O‘zbekiston va Qozog‘iston charm-poyabzal sohasida yangi loyihalarni boshlamoqchi
© UzcharmsanoatV assotsiatsii "Uzcharmsanoat" proshla vstrecha s delegatsiyey iz Kazaxstana vo glave s ministrom industrii i infrastrukturnogo razvitiya Maratom Karabayevim
© Uzcharmsanoat
Obuna bo‘lish
Qozog‘iston yangi qo‘shma korxonalarni qurish va ishga tushirish uchun imtiyozli davr bilan 7-yil muddatga yillik 3 foizli kredit mablag‘larini ajratmoqchi.
TOShKENT, 28 apr — Sputnik. O‘zbekiston va Qozog‘iston charm-poyabzal sohasidagi hamkorlikning qator yo‘nalishlarini belgilab oldi, deya xabar berdi “O‘zcharmsanoat” uyushmasi.
“O‘zcharmsanoat” uyushmasida Qozog‘istonning sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vaziri Marat Karaboyev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tashrifdan ko‘zlangan maqsad charm-poyabzal sohasidagi mavjud yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish va hamkorlikda yangi loyihalarni ishlab chiqishdan iborat.
Muloqotda tomonlar ikki mamlakat korxonalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qilishdi. Ta’kidlanishicha, loyihalar, birinchi navbatda, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va ishlab chiqarishning to‘liq zanjirini ta’minlashga yo‘naltiriladi.
“Ushbu maqsadlar uchun Qozog‘iston yangi qo‘shma korxonalarni qurish va ishga tushirish uchun milliy valyuta tengeda imtiyozli davr bilan 7-yil muddatga yillik 3 foizli kredit mablag‘larini ajratishga tayyorligini ma’lum qildi”, - deyiladi xabarda.
Tomonlar O‘zbekistondan Qozog‘istonga poyabzal yetkazib berish hajmini ko‘paytirish imkoniyatlarini ham muhokama qilishdi.
“Birgina o‘tgan yilning o‘zida mamlakatdan qo‘shni respublikaga 28 million dollarlik poyabzal yetkazib berildi. Bu taxminan 7,8 million juft poyabzal degani. Oldindagi reja bu raqamlarni yanada oshirish”, - deyiladi xabarda.
Qozog‘iston sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vaziri qo‘shni respublikada yetarlicha katta xomashyo bazasiga ega bo‘lishiga qaramasdan, bugungi kunda yirik va mayda shoxli qoramol terisi, shuningdek, junni qayta ishlash uchun zarur quvvatlar yetarli emasligini ta’kidladi.
Shu tariqa, Qozog‘istondan olingan xomashoni O‘zbekiston korxonalarida chuqur qayta ishlab, undan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlarni hamkorlikda ishlab chiqarish taklif etilmoqda.
Bu borada mamlakatda salmoqli tajriba to‘plangan:
O‘zbekistonda 60 ga yaqin terini qayta ishlash korxonasi mavjud;
Mamlakatda yiliga 2 milliard kv.dmdan ortiq charm ishlab chiqariladi;
Yiliga 500 ming tonnadan ortiq jun qayta ishlanadi.
Bu ko‘rsatkichlarni Qozog‘istondan keltirilgan xomashyo hisobiga yanada oshirish imkoniyati mavjud. Qo‘shma loyihalarda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan. Mahsulotlar hamkorlikda MDH davlatlari va Yevropaga eksport qilinadi.