Afg‘onistondagi yer qimirlashi takrorlanishi mumkinmi — seysmolog olim javobi

Obuna bo‘lish
Afg‘onistondagi yer qimirlashi nima sababdan sodir bo‘ldi? U yana takrorlanishi mumkinmi? U Turkiyadagi yer qimirlashidan qanday farq qiladi? Ushbu va boshqa qiziqarli savollarga Rossiyaning yetakchi seysmologlaridan biri javob berdi.
TOShKENT, 22 mar - Sputnik. Rossiya Yer qimirlashini prognoz qilish nazariyasi va matematik geofizika instituti bosh mutaxassisi seysmolog Aleksandr Ivanovich Gorshkov Sputnik muxbiri bilan suhbatda bo‘ldi.
Mutaxassisning aytishiga ko‘ra, Afg‘oniston shimolida 21-mart kuni kechqurun sodir bo‘lgan yer qimirlashi magnitudasi 6,5 ballni tashkil qilgan bo‘lsa-da, uning episentri juda chuqur - 193 km chuqurlikda joylashgan bo‘lgan.
Seysmolog mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, episentri katta chuqurlikda joylashgan zilzilalar yer ustidagi bino va inshootlarga unchalik katta zarar yetkazmaydi.
Afg‘oniston shimolida joylashgan Hindukush tog‘li hududi uchun bunday yer qimirlashlari odatiy hol, chunki bu yerda yer ostida subduksiya zonasi joylashgan. Subduksiya zonasi - litosfera plitalari chegarasidagi joylashgan zona bo‘lib, uning chizig‘i bo‘ylab Yer litosfera plitalarining ba’zi bo‘laklari boshqalari ostida cho‘kadi. Bunday hududlar uchun yer qimirlashi odatiy hol.
Odatda bunday yer qimirlashi uzoq masofalarda ham seziladi, lekin yer ustida katta buzilishlarga olib kelmaydi. Bu safar ham uning ta’siri Tojikiston, O‘zbekiston, Pokiston va hatto Hindistonda ham sezildi. Afg‘oniston va Pokistonda uy va inshootlar jiddiy zarar ko‘rdi, hatto qurbonlar ham bor, lekin buni u yerdagi uylarning seysmik moslashtirilmagani bilan izohlash mumkin.

Turkiyada bo‘lgan yer qimirlashi esa butunlay boshqacha xarakterga ega. Birinchidan, u tektonik plitalar harakatlanishi oqibatida sodir bo‘lgan. Ikkinchidan, uning episentri yer yuzasiga juda yaqin bo‘lgan - 10 km chuqurlikda. Shu sababli ham Turkiyada bino inshootlar katta zarar ko‘rgan, qurbonlar soni 50 mingdan oshgan.

Gorshkovning aytishiga ko‘ra, Toshkent ham 1966-yilda sodir bo‘lgan yer qimirlashida katta zarar ko‘rganining sababi ham - zilzila episentri yer yuzasiga yaqin joylashishi va o‘sha vaqtda qurilgan binolarning zilzilaga moslashtirilmagani bo‘lgan. Lekin 1966-yildan keyin Toshkentda bu masalaga jiddiy kirishilgan, barcha binolar qurilishidan oldin seysmik nazoratdan o‘tgan, yer qimirlashini doimiy kuzatib boruvchi ilmiy institutlar tashkil qilingan.
Mutaxassisning aytishiga ko‘ra, butun dunyo olimlari Yer sharida sodir bo‘layotgan katta va kichik yer qimirlashlarini doimiy ravishda kuzatib kelayotgan bo‘lsa-da, lekin zilzilarni prognozlash hozircha juda murakkab bo‘lib qolmoqda.
Mutaxassisning to‘liq intervyusi bilan videolavhamizda tanishing.
Yangiliklar lentasi
0