O‘zbekistonda sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha strategiya ishlab chiqiladi

© CC0 / strecosa Blyuda na shvedskom stole
Blyuda na shvedskom stole - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 16.02.2023
Obuna bo‘lish
O‘zbekistonda mart oyidan boshlab “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” yangi umummilliy harakati yo‘lga qo‘yiladi. U qanday meyorlarni o‘z ichiga olishi haqida materialimizda o‘qing.
TOShKENT, 16 fev — Sputnik. O‘zbekistonda mart oyidan boshlab “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” yangi umummilliy harakati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov ma’lum qildi, deya xabar berdi Sputnik muxbiri.
Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov qayd etishicha, umummilliy harakati uchun alohida strategiya ishlab chiqiladi.
“Hamkor vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda mart oyidan “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” yangi umummilliy harakatini mahalladan boshlaymiz. Buning uchun alohida strategiya ishlab chiqiladi. Mahalla faollari, sportchilar, ta’lim sohasi vakillari, xotin-qizlar va yoshlar jalb etiladi. Ommaviy axborot vositalarining faol ishtiroki ta’minlanadi”, deydi vazir.
Umummilliy harakat dasturi quyidagi meyorlarni o‘z ichiga oladi:
Respublikadagi ta’lim muassasalarida bolalar va yoshlar uchun tavsiya etilmaydigan mahsulotlar, shu jumladan tarkibida shakar, tuz, transog‘lar miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari, ta’m va rang beruvchi qo‘shimchalar ro‘yxati tasdiqlanadi va iste’moli kamaytiriladi;
aholiga smartfon va mobil ilovalar yordamida o‘z sog‘lig‘i va ovqatlanishini nazorat qilishni o‘rgatish, to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha maxsus ilova yaratiladi;
bolalarga mo‘ljallangan nosog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar, bolalar oziq-ovqat mahsulotlari hamda energetiklar, dori vositalari, biologik faol moddalar reklamasiga qo‘yiladigan talablar kuchaytiriladi;
mahalliy mahsulotlar turlaridan kelib chiqib, aholining har bir xavf guruhi va kasallik turlari uchun alohida-alohida sog‘lom ovqatlanishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqiladi;
yoshi, tana tuzilishi, turmush tarzi va kasalliklarga moyilligidan kelib chiqib, bolalar, kattalar va keksalar uchun to‘g‘ri ovqatlanish, sog‘lomlashtirish mashqlari va gigiyena qoidalari to‘plami yaratiladi;
ish joylarida xodimlarning jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi va sog‘lom ovqatlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
Mamlakat aholisining 56 foizida ortiqcha vazn, 30 foizida surunkali kasalliklar bor. Respublikada 10,7 mln aholi sog‘lom turmush tarzini olib bormaydi.
Yangiliklar lentasi
0