Osh tuzini qanday tanlash kerak – ekspert tavsiyasi

© pixabay.com/Bru-nOOsh tuzi
Osh tuzi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 10.03.2023
Obuna bo‘lish
O‘zbekistonda 22 nomdagi osh tuzlari yetarli darajada yodlanmagani ma’lum bo‘ldi. Osh tuzi qanday talablarga javob berishi kerak, yod yetishmovchiligi, sifatsiz osh tuzlari to‘g‘risida - Sputnik O‘zbekiston materialida.
TOShKENT, 10 mar — Sputnik. Osh tuzi inson uchun muhim oziqaviy modda sanaladi. Chunki shifokorlarning tavsiyalariga ko‘ra, organizmdagi moddalar almashinuvini normallashtirish uchun kuniga bir choy qoshiq — 5 gramm tuz iste’mol qilish lozim. Bundan tashqari, yod tanqisligi kasalligining oldini olish uchun ham yodlangan osh tuzi juda muhim va zarur.
O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan va aholiga sotiladigan osh tuzlari albatta yodlanishi kerak. Bu yod yetishmovchiligi kasalliklarini oldini olishga qaratilgan tadbirlardan biridir. Inson organizmida yodning yetishmasligi oqibatida qalqonsimon bez kasalliklari yuzaga keladi. Ishlab chiqarish jarayonida yod bilan boyitish bunday oqibatlarni bartaraf etish usullaridan biri hisoblanadi.
Sputnik O‘zbekiston muxbiri osh tuzini qanday tanlash kerakligi to‘g‘risida Toshkent viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Zafar Karabayev va Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Nodira Alixanova bilan suhbatlashdi.

Osh tuzini qanday tanlash kerak?

Zafar Karabayevning ta’kidlashicha, yodlangan osh tuzi oliy navli O'zDSt 1091:2017 tozalangan, eruvchan, sochiluvchan kristall, begona ta’msiz, sho‘r, rangi oq bo‘lishi kerak.
“1 000 grammdan boshlab tuz normativ hujjatlarga muvofiq polimer pachka yoki paket qutilarga qadoqlanishi, unda ishlab chiqargan tashkilotning nomi, tovar belgisi, maxsulot nomi, uning navi va yanchilish darajasi, ishlab chikarilgan sanasi, yaroklilik muddati, yodlash qo‘shimcha nomi, yod ulushi ko‘rsatkichi bo‘lishi shart. Aynan mana shu talablarga javob beradigan osh tuzlarini iste’mol qilish tavsiya etiladi”, — dedi mutaxassis.
Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Nodira Alixanova davlat standarti talablariga ko‘ra, osh tuzi tarkibida yod miqdori tonnasiga 40 gramm miqdorda bo‘lishi belgilab qo‘yilganini ma’lum qildi.
“Osh tuzlarining saqlanish harorati 28 darajadan oshmasligi lozim. Qotib qolgan, nam tortgan, begona hidlarga ega bo‘lgan, yaroqlilik muddati o‘tgan, qadoqlari buzilgan osh tuzlarining foydali xususiyatlari yo‘qolgan bo‘ladi. Bunday mahsulotlarni iste’mol qilmaslik tavsiya etiladi”, — dedi u.

Sifatsiz osh tuzlari

Yaqinda 22 nomdagi osh tuzi talabga javob bermaydi, deb topildi. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi amaldagi talablarga nomuvofiq deb topilgan osh tuzlari nomlarini ma’lum qildi.
Qo‘mita iste’molchilarga murojaat qilar ekan, oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishda quyosh tig‘ida saqlanmaganligiga e’tibor qaratish, tashqi qadog‘idagi axborotlarning mavjudligi va muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlari sanitariya-epidemiologik xulosasi bilan tanishib chiqib, so‘ng xarid qilishni so‘ragan.
Yangiliklar lentasi
0