Yoshlar bilan ishlashning mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev, arxivnoe foto
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishlari o‘rganilib, ular 3 toifaga ajratildi.
TOShKENT, 11 apr — Sputnik. Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi. Bu haqda yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish yuzasidan prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda aytildi.
Qayd etilishicha, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishlari o‘rganilib, ular 3 toifaga ajratildi.
Endilikda ular bilan manzilli, aniq mezonlar asosida ishlanishi ta’kidlandi.
Bunda:
yaxshi o‘qiyotgan, tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan, rasmiy sektorda ishlaydigan, qobiliyati bor, ijtimoiy faol bo‘lgan 4,4 million yoshlar “yaxshi” toifaga;
turmush taqozosi bilan rasmiy sektordan ish topa olmagan, lekin iqtisodiy faol 4,6 million yosh “o‘rta” toifaga kiritildi;
davlatning g‘amxo‘rligi va e’tiborini kutayotgan hamda ko‘makka muhtoj 396 ming nafar yoshlar “ahvoli og‘ir” toifasiga alohida ajratib olindi.
Davlat rahbari uchinchi toifaga batafsil to‘xtaldi. 116 ming nafar yoshlarning nogironligi bo‘lsa, 30 mingtasida surunkali kasalliklar borligi, 32 ming nafar yoshlar profilaktika, 16 ming nafari probatsiya nazoratida, 9 ming nafari muntazam dars qoldirishini ma’lum qildi.
Har bir vazir, vazir o‘rinbosarlari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari, oliygoh rektorlari, Milliy gvardiya va harbiy qism komandirlariga uchinchi toifadagi 50 nafardan e’tiborga muhtoj yoshlar nomma-nom biriktirilishi belgilandi.
Vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar asosiy e’tiborini “o‘rta” toifaga kirgan 4,6 million yoshlar bilan ishlashga qaratishi lozimligi ta’kidlandi.