1 apreldan nimalar o‘zgaradi?

CC0 / pixabay / Kalendar. Illyustrativnoe foto
Kalendar. Illyustrativnoe foto - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.04.2023
Obuna bo‘lish
O‘zbekistonda birinchi apreldan boshlab fuqarolar va biznes vakillari uchun qanday yangiliklar kuchga kirishi haqida an’anaviy sharhimizda o‘qing.
TOShKENT, 1 apr — Sputnik. O‘zbekiston qonunchiligida va ijtimoiy hayotida 1-apreldan boshlab qanday o‘zgarishlar sodir bo‘lishi haqida Sputnik maqolasida.
Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdori oshadi
1 apreldan pensiya va nafaqalar miqdori 7 foizga oshirilmoqda. O‘zbekiston hududida pensiya va nafaqalar miqdori quyidagicha belgilanadi:
pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 347 000 so‘m;
yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 677 000 so‘m;
nogironlik pensiyalari, jumladan ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori – oyiga 747 000 so‘m;
mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 747 000 so‘m;
1941–1945 yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda – oyiga 3 296 000 so‘m;
belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (677 000 so‘mdan) 747 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori – oyiga 747 000 so‘m;
zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 535 000 so‘m;
ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda – oyiga 535 000 so‘m;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 535 000 so‘m;
boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori – oyiga 535 000 so‘m etib belgilansin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun – 198 000 so‘mdan qo‘shiladi;
boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 535 000 so‘m etib belgilansin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi.
Majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydigan pedagog kadrlar ro‘yxati kengaytiriladi
2023 yil 1-apreldan quyidagilar majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi:
pedagogik faoliyat bo‘yicha 25-yil va undan ko‘p ish stajiga ega pedagog xodimlar;
yoshga doir pensiyaga chiqishi uchun 5-yildan ko‘p bo‘lmagan muddat qolgan pedagog xodimlar.
Pensiya oluvchilar Toshkent metropolitenidan kun davomida bepul foydalanadi
Joriy yil 1-apreldan boshlab Toshkent metropolitenining to‘liq faoliyat ko‘rsatishi vaqti davomida pensiya oluvchilarga bepul xizmat ko‘rsatiladi. Bunda Toshkent metropolitenining mazkur bandda ko‘rsatilgan xizmatlarni ko‘rsatish evaziga olinmay qolgan daromadlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab boriladi.
Avtotransportlar harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 60 kilometrgacha pasaytiriladi
Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar va tumanlarning markazlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushiriladi.
Aholiga quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun subsidiya beriladi
1 apreldan respublika hududlarida aholi xonadonlariga quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshiriladi. Ularning umumiy quvvati 50 kVt gacha bo‘ladi.
Kichik quvvatli quyosh panellarini 37 ming aholi xonadonlariga o‘rnatish rejalashtirilgan. Aholiga quyosh panellari orqali ishlab chiqargan ortiqcha elektr energiyasining har bir kilovatt-soati uchun 1 000 so‘mdan subsidiya ajratiladi.
Shu bilan birga, umumiy quvvati 4 300 MVt bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishga tushiriladi.
Arim tadbirkorlarga mol-mulkni sug‘urta qilish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi
1 yilda bir marotaba o‘rta tadbirkorlik subyektlariga mol-mulkni sug‘urta qilish xarajatlarining 50 foizigacha, biroq BHMning 20 baravaridan oshmagan (6 mln so‘mgacha) qismi qoplab beriladi;
daromadi 10 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan tadbirkorlar uchun davlat xaridlarida 20 foizlik kvota joriy etiladi va ushbu xaridlar doirasida budjet buyurtmachilari bilan tuziladigan shartnomalarda 50 foiz miqdorida oldindan to‘lovni amalga oshirish nazarda tutiladi.
Ayrim kasalliklarda nogironlik fuqarolarning ishtirokisiz belgilanadi
2023 yil 1-apreldan nogironlik idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo‘lgan, shuningdek, noxush klinik prognozga ega kasalliklar va asoratlarda fuqarolarning ishtirokisiz belgilanadi.
Ko‘p kvartirali uylarning noturar qavatlarida bog‘chalar tashkil etishga ruxsat beriladi
1 apreldan maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish maqsadida yangi davlat bog‘chalarini ko‘p kvartirali uylarning noturar qavatlarida yoki boshqa uylarni sotib olib tashkil etishga ruxsat etiladi.
Davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga berilgan yerda xususiy bog‘chani qurgan xususiy sherikka ushbu binoni mazkur loyiha uchun bank kreditlari bo‘yicha garovga qo‘yishga oid cheklovlar bekor qilinadi.
Professional ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalari oshiriladi
Professional ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalari mos ravishda umumiy o‘rta ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalariga;
professional ta’lim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan, malaka toifasiga ega bo‘lmagan oliy ma’lumotli hamda oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan ishlab chiqarish ta’limi ustalarining bazaviy tarif stavkalari tegishincha umumiy o‘rta ta’lim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifali o‘qituvchisi, oliy ma’lumotli o‘qituvchisi hamda o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchisining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi.
Halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar oila a’zolari ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanadi
2023 yil 1-apreldan boshlab:
halok bo‘lgan harbiy xizmatchi (xodim) oila a’zolariga biryo‘la beriladigan nafaqa marhumning oxirgi egallagan lavozimi bo‘yicha maoshi va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yig‘indisining 150 baravari miqdorida;
harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi doirasida harbiy xizmatchi (xodim) halok bo‘lganda to‘lanadigan sug‘urta summasi bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga ular tomonidan belgilangan miqdorlarda (mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 50 foizigacha bo‘lgan summadan oshmagan holda) mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) tegishli hududda istiqomat qiluvchi oila a’zolariga har oy to‘lanadigan nafaqa tayinlash tartibini belgilash huquqi beriladi.
Yangi qurilgan ko‘p qavatli ishlab chiqarish binolari uchun mol-mulk solig‘i pasaytiruvchi koeffitsiyentda to‘lanadi
Tadbirkorlar yangi qurilgan ko‘p qavatli ishlab chiqarish binolari, 2023-yil 1-yanvardan keyin foydalanishga topshirilgan binolar yuzasidan yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq bo‘yicha hisoblangan summani quyidagi pasaytiruvchi koeffitsiyentni qo‘llagan holda, bino foydalanishga topshirilgan oydan boshlab 3-yildan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘laydi:
3 qavatli binoga – 0,9;
4 qavatli binoga – 0,8,;
5 qavatli binoga – 0,7;
6 qavatli binoga – 0,6;
7 va undan yuqori qavatli binoga – 0,5.
Bundan respublikaning shaharlari, shuningdek, Toshkent viloyatining Zangiota, Qibray va Toshkent tumanlarida joylashgan binolar mustasno.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan shaxslar mol-mulk va yer solig‘idan ozod etiladi
2023 yil 1-apreldan umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar ular foydalanishga topshirilgan paytdan e’tiboran 3-yil muddatga, o‘rnatilayotgan quyosh panellarining quvvatiga nisbatan 25 foizdan kam bo‘lmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi bilan o‘rnatilgan bo‘lsa – 10-yil muddatga quyidagilarni to‘lashdan ozod etiladi:
ushbu qurilmalar bo‘yicha mol-mulk solig‘ini;
qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘ini;
yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda solig‘ini.
Yangiliklar lentasi
0