Turkiyadagi o‘zbekistonliklarga murojaat qilindi

Stambul, Tursiya - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 04.04.2023
Obuna bo‘lish
Bosh konsulxona fuqarolardan Turkiya talablariga qat’iy rioya qilishni so‘ramoqda.
TOShKENT, 4 apr — Sputnik. O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi bu mamlakat hududida bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarga murojaat bilan chiqdi.
Murojaatda yozilishicha, so‘nggi vaqtlarda internet, OAV va huquq-tartibot idoralari orqali o‘zbekistonliklarning Turkiya hududida sodir etilgan turli jinoyat va boshqa huquqbuzarliklar ishtirokchisi bo‘lib qolganliklari haqida tez-tez xabarlar kelib tushmoqda.
Konsulxona fuqarolardan bunday ko‘ngilsiz holatlarda jabr ko‘rishlari yoki aybdor bo‘lib qolishlarining oldini olish maqsadida mehmon bo‘lib turgan mamlakat talablariga qat’iy rioya qilishni so‘ragan.
“O‘zingiz va yaqinlaringizning hayoti, sog‘lig‘i va mulkiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan joylar va shaxslardan yiroq bo‘lishingizni, bunday vaziyatlarni keltirib chiqarmaslik choralarini ko‘rishingizni, musofir yurtda vatandoshlarimizga o‘zaro hurmat va yordam ko‘rsatishingizni yana bir bor iltimos qilamiz”, - deyilgan Bosh konsulxona xabarida.
Fuqarolarga, agar ular huquq-tartibot idoralari tomonidan biron bir sababga ko‘ra ushlansa yoki hibsga olinsa, bu haqda zudlikda Bosh konsulxonaga xabar berilishini talab qilish huquqiga egaligi eslatilgan.
“Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni, fuqarolarning shaxsiy daxlsizlik huquqlariga rioya qilishni va bu orqali qonun oldida javobgar bo‘lib qolishdan o‘zingizni asrashingizni so‘rab qolamiz”, - deyiladi xabarda.
Yordamga muhtoj O‘zbekiston fuqarolari har qanday holatda Bosh konsulxonaga (tel.: 02123232037, e-mail: uzbekconsul@yahoo.com) murojaat qilishlari mumkin.
Yangiliklar lentasi
0