O‘zbekistonda yetarlicha shakar mahsuloti mavjud – Raqobat qo‘mitasi

© Sputnik / Pavel Lisisin / Mediabankka o‘tishSaxar
Saxar - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 19.04.2023
Obuna bo‘lish
Yillik shakar ishlab chiqarish 600 ming tonnadan 1 mln tonnagacha oshishi kutilmoqda.
TOShKENT, 19 apr — Sputnik. O‘zbekiston aholisining yillik ehtiyojini barqaror ta’minlash uchun zarur darajada shakar mahsuloti mavjud. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, shakar mahsulotini ishlab chiqaruvchi va realizatsiya qiluvchi mahalliy tadbirkorlarning 2023-yildagi faoliyatida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha hukumat tomonidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Bugungi kunda mahalliy shakar zavodlari shakar xomashosini jahon birja kotirovkalariga nisbatan arzon narxlarda Braziliya davlatidan xarid qilishmoqda.
Xususan, 15-aprel holatiga mazkur zavodlarda 357 ming tonna shakar mahsuloti resurslari mavjud hamda arzon narxlarda xomashyo yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli shartnomalar imzolangan. Shundan, omborda 8 ming tonna tayyor shakar va 78 ming tonna xomashyo, iyun oyiga qadar 271 ming tonna xomashyo yetkazib beriladi.
Shuningdek, ichki bozorni shakar mahsuloti bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda va birinchi bosqichida (joriy yil 1-mayga qadar) shakar ishlab chiqarish quvvatlarini o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga oshirilishi, natijada sutkasiga 2,5 ming tonnagacha shakar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Bunda yillik shakar ishlab chiqarish 600 ming tonnadan 1 mln tonnagacha oshishi kutilmoqda.

Shuningdek, respublika aholisini yetarli miqdorda va maqbul narxlarda shakar va un mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha Hukumat tomonidan zarur choralar ko‘rilgan.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda aholiga shakar 11 500 – 14 000 so‘mdan, ayrim olis hududlarda 12 000 – 15 000 so‘mgacha chakana narxlarda sotilmoqda.
Xulosa qilinishicha, Respublika aholisining yillik ehtiyojini (o‘rtacha 650 ming tonna) barqaror ta’minlash uchun zarur darajada (1 mln tonna) shakar mahsuloti mavjud va hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q.
Yangiliklar lentasi
0