Malakali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha yangi dastur amalga oshiriladi
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Dasturga 2023-2024 yillarda jami 1 milliard dollar ajratiladi. Dasturda ishtirok etadigan tadbirkorlarga soliqlardan alohida imtiyozlar beriladi.
TOShKENT, 15-may — Sputnik. 1 iyundan boshlab “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash ishlarini yangi pog‘onaga olib chiqish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Prezident aholi bandligini ta’minlash va malakali mutaxassislar tayyorlash samaradorligini oshirish maqsadida tadbirkorlikka yanada keng imkoniyatlar yaratish va moliyaviy rag‘batlar taqdim etish zarurligini qayd etdi.
Shu maqsadda 1-iyundan boshlab “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshiriladi.
Dasturga 2023-2024 yillarda jami 1 milliard dollar ajratiladi.
Bu mablag‘lar hisobidan:
kambag‘al oilalar a’zosini kasbga o‘qitib, ishli qilish bo‘yicha loyiha ahamiyatiga qarab, amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit beriladi;
tadbirkorning “amaliy monomarkaz” tashkil qilish va jihozlash hamda kasbga o‘qitish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.
Dasturda ishtirok etadigan tadbirkorlarga soliqlardan alohida imtiyozlar beriladi. Jumladan:
kamida 20 foiz kambag‘al oila a’zosini bir yil davomida ish bilan ta’minlasa, mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilinadi;
kambag‘al oila a’zosi daromad solig‘idan ozod qilinadi;
5 million so‘mgacha ish haqi to‘layotgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq stavkasi 2 baravarga kamaytiriladi.
Shuningdek, dasturda qatnashadigan tadbirkorlar soliq va bojxona ma’murchiligida yengilliklar oladi.
Xususan:
ular faoliyatida soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi;
ularga qo‘shilgan qiymat solig‘i, shuningdek, ortiqcha to‘langan soliqlar tekshiruvsiz qaytarib beriladi;
qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha guvohnoma muddatidan ilgari bekor qilinmaydi;
barcha soliqlardan qarzdorlikni bir yilgacha kechiktirib to‘lash imkoni beriladi;
bojxona to‘lovlarini sug‘urta kafolatisiz olti oyga bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Shuningdek, dasturda ishtirok etayotgan tadbirkorlarga bojxona rasmiylashtiruvi paytida “yashil yo‘lak” tartibi qo‘llaniladi.
Dasturga kirgan tadbirkorlarga infratuzilma, yer va bino-inshootlar bilan ta’minlashda qo‘shimcha yengilliklar beriladi:
yer, bino-inshootlarni auksion orqali xususiylashtirishda bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi;
qiymati 50 milliard so‘mdan yuqori loyihalar bo‘yicha infratuzilma xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.
Soliq va bojxona imtiyozlari to‘liq berilishini, arzon kreditlar o‘z vaqtida ajratilishini ta’minlamagan rahbarlarga javobgarlik choralari ko‘rib boriladi.
Davlat rahbari ushbu tizim bir martalik ish emas, davomli jarayon bo‘lishi zarurligini qayd etdi.
Vazirlar Mahkamasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, Iqtisodiyot va moliya vazirliklariga joylarga chiqib, tadbirkorlar ko‘targan muammo va takliflarni o‘rganish va ularga ko‘maklashish topshirildi.
Mutasaddilar oldiga yil yakuniga qadar ushbu yangi tizim asosida 550 ming aholini o‘qitib, kambag‘allikdan chiqarish choralarini ko‘rish vazifasi qo‘yildi.