Halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolariga qanday imtiyozlar beriladi

© SputnikUzbekskie dengi, 5000 sumov
Uzbekskie dengi, 5000 sumov - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 13.03.2023
Obuna bo‘lish
Ularning belgilangan tartibda turar joyga muhtoj deb tan olingan taqdirda, turar joy bilan birinchi navbatdagi tartibda ta’minlanadi.
TOShKENT, 13 mar — Sputnik. “Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq 2023-yil 1-apreldan boshlab:
halok bo‘lgan harbiy xizmatchi (xodim) oila a’zolariga biryo‘la beriladigan nafaqa marhumning oxirgi egallagan lavozimi bo‘yicha maoshi va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yig‘indisining 150 baravari miqdorida;
harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi doirasida harbiy xizmatchi (xodim) halok bo‘lganda to‘lanadigan sug‘urta summasi bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga ular tomonidan belgilangan miqdorlarda (mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 50 foizigacha bo‘lgan summadan oshmagan holda) mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) tegishli hududda istiqomat qiluvchi oila a’zolariga har oy to‘lanadigan nafaqa tayinlash tartibini belgilash huquqi beriladi.
Shuningdek, 2023-yil 1-maydan boshlab:
oilaning mehnatga layoqatsiz har bir a’zosiga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi pensiyani hisoblab chiqish uchun olinadigan pul ta’minotining (ish haqining) 50 foizi miqdorida belgilanadi;
oila a’zolari (ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, 23 yoshga to‘lmagan farzandlari) daromadlar qaysi oyda olingan bo‘lsa, o‘sha oyda har bir oy uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi;
belgilangan tartibda turar joyga muhtoj deb tan olingan taqdirda, turar joy bilan birinchi navbatdagi tartibda ta’minlanadi;
qonunchilikda belgilangan harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) turar joy sotib olish (qurish) uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berish tartibiga muvofiq uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlarini olish huquqi saqlab qolinadi;
halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) yangi nikohga kirmagan turmush o‘rtog‘i va (yoki) harbiy xizmatchining (xodimning) qaramog‘ida bo‘lgan ota-onasidan biriga Qurolli Kuchlarning harbiy xizmatchilariga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasini to‘lash tartibi tatbiq etiladi (mulkida turarjoy bo‘lmagan taqdirda).
Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2023-yil 1-iyundan boshlab:
halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) farzandlari maktabgacha ta’lim muassasalarida bepul tarbiyalanishi, shuningdek, professional va oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida qo‘shimcha kvotalar bo‘yicha ta’lim olishi ta’minlanadi;
halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) ota-onalariga yiliga ikki marta temir yo‘l va havo yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi.
Halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) oila a’zolariga ushbu halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) xizmatni o‘tagan mas’ul vazirlik va idoralarning tibbiyot muassasalarida bepul tibbiy yordam olish huquqi saqlab qolinadi, shuningdek, tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari doirasida tibbiy yordamni ustuvor ravishda olish va navbatdan tashqari shifoxonaga yotqizish imkoniyati yaratiladi.
Yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatuvchi tibbiyot tashkilotlari tomonidan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bepul tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Navbatdagi yillik mehnat ta’tilidan qulay vaqtda foydalanish, shuningdek, yiliga ikki haftagacha muddatga ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha ta’til olish huquqi beriladi.
Mas’ul vazirlik va idoralar davlat budjetidan ularga ajratilgan mablag‘lar va budjetdan tashqari manbalari hisobidan halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) oila a’zolari uchun ularning murojaatlariga asosan quyidagilar ta’minlanadi:
O‘zbekiston hududidagi sanatoriy-kurort muassasalari va bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohlarida yiliga bir marta bepul sog‘lomlashtirish;
shifokorlarning retseptlariga asosan 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalarini (yiliga bir marta), tibbiy va maxsus protez-ortopediya moslamalarini olib berish hamda jarrohlik amaliyotlarining xarajatlarini qoplash;
og‘ir tashxisli kasalliklari hamda nogironligi bo‘lganlarga shifokorlarning retseptlariga muvofiq, yiliga bir marta dori vositalarining 50 foizigacha bo‘lgan summasini kompensatsiya qilish.
Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi va Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazi har bir halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) oilasini otaliqqa oladi.
Yangiliklar lentasi
0