovoz berilishi kutilmoqda va g‘oliblar nomi 6-iyun, Rus tili kunida e’lon qilinadi.