“Mening yo‘lim” loyihasi boshlandi

© pixabay.com/ sm-ekb2005Dorojnaya texnika.Illyustrativnoe foto
Dorojnaya texnika.Illyustrativnoe foto - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 17.04.2023
Obuna bo‘lish
Loyihaning bu yilgi mavsumi uchun 312 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.
TOShKENT, 17 apr — Sputnik. 17 apreldan “Open budget” axborot portalida "Mening yo‘lim" loyihasining 2023-yilgi mavsumi uchun taklif qoldirish boshlandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
“Mening yo‘lim” loyihasining bu yilgi mavsumi uchun 312 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar ajratilishi belgilangan.
Loyiha doirasida taklif kiritish jarayoni 27-aprelgacha davom etadi. Kiritilgan takliflar uchun ovoz berish jarayonlari 28-apreldan 7-may kuniga qadar o‘tkaziladi.

Taklif qoldirish mexanizmi

Tuman (shahar) budjeti parametrlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘larning kamida 50 foizi “Open budget” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun yo‘naltiriladi.
Axborot portali avtomatik ravishda ta’mirlashga doir o‘rtacha narxni va tuman (shahar) budjeti parametrlaridan kelib chiqib, har bir tuman (shahar) bo‘yicha ta’mirlanadigan ichki yo‘llarning umumiy hajmini aniqlaydi.
Axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida ichki yo‘llarni ta’mirlashda takliflarni shakllantirish tartibi quyidagicha:
axborot portali orqali jamoatchilik fikri bevosita fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflar asosida shakllantiriladi;
faqatgina voyaga yetgan fuqarolar taklif yuborishi mumkin;
fuqarolar har yili ichki yo‘llarni ta’mirlashga faqat bitta taklifni ilgari surishi hamda bitta taklifga ovoz berishi mumkin. Fuqarolarning o‘zlari kiritgan taklifga ovoz berishi taqiqlanadi;
axborot portali orqali taklif kiritish bevosita portalda ro‘yxatdan o‘tish orqali amalga oshiriladi;
har bir tuman va shaharlarda bildirilgan takliflar bo‘yicha berilgan eng ko‘p ovozlar sonidan kelib chiqib, yuqoridan pastga qarab saralanadi.

“Mening yo‘lim” loyihasi haqida

Vazirlar Mahkamasininig 2022-yil 2-fevralda “Avtomobil yo‘llari sohasida ochiqlik standartlarini joriy etish va sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 49-sonli qarori qabul qilingan.
Unda 2022-yildan boshlab tuman va shaharlar budjetlari parametrlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratiladigan mablag‘larning 50 foizi “Ochiq budjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki yo‘llarni ta’mirlashga yo‘naltirilishi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Bu tizim “Tashabbusli budjet” jarayonlaridan farqli o‘laroq bir yilda bir marotaba o‘tkaziladi.
Ushbu jarayonlar bevosita “Ochiq budjet” axborot portali orqali amalga oshiriladi. Bunda axborot portaliga ichki yo‘llarning joylashgan manzili (geopozitsiyasi), to‘liq nomlari, uzunligi, holati (asfaltlangan, ta’mirtalab) va boshqa ma’lumotlari to‘liq kiritiladi. Fuqarolar ichki yo‘llar reyestridan geoma’lumotlar asosida tegishli ichki yo‘lni tanlash orqali o‘z takliflarini qoldirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yangiliklar lentasi
0