AQSh Ukrainada kimoviy moddalar bilan provokatsiya tayyorlamoqda — Rossiya Mudofaa vazirligi
13:49 28.02.2023 (yangilandi: 18:44 05.04.2023)
© Sputnik / Aleksey KudenkoBrifing ministerstva oboroni RF po biologicheskomu orujiyu
© Sputnik / Aleksey Kudenko
Obuna bo‘lish
Rossiya Mudofaa vazirligi: AQSh Ukrainada zaharli kimoviy moddalar bilan provokatsiya qilish niyatida.
AQSh Ukrainada zaharli moddalar yordamida provokatsiya uyushtirish niyatida va bunda Rossiyani ayblamoqda. Bu haqda Rossiya Qurolli kuchlarining radiatsiya, kimoviy va biologik himoya bo‘yicha qo‘shinlari boshlig‘i Igor Kirillov brifingda ma’lum qildi, deya xabar berdi RIA Novosti.
"Bir vaqtning o‘zida zaharli kimoviy moddalar va ulardan himoya vositalarini yetkazib berish faktlari mojaro vaqtida Bi-Zet harbiy psixotrop zaharli moddasi yordamida keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirishga urinishdan dalolat beradi", — dedi Kirillov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Mudofaa vazirligiga 10-fevral kuni Ukrainaga (Kramatorsk) poyezd kelgani, uning vagonlaridan birida bir guruh xorijiy fuqarolar hamrohligida kimoviy moddalar yuki bo‘lgani haqida ma’lumot kelib tushgan.
“Vagon (kimoviy moddalar ortilgan – tahr.) ajratib olingan va Kuybishev nomidagi Kramatorsk metallurgiya zavodi hududiga olib ketilgan, u yerda kimoviy moddalarni tushirish Ukraina xavfsizlik xizmati va Qurolli kuchlari qo‘mondonligi vakillari nazorati ostida amalga oshirilgan", — deydi u.
Yuk 16 ta muhrlangan metall qutidan iborat bo‘lib, ularning sakkiztasida kimoviy xavflilik belgisi, "Bi-Zet" yozuvi va vaqtinchalik zaharli moddalar sinfiga to‘g‘ri keladigan ikki qizil chiziq bilan belgi qo‘yilgan.
Beshta qutiga "Si-Es – Rayot" deb yozilgan, uchtasiga esa "Si-Ar-Rayot" yozuvi qayd etilib, tanani qichima uyg‘otuvchi moddalarni bildiradigan bitta qizil chiziq bilan belgilangan.
Kimoviy moddalar AQSh zirhli mashinalariga ortilgan va to‘qnashuv liniyasiga jo‘natilgan.
Bundan tashqari, 19-fevral kuni Kramatorskda maxsus belgilar bilan shrapnel o‘qlari bo‘lgan 11 vagon tushirilgan. Snaradlar tunda shahar chetidagi platformaga tushirilgan, vagonlarda esa "Qurilish materiallari", "Sement" yozuvlari bo‘lgan.
NATO, shuningdek, Ukrainaga katta miqdordagi himoya vositalarini yetkazib berishni rejalashtirgan, dedi Kirillov.
"Zarin va Zoman kabi fosfororganik zaharli moddalarga qarshi antidotlar — 600 ming ampula, kramplarga qarshi vositalar — uch million tabletka, xantal gazini zararsizlantirish uchun preparatlar, xloratsetofenon ingibitorlarining lyuizit va gidroksid kislotasi hosilalari — 750 ming flakonlarga ustuvor ahamiyat berilmoqda" — deya aniqlik kiritdi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh harbiy harakatlar sharoitida xalqaro hamjamiyat ularning kimoviy provokatsiyasi bo‘yicha samarali tergovni tashkil eta olmaydi, deya hisoblamoqda. AQShning rejasiga ko‘ra, bu holatda haqiqiy tashkilotchilar va ijrochilar javobgarlikdan qutulib, ayb Rossiya zimmasiga yuklanadi.
Uning eslatishicha, Kimoviy qurollar to‘g‘risidagi konvensiyaga muvofiq, Bi-Zet moddasi boshqariladigan kimoviy moddadir va ikkinchi ro‘yxatga kiritilgan, undan foydalanish hujjatning 1-moddasi bilan taqiqlangan.
Ushbu modda o‘tkir psixoz, disoriyentatsiya, gallyutsinatsiyalar va xotira buzilishiga olib keladi.
"AQSh 1990-yilda Bi-Zet zahiralarini butunlay yo‘q qilishini bildirdi, o‘shanda ushbu moddaning 50 tonnaga yaqini utilizatsiya qilingan, ammo namunalar qolgan. Bundan tashqari, hozirda farmatsevtika ishlab chiqarish quvvatlari negizida yiliga bir necha o‘n tonnagacha miqdorda Bi-Zet prekursorlarini sintez qilish imkoniyati saqlanib qolgan", — dedi Kirillov.
Prekursorlar — maqsadli mahsulotni sintez qilishda ishlatiladigan kimoviy moddalar.
Generalning so‘zlariga ko‘ra, Bi-Zet AQSh armiyasining standart zaharli gazi bo‘lib, Qo‘shma Shtatlar uni Vyetnam urushi davrida keng qo‘llagan. Bundan tashqari, Vashington va uning ittifoqchilari Afg‘oniston, Iroq hamda Suriyadagi harbiy to‘qnashuvlarda kimoviy birikmalar bilan to‘ldirilgan o‘q-dorilardan bir necha bor foydalangan.
"Ogohlantiramizki, zaharli kimoviy moddalar qo‘llanilgan provokatsiyalar sodir bo‘lsa, haqiqiy aybdorlar aniqlanib, biz tarafimizdan jazolanadi", — deydi u.
Igor Kirillov G‘arbning harbiy harakatlar tufayli bunday provokatsiya AQSh va uning ittifoqchilari uchun muvaffaqiyatli bo‘lishi mumkinligi haqidagi noto‘g‘ri ishonch mavjudligi haqida ham gapirdi.
Uning ta’kidlashicha, maxsus harbiy operatsiya o‘tkazilayotgan hududda joylashtirilgan radiatsiyaviy, kimoviy, biologik vaziyatni kuzatish bo‘yicha Rossiyaning statsionar va mobil tizimlari kimoviy tahdidlarni o‘z vaqtida aniqlash hamda ularga tezkorlik bilan javob berish imkonini beradi. Bundan tashqari, Rossiya Mudofaa vazirligida mavjud bo‘lgan kimoviy laboratoriyalarning tahliliy imkoniyatlari nafaqat kimoviy moddalar turini, balki ishlab chiqarilgan mamlakatni ham ishonchli aniqlashda qo‘l keladi.
"Masalan, uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida rus qo‘shinlariga qarshi qo‘lbola o‘q-dorilarni qo‘llash haqida ma’lumotlar keng tarqalgan. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, bular yonuvchan oksidlovchi va qo‘shimchalarni o‘z ichiga olgan termal o‘q-dorilar bo‘lib, ularning bir qismi Chexiyada ishlab chiqarilgan", — deydi Kirillov.
Generalning qo‘shimcha qilishicha, Mudofaa vazirligi G‘arbning Kimoviy qurollar bo‘yicha konvensiyani buzgan jinoiy faoliyatini fosh qilishda davom etadi.
Shu bilan birga, u G‘arb davlatlari Rossiyaning ommaviy qirg‘in qurollarini qo‘llash imkoniyatini muntazam e’lon qilishiga e’tibor qaratdi, biroq AQShning o‘zi bunday loyihalarni bir necha bor amalga oshirgan.
Kirillov AQSh sobiq Davlat kotibi Kolin Pauellning qo‘lidagi "kir yuvish kukuni" solingan probirka Iroqqa bostirib kirish va bu mamlakatning yarim milliondan ortiq fuqarolarining o‘limi uchun qanday bahona bo‘lganini esladi.
Uning eslatishicha, hozirgacha hech kim o‘zi nomlagan jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Qurolli kuchlarini ayblash maqsadida provokatsiya uchun Yevropadan Ukrainaga radioaktiv moddalar bo‘lgan konteynerlar yetkazilgani haqida xabar berilgandi.