Saratonga qarshi kurash: O‘zbekistonda kimyo dorilari ta’minoti 95%ga yaxshilandi

© Sputnik / Vladimir Pesnya / Mediabankka o‘tishMagnitno-rezonansnoe tomograficheskoe issledovanie
Magnitno-rezonansnoe tomograficheskoe issledovanie - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 04.02.2023
Obuna bo‘lish
O‘zbekistonda har 100 ming aholining 74 nafari onkologik kasallikka chalinmoqda - tafsilotlar.
TOShKENT, 4 fev — Sputnik. O‘zbekistonda onkologik kasalikka chalingan bemorlarni davolashda foydalaniladigan kimyo dorilari ta’minoti 95%ga yaxshilandi. Bu haqda Sputnik muxbiriga Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim mudiri Olim Imamov ma’lum qildi.
Bugun 4-fevral Butunjahon saratonga qarshi kurash kuni. Qayd etilishicha, O‘zbekistonda har 100 ming aholining 74 nafari onkologik kasallikka chalinmoqda.
Olim Imamovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda 113 mingdan ziyod onkologik bemorlar dispanser nazoratiga olingan. Har yili 25 mingdan ziyod onkologik bemor birlamchi aniqlanmoqda. Ayniqsa ko‘krak bezi, me’da va bachadon bo‘yni saratoni O‘zbekistonda uchrashi bo‘yicha dastlabki uch o‘rinni egallaydi.
O‘smaga qarshi dorilar uchun davlat budjetidan 5-yil avval 1,2 mln dollar ajratilgan bo‘lsa, hozirda bu miqdor deyarli 10 barobarga oshirildi. Endi bemorlarni davolash uchun 11 mln dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltirilmoqda.
Kimyo dorilari ta’minoti esa 12-15% dan 90-95% ga yaxshilandi.

“Faoliyatimizda eng katta yangiliklardan biri kechki bosqichlardagi bemorlarni davolash uchun filiallarda jami 200 o‘rin “Palliativ bo‘lim”lar ochildi. Davolab bo‘lmaydigan, og‘ir bemorlar uchun Toshkent, Farg‘ona, Urganch va Samarqand shaharlarida 4 ta “Xospis”lar qurilmoqda”, deydi Olim Imamov.

Aytilishicha, hozirda Toshkent tibbiyot akademiyasi hududida 650 statsionar, 100 ambulator o‘rinli yangi onkologiya markazi qurilmoqda. Ushbu bino eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi.

“Hozirda barcha bemorlarni kamera mikroskoplar va immunogistoximik (IGX) uskunalar orqali bepul tekshiruvdan o‘tkazapmiz. Eng zamonaviy Pozitron-emission tomografiya tekshirishlari ham bepul. Jarrohlik amaliyotlari laparoskopik usulda bajarilmoqda”, deya qo‘shimcha qildi u.

Toshkent shahar va respublika onkologiya markaziga yangi nur terapiya uskunasi – chiziqli tezlatkich o‘rnatilgan bo‘lib, unda zamonaviy o‘ta aniqlikdagi nur terapiya davosi o‘tkazilmoqda.
So‘nggi 5-yilda 250 ga yaqin mutaxassis Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Turkiya, kabi yetakchi xorijiy davlatlarning klinikalarida davlat mablag‘lari xisobidan malaka oshirgan.
Yangiliklar lentasi
0