Koronavirus o‘pkada qanday asoratlar qoldirmoqda?
10:30 24.04.2023 (yangilandi: 10:37 24.04.2023)
© Depositphotos / SurabkyProbirka s nadpisyu Covid-19 v rukax cheloveka v zashitnom kostume
© Depositphotos / Surabky
Obuna bo‘lish
Ta’kidlanishicha, koronavirusli pnevmoniyaga chalingan bemorlarda tegishli muolajalardan so‘ng o‘pkada chandiqlar hosil bo‘lib, bu, vaqt o‘tishi bilan nafas olish samaradorligi pasayishiga olib keldi.
TOShKENT, 24 apr — Sputnik. Koronavirus o‘pkada qanday asoratlar qoldirmoqda? Ushbu savolga Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Nargiza Parpiyeva javob berdi.
“Pandemiya boshlangandan buyon COVID-19 juda ko‘p bor mutatsiyaga uchradi. Avvaliga koronavirusning o‘zi insonlar hayotiga katta xavf tug‘dirgan bo‘lsa, keyinroq uning og‘ir asoratlar keltirib chiqarishi ma’lum bo‘ldi. Shundan eng keng tarqalgani — o‘pka fibrozi”, - deydi shifokor.
Ta’kidlanishicha, koronavirusli pnevmoniyaga chalingan bemorlarda tegishli muolajalardan so‘ng o‘pkada chandiqlar hosil bo‘lib, bu, vaqt o‘tishi bilan nafas olish samaradorligi pasayishiga olib keldi.
Pandemiyaning ilk yillarida SOVID-19 ga chalingan bemorlarning taxminan 20-25 foizida pnevmoniya rivojlangan bo‘lsa, “delta” shtammi dominant versiyaga aylangach, bu ko‘rsatkich yanada ortdi. Eng yomoni, o‘sha yillarda o‘lim ko‘rsatkichlari keskin ko‘paydi. Muolaja olib, to‘liq sog‘ayganlarda ham asoratlar qoldi. O‘pkadagi yallig‘lanish o‘rnida chandiqlar paydo bo‘ldi.
Qayd etilishicha, fibroz tufayli sog‘lom o‘pka to‘qimalari o‘z xususiyatini yo‘qotadi. Oqibatda alveolalar (o‘pkadagi gaz almashinuvi uchun mas’ul pufakchalar) kislorodni o‘zlashtira olmaydi va nafas olish funksiyasi buziladi. Agar tegishli muolajalar amalga oshirilmasa, o‘pka fibrozi asta-sekin qator asoratlarni yuzaga keltiradi.
Jumladan, bemor hansirash va havo yetishmasligi, surunkali yo‘taldan aziyat chekadi. O‘pka, yurak yetishmovchiligi paydo bo‘lishi mumkin. Miyaning kislorodga to‘yinmasligi esa ruhiy holat va ong o‘zgarishiga olib keladi.
Kuzatuvlarga ko‘ra, “omikron”ning VA.2 turida ham “delta” shtammiga xos xususiyatlar qisman namoyon bo‘ldi. Ya’ni, mazkur subvariant yuqori nafas yo‘llarigagina emas, balki insonning nozik a’zosi — o‘pkasiga “zarba” berdi.
JSST tomonidan bu yil COVID-19 pandemiyasi bekor qilinishi kutilmoqda. Ammo bu odamlar endi koronavirusga chalinmasligini anglatmaydi. Faqat infeksiyani yuqtirish ko‘rsatkichlari keskin kamayib, o‘sish dinamikasi qayd etilmacligi mumkin. Shu bois, kasallikning oldini olish uchun virusga qarshi to‘liq bosqichda hamda buster dozada emlanish lozim.