Aprel oxirida bozorlarda tarvuzning birinchi hosili sotuvga chiqishi kutilmoqda

© SputnikArbuzi i dini
Arbuzi i dini - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 20.04.2023
Obuna bo‘lish
Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumani dehqonlari tomonidan issiqxonada yetishtirilgan tarvuzlar aprel oyining so‘nggi kunlarida ichki bozorga yetkazib beriladi.
TOShKENT, 20 apr — Sputnik. O‘zbekiston bozorlarida aprel oyi oxirida tarvuzning birinchi hosili olinishi kutilmoqda. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumani dehqonlari issiqxonada yetishtirilgan tarvuzlarni aprel oyining so‘nggi kunlarida ichki bozorga yetkazib berishadi.
Mazkur hududda mahalliy fermerlar tarvuz yetishtirishning besh-olti xil usulini o‘zlashtirgan. Turiga (erta yoki kech), shuningdek, tuproq sharoitiga va sug‘orish imkoniyatlariga qarab, turli xil ekish usullari qo‘llaniladi. Xususan, “Usmon ota” fermer xo‘jaligiga qarashli 48 gektar lalmi yerning 3 gektariga issiqxonada ilk bor tarvuzning erta navlari ekildi.
Bu yangi turdagi ekish o‘tgan yili 15 gektar maydonda sinovdan o‘tkazilgan. Shu bois bu yil fermer xo‘jaligida 3 gektar maydondagi issiqxonada yer osti manbalaridan sug‘orish yo‘li bilan ertapishar tarvuz yetishtirilmoqda.
Fermer xo‘jaligi rahbari Shokir Xurramovning aytishicha, kelgusi yilda fermerlar yanada kengroq maydonga tarvuz ekib, bahorda mahsulot jo‘natishni yo‘lga qo‘ymoqchi.
“Bu issiqxonadagi tarvuzlar odatda aprel boshida meva bera boshlagan. Bu davrda hasharotlar va asalarilar deyarli yo‘q. Shuning uchun biz changlatishni qo‘lda amalga oshirdik va bu usul o‘zini oqladi. Issiqxonamizda gektaridan 20 tonnadan ortiq hosil olish niyatidamiz. Tarvuzni hech qanday kimoviy vositadan foydalanmasdan parvarish qilamiz, - deydi fermer Solih Radjabov.
Yaqin kunlarda dehqonlar bozorlarda tarvuz sotishni yo‘lga qo‘yadi.
O‘tgan yili Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga 300 tonna tarvuz eksport qilingan. Bu yil esa bu ko‘rsatkichlarni ikki barobarga oshirish niyatida. Yaqin 2-3 yil ichida eksport hajmini 10 barobar oshirish maqsad qilingan.
Yangiliklar lentasi
0