O‘zbekistonda bu yil 11 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirishtiriladi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 28.02.2023
Obuna bo‘lish
Investitsiyalarni jalb qilishda iqtisodiy diplomatiya va chet eldagi diplomatik vakolatxonalar ishtiroki kuchaytiriladi.
TOShKENT, 28 fev — Sputnik. O‘zbekistonda shu yilning o‘zida 11 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirishtiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi investitsiyalarni jalb qilish va sanoatni rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, kelgusi 5-yilda iqtisodiyot barqaror o‘sishi uchun sanoatni yana 1,5 barobarga oshirish, eksportni 30 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan. Buning uchun 120 milliard dollar sarmoya, jumladan, 70 milliard dollar xorijiy investitsiya zarur.
Yig‘ilishda jahon moliya bozorlaridagi vaziyatdan kelib chiqib, soha oldidagi muhim vazifalar ko‘rsatib o‘tildi.
Shu yilda 11 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish, yirik investorlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Investitsiyalarni jalb qilishda iqtisodiy diplomatiyani va chet eldagi diplomatik vakolatxonalar ishtirokini kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
Yil yakunigacha 304 ta yirik va 3 mingta hududiy loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Ularning natijasida qo‘shimcha 10 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Davlat rahbari sanoat bo‘yicha tarmoq va hududlardagi qo‘shimcha zaxiralarni ishga solish, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish uchun tannarxni kamaytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Xorijiy konsultantlarni jalb qilib, maxsus va kichik sanoat zonalarini hududlarni rivojlantirish “drayveri”ga aylantirish, ularda yangidan yaratilayotgan ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Yangi loyiha takliflarini ishlab chiqish va investorlarga taqdim etish bo‘yicha loyiha guruhlarining ishini faollashtirish topshirildi.
Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda barcha tarmoqlardagi dasturlarga 31 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. Natijada o‘tgan 5-yilda sanoat 1,4 barobar, eksport 1,5 barobarga oshdi.
Yangiliklar lentasi
0