Milliy gvardiyaga bir qator vakolatlar berilmoqda

© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovSotrudnik Natsionalnoy gvardii i DPS na postu
Sotrudnik Natsionalnoy gvardii i DPS na postu - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 03.05.2023
Obuna bo‘lish
Milliy gvardiyaga ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha bayonnoma tuzish vakolati berilmoqda.
TOShKENT, 3-may — Sputnik. O‘zbekiston Milliy gvardiyasiga bir qator vakolatlar berilmoqda. Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalar qo‘mitasi majlisida “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risi”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanishicha, Milliy gvardiyaga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzish va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga doir ayrim vakolatlarni berish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Milliy gvardiya organlari tomonidan jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar natijasida noqonuniy saqlangan 44 ta pnevmatik va ov quroli, 3 202 dona o‘q-dori olib qo‘yilgan.
Fuqaroviy va xizmat quroli sifatida muomalada bo‘lishi taqiqlangan 1000 dan ortiq kastet, bita, pichoq va boshqa o‘tkir tig‘li buyumlarni olib yurgan 960 nafar fuqaro aniqlanib, tegishli chora ko‘rish uchun ichki ishlar organlari xodimlariga topshirilgan.
Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va xodimlariga yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ish yuritish (bayonnoma tuzish) vakolati berilmaganligi sababli yuqorida qayd etilgan holatlar bo‘yicha to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlarga hal etish uchun yuborilgan. Bu o‘z navbatida ortiqcha hujjat aylanishi va, eng asosiysi, fuqarolarning sarson bo‘lishiga olib kelgan.
Shu munosabat bilan prezidentning 2021-yil 29-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–27-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqilgan.
“Mazkur Qonun bilan Milliy gvardiya organlarining xodimlariga mayda bezorilik, quroldan belgilangan tartibni buzgan holda foydalanish, sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurishga oid ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqish, bayonnomalar tuzish va ularni ko‘rib chiqish uchun sudga yuborish yuzasidan qo‘shimcha vakolatlar berish nazarda tutilmoqda”, - deyilgan xabarda.
Qolaversa, bu kabi vakolatlar voyaga yetmagan shaxsni ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishga, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish, jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish, tilanchilik qilish hamda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish holatlarida ham amalga oshiriladi.
Bunda mazkur toifadagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati ichki ishlar organlarida ham saqlanib, huquqbuzarlik Milliy gvardiya xodimlari tomonidan aniqlangan taqdirda ularga jarima jazosini qo‘llash huquqi berilmoqda.
Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishda qonuniylikni ta’minlash va asossiz javobgarlikka tortish holatlarining oldini olish maqsadida Milliy gvardiya organlari nomidan qonunda ko‘rsatilgan boshqarma (bo‘lim) boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni qo‘rib chiqishga va jarima jazosini qo‘llashga haqli ekanligi belgilanmoqda.
Majlis so‘nggida Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Yangiliklar lentasi
0