Qoraqalpog‘istonda allergiya va astma kasalliklarini davolash yo‘lga qo‘yiladi

© Sog‘liqni saqlash vazirligi Oilaviy poliklinika
Oilaviy poliklinika - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.02.2023
Obuna bo‘lish
​Qoraqalpog‘istonda allergik kasalliklarni erta aniqlash va davolash bo‘yicha yangi loyiha amalga oshirilmoqda.
TOShKENT, 1 fev — Sputnik. Orol dengizidagi tuzli chang keltirib chiqaradigan kasalliklarni davolash bo‘yicha yangi loyiha ishga tushirildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
​Qoraqalpog‘istonda allergik kasalliklarni erta aniqlash va davolash bo‘yicha yangi loyiha amalga oshirilmoqda.
Hozirda respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi yangi loyihani ro‘yobga chiqarishga kirishdi. U Qoraqalpog‘iston aholisi o‘rtasida atopik sindromni erta aniqlash, tashxislash usullarini tatbiq etish va joylarda “Allergiya va astma” maktablarini tashkil etishga qaratilgan.
Quyidagi kasalliklar bo‘yicha tibbiy ro‘yxatda turuvchi bemorlar to‘g‘risida ma’lumotlar jamlanmoqda:
bronxial astma;
allergik rinit;
konyuktivit;
qavarchiqlar;
ko‘p shaklli eritema;
atopik va allergik dermatit;
toksikodermiya;
insekt allergiya;
angionevrotik shish.
Qayd etilishicha, loyihaning yakuniy bosqichida “Allergiya va astma” maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ular oilaviy poliklinikalarda ishlovchi shifokor, o‘rta tibbiyot xodimlari uchun atopik kasalliklar birlamchi diagnostikasi hamda profilaktikasini o‘rgatishga qaratilgan.
Ta’kidlanishicha, Nukus shahridagi oilaviy poliklinikalar xodimlari ko‘magida aholi o‘rtasida maxsus so‘rovnomalar o‘tkazilmoqda. Shu orqali aksirish, burun bitishi, burun oqishi, ko‘z sohasida qichishish, ko‘z yoshlanishi, qizarish, nafas yo‘llarida qichishish, yo‘tal, xirillash, havo yetishmasligi, turli toshmalar, shishlar paydo bo‘lishi kabi belgilar kuzatilayotgan bemorlar aniqlanmoqda.
Uy hayvonlari bilan muloqotda, hasharotlar chaqqanda, dorilar qabul qilganda va taomlanganda allergik reaksiyalar qayd etiluvchi bemorlar ro‘yxati shakllantirilmoqda. Savolnomalar 18 yoshdan katta aholi qatlamini qamrab olmoqda.

“Ayni paytda yangi ochilgan maxsus telegram-bot orqali tahliliy ma’lumotlar qabul qilinib, tegishli tartibda tahlil qilinyapti. Bu jarayon uch oy davom etadi. Keyingi bosqichda xastalikka gumon qilingan fuqarolar maxsus allergologik tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Shundan so‘ng aniq tashxis asosida bronxial astmaga chalingan bemorlarda davo choralari erta bosqichda boshlanadi”, - deydi Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori Ilmira Razikova.

Shuningdek, 25 ta birlamchi bo‘g‘in tibbiyot muassasasi xodimlariga allergik kasalliklar bilan kurashish, uning oldini olish va aholi tibbiy madaniyatini yuksaltirish yuzasidan 36 soatlik mahorat darslari o‘tildi.
Qolaversa, mazkur loyiha hududlar kesimida atopik kasalliklar statistikasi va bazasini ishlab chiqish imkonini bermoqda. To‘plangan ma’lumotlar mavjud xavf omillarini aniqlash, baholash va unga qarshi keng qamrovli choralar ko‘rishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, Orol dengizining qurigan qismida hosil bo‘lgan sahrodan yiliga millionlab tonna tuzli chang ko‘tarilishi, avvalo, ushbu hudud aholisi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelmoqda. Bu esa mintaqada turli surunkali kasalliklar, jumladan, bronxial astma va allergik rinit kuchayishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Yangiliklar lentasi
0