“Nukus voqealari”da ayblangan ikki sudlanuvchiga sirtdan hukm o‘qildi

© Depositphotos / AndreyPopovMolotok i naruchniki na stole u sudi
Molotok i naruchniki na stole u sudi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 10.05.2023
Obuna bo‘lish
"Alg‘a Qaraqalpaqstan" partiyasi yetakchisi Amanbay Sagidullayev va Qozog‘istondagi qoraqalpoq diasporasi vakili Niyetbay Urazbayev sirtdan mos ravishda 18 va 12-yilga ozodlikdan mahrum etildi.
TOShKENT, 10-may — Sputnik. 10 may kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudlanuvchilar Amanbay Sagidullayev va Niyetbay Urazbayevga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayonini yakunladi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi axborot xizmati xabar bermoqda
Sudlanuvchilar O‘zbekiston hududidan tashqarida bo‘lgani va ularni sudga keltirish imkoni yo‘qligi bois jinoyat ishi bo‘yicha sud muhokamasi Sagidullayev (1967 yilda tug‘ilgan, Alg‘a Qaraqalpaqstan" partiyasi yetakchisi, Norvegiyada yashaydi) va Urazbayevning (1969 yilda tug‘ilgan, Qozog‘istondagi qoraqalpoq diasporasi vakili, Qozog‘istonda yashaydi) ishtirokisiz o‘tkazilgan.
E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra:
Amanbay Sagidullayev Jinoyat kodeksining:
158-moddasi (O‘zbekiston prezidentiga tajovuz qilish) 3-qismi;
159-moddasi (O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 1-qismi, 4-qismi;
244-moddasi (Ommaviy tartibsizliklar) 3-qismi;
244−1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi "a", "g" bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 59-moddasi (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) 3-qismi tartibida 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Mahkum jazoning dastlabki 2-yilini turmada, qolgan qismini umumiy tartibli koloniyada o‘tashi kerak.
Niyetbay Urazbayev JKning:
159-moddasi 4-qismi;
244-moddasi 3-qismi;
244−1-moddasi 3-qismi "a", "g" bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 59-moddasi 3-qismi tartibida 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.
Shuningdek, sudlanuvchilarning aybidan Jinoyat kodeksining 28,104-moddasi 3-qismi "a" bandi (Bu xarakatlar JKning 244-moddasi 3-qismi bilan qamrab olingani sababli) chiqarildi.
Bundan tashqari, sud hukmi bilan internet tarmog‘idagi A. Sagidullayevga tegishli sahifalar, kanallar bloklanishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida ommaviy tartibsizliklar bo‘lib o‘tgan edi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, namoyishlar vaqtida 19 nafar kishi qurbon bo‘lgan. Nukus voqealari bo‘yicha ikkita alohida sud majlisi yakunlariga ko‘ra 22 nafar va 39 nafar sudlanuvchiga jazo tayinlangan.
Yangiliklar lentasi
0