Hamza hayoti va ijodi

CC0 / PlanespotterA320 / Xamza Xakimzade NiyaziXamza Xakimzade Niyazi
Xamza Xakimzade Niyazi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 25.02.2023
Obuna bo‘lish
O‘zbek adabiyotining yirik namoyondalaridan biri, ma’rifatparvar shoir, o‘qituvchi, jamoat arbobi Hamza Hakimzoda Niyoziyning hayoti va ijodi haqida batafsil Sputnik sahifalarida o‘qing.
Hamza Hakimzoda Niyoziy – XX asr o‘zbek adabiyotining yirik namoyondalaridan biri, ma’rifatparvar shoir, o‘qituvchi, jamoat arbobi, dramaturg, jurnalist, kompozitor, rejissordir. Hamzaning o‘zbek adabiyoti va madaniyatiga qo‘shgan hissasi beqiyosdir.

Tarjimai holi

Hamza Hakimzoda Niyoziy- 1889-yil 6-mart (ayrim manbalarga ko‘ra 22-fevral) Qo‘qonda ziyoli oilada tavallud topgan. Otasi – tabib ibn Yamin Niyoz o‘g‘li o‘zbek, arab, fors tillarida savodli bo‘lib, o‘z davrining katta obro‘-e’tiborli kishisi bo‘lgan.
Bo‘lg‘usi shoir dastlab maktabda, 1899-1906 yillarda Qo‘qon madrasalarida o‘qigan, bir qancha vaqt rus-tuzem maktabida tahsil olib rus tilini o‘rgangan. Keyinchalik boshqa faoliyatlari bilan birgalikda maktabida o‘qituvchi, mirza, “Kengash”, “Hurriyat” jurnallarida muharrir, rejissor va boshqa qo‘plab lavozimlarda mehnat qilgan.

Hamza - ma’rifatparvar

1913-1914 yillarda Hamza chet ellarda, jumladan, Afg‘oniston, Suriya, Turkiya mamlakatlarida, Makkada sayohatda bo‘ladi. Mamlakatda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar bilan tanishadi. Shoir xalqni o‘qitish, savodxon qilish uchun tinimsiz intilish, maktablar uchun darsliklar yozishni o‘ziga maqsad qilib oladi.
Hamzaning 1917-yilga qadar bo‘lgan faoliyati va ijodi o‘z davri madaniy-ma’naviy hayoti, ma’rifatchilik va jadidchilik ta’sirida shakllanib, uning faol ishtirokchisi bo‘lganligini ko‘rsatadi. U jadidlarga ergashadi va jadidchilikning ilg‘or vakillaridan biriga aylanadi. Jadidlar otasi Ismoil G‘aspirali vafot etganda Hamza marsiya yozib, “Dod qil davri falaqdin, botdi xurshidi jahon”, deb yozdi. Munavvar qorini “muhtaram ustozi oliy”, “ma’naviy ota”, deb ataydi.
Shoir o‘zining pedagogik faoliyatini 1910-yilda Toshkentda Qashqar mahallasida, 1911-yilda Ko‘qonda, 1914-yilda Marg‘ilonda va yana Qo‘qonda maktablar ochib, bolalarni o‘qitishdan boshlaydi. Hamza bu maktablarda dars beribgina qolmasdan, ayni choqda “Yengil adabiyot”, “O‘qish kitobi”, “Qiroat kitobi” (1914—1915) kabi darsliklar ham yozadi. U bir shaharda usuli savtiya maktabini ochib quvg‘in qilinsa, ikkinchi shaharda yana shunday jadid maktabini tashkil qildi, ko‘proq kambag‘al bolalarni va kambag‘allarni o‘qitishga intildi. Hamzaning maorif-o‘qitish ishlaridagi yutug‘i shunda bo‘ldiki, islomni usuli savtiya bilan bog‘lay oldi — Qur’on va Xadislarni faol yordamga tortib, xalqni ilm-ma’rifatga, yangilikka da’vat etdi.

Adabiy faoliyati

Hamza bolaligidan Fuzuliy, Navoiy, Hofiz kabi sharq adabiyotning yirik shoirlarini, Furqat va Muqimiy asarlarini o‘rgandi. Buning ta’sirida yilda “Nihon” taxallusi bilan she’rlar yozishni boshlagan. 25 yoshidayoq o‘zbek va tojik tillarida “Devon” tuzgan. Devonga shoirning 214 ta she’ri kiritilgan. Unda sharq she’riyatiga xos muhabbat, diniy mavzular bilan birga ma’rifatga chaqirish muhim o‘rin egallaydi.
Hamzaning ijodiga, ayniqsa Ismoilbek Gaspralining “Tarjimon”, Fotih Karimiyning “Vaqt” gazetalari, Rizo Faxriddinning “Sho‘ro” jurnali, shu bilan birga, o‘zbek tilida Toshkentda chiqa boshlagan Ismoil Obidiyning “Taraqqiy”, Munavvarqori Abdurashidxon o‘g‘lining “Xurshid”, Abdulla Avloniyning “Shuhrat” gazetalari kuchli ta’sir ko‘rsatdi, ular bilan aloqa o‘rnatdi. Hamzaning ilk she’rlari va maqolalari mana shu gazeta va jurnallarda bosildi.
MAtbuotdagi faoliyati bilan birga shoir “Ilm ista”, “Maktab”, “Kitob”, “O‘qi”, “Qalam”, “Hikoya”, “To‘g‘riso‘z bola”, “Hikoyat”, “Toshbaqa va chayon”, “Bolaning yomon bo‘lmog‘iga sabab bo‘lgan onaning jazosi” kabi tarbiyaviy mazmunda ham ko‘plab she’rlar bitgan.
Shoir katta yoshdagi kishilar uchun “Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar majmuasi” nomi ostida “gul” to‘plamlarini e’lon qiladi. 1914-1916 yillarda “O‘ch”, “Zaharli hayot yoxud Ishq qurbonlari”, “Ilm hidoyati”, “Mulla Normuhammad domlaning kufr xatosi”, “Ochlik qurbonlari” singari kichik sahna asarlarini yozgan. Hamza qalamiga mansub “Maysaraning ishi” va “Boy ila xizmatchi” asari o‘zbek dramaturgiyasida muhim o‘rin tutadi.
ILM ISTA
Kim bilurdi odamu olam nadir, hayvon nechik?
Bo‘lmasa erdi agar insonda bu osori ilm.
Qaysi bir mavjuda boqsang bilmoqa kayfiyatin
Lozim o‘lgay topmaqa avval o‘qib axbor ilm…
Olamning xurshidi kundir, odamning xurshidi ilm,
Olamning zulmoti tundir, odamning nodori ilm.
Har murodu maqsadingga yetmoq istarsan murod,
Ko‘z ochib bedor bo‘l, darkor ilm, darkor ilm!
Ul haqiqat oyiniga sayqal istarsan Nihon
Ilm ista, ilm ista, istag‘il zinhor ilm!
1914 yil.
DARDIGA DARMON ISTAMAS
Bizni Turkiston eli dardiga darmon istamas,
Zulmat ichra kechsa umri, mohi tobon istamas,
Uxlama ko‘p, o‘zbek eli, asri taraqqiy vaqtida.
Ko‘nglidur oshuftayi lavhi tarab, nafs-u havo,
Tilsa zillat xanjari bag‘rini Luqmon istamas,
Uxlama ko‘p, o‘zbek eli, asri taraqqiy vaqtida.
Qo‘lidadir domi tama, ko‘zidadur kayfi xumor,
Soch oqarub qaddi xam bo‘lsa pushaymon istamas,
Uxlama ko‘p, o‘zbek eli, asri taraqqiy vaqtida.
Ilmsizlikda hama kelgan baloni anglayur,
Ittifoqu g‘ayrat aylab lek irfon istamas,
Uxlama ko‘p, o‘zbek eli, asri taraqqiy vaqtida.
O‘zga millat uchsalar hikmat topib suyi samo,
Bizni ellar loaqal yer uzra davron istamas,
Uxlama ko‘p, o‘zbek eli, asri taraqqiy vaqtida.
O‘zgalar etmoqda har kun bing sanoyi ixtiro,
Biz aqalli topmoqqa beranj bir non istamas,
Uxlama ko‘p, o‘zbek eli, asri taraqqiy vaqtida.
Bu na vahshat, na jaholat er-qizu, pir-u juvon,
Domi g‘aflatdin xalos o‘lmakka imkon istamas,
Uxlama ko‘p, o‘zbek eli, asri taraqqiy vaqtida.
Ey Nihon, bing hayf, ey insoniyat, islomiyat,
Millati xor o‘lmag‘in hech nomusulmon istamas
Uxlama ko‘p, o‘zbek eli, asri taraqqiy vaqtida.
Hamza 1928-yil Shohimardonga yuboriladi. U yerda maktab, maorif ishlari, xotin-qizlar ozodligi masalalari bilan shug‘ullanadi. 1929-yilda 18-mart kuni aqidaparastlar to‘dasi shoirning navbatdagi tashviqot paytida toshbo‘ron qiladi. Shoir shu tarzda fojiali o‘lim topadi.
ARZIMNI AYTAY

Arzimni aytay bodi saboga,
Yetkur salomim gulgun qaboga.

Ko‘rdum yuzingni ketdim o‘zimdin,
Tushdim o‘shal dam domi qazoga.

Ohim eshutub toqat tutolmay,
Tushti malaklar raqsi samoga.

Hajrida yig‘lab bag‘rim ezildi,
Boqmaydi bir yo‘l man benavoga.

Avvalda o‘tdi shumluq o‘zimdin,
Dedim asiring qoldim baloga.

Bir ko‘igli qattiq zolim ekansan,
Parvosi yo‘qdur ohu navoga.

Ushshoq elini qonini to‘kmoq,
Odat bo‘lubdur ul bevafoga.

Kirgay raqibni so‘ziga doim,
Solgay jafolar man mubtaloga.

Bechoralarga qilmas tarahhum,
Bazmi muyassar nooshinoga.

Bilmam na qilsa, kechsa bu jondan,
Yetsa bo‘lurmu qoshi qaroga.

Qilding Nihoniy ko‘p ahdu paymon,
Har kim yomondur soldik xudoga.
1911 yil.
1977-1984 yillarda Hamza Hakimzoda Niyoziy hayotiga bag‘ishlab rejisser Shuhrat Abbosovning "Olovli yo‘llar" kinoromani suratga olinadi. Kinoroman Komil Yashinning "Hamza" azariga asoslangan bo‘lib, beshta filmdan iborat. Unda Hamza rolini O‘zbekiston Xalq artisti O‘lmas Alixo‘jayev ijro etgan.
QALAM

Qoradir garchi, izi nuri haqiqatdir o‘zi,
Chunki bosgan yerda zulmatni ziyo qildi qalam.

Ya’ni maydona har ish keldi qalam xosiyati,
Hosili har maqsadu har muddao qildi qalam.

Tog‘-tosh, sahrovu cho‘llarni guliston aylabon,
Shahrlar, obodliqlar, xush havo qildi qalam.

Har og‘urlar yengil o‘ldi, har qiyin oson o‘lub,
Har mashaqqatga o‘zin mushkul kusho qildi qalam,

Har adabsiza adab, fikr ila donish o‘rgatub,
El ichida obro‘sin xo‘b raso qildi qalam...

Dunyoda bo‘lgan hama asrori qildi oshkor,
Har o‘luk tanlarga go‘yo jon ato qildi qalam.

Sidqi dil birla qo‘liga kim ani tutsa agar,
Maqsadiga yetkuzub ko‘nglin rizo qildi qalam.

Kimni bir matlab bila tutsa ani beshubha ul,
Istamish har orzuga oshno qildi qalam.

Hech kishini mehnatini,zarra zoyi’ qo‘ymadi,
Harna va’da qildi ahdiga vafo qildi qalam.

Hissa: o‘g‘lon, maqsading ne bo‘lsa tutgaysan qalam,
Chunki jumla hojatin bori ravo qildi qalam.
1914 yil.
Yangiliklar lentasi
0