Kasanachilikni kengaytirish uchun ajratiladigan kredit miqdori oshiriladi

© Sputnik / Zafar XalilovSum
Sum - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.02.2023
Obuna bo‘lish
Prezident aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqishga doir qaror qabul qildi.
TOShKENT, 1 fev — Sputnik. Kasanachilikni kengaytirish uchun hokim yordamchilari tavsiyanomasi asosida ajratiladigan kreditlar miqdori oshiriladi. Bu haqda prezident 2023-yil 31-yanvar kuni imzolagan 39-sonli qarorda nazarda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, 2023-yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun kamida 13 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
2023 yil 1-fevraldan quyidagilar amalga oshiriladi:
kreditlar ustuvor ravishda dasturlar bo‘yicha avval kreditlardan foydalanmagan aholi va tadbirkorlarga ajratiladi;
uzoq muddatga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarini ijaraga olib, dehqon xo‘jaliklari va kichik tadbirkorlik subyektlariga 50 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi;
tadbirkorlarning mahallalarda ishlab chiqarishni, xizmat ko‘rsatish sohasini va hunarmandchilikni hamda aholi bilan kooperatsiya va kasanachilikni kengaytirishga yo‘naltirilgan loyihalari uchun hokim yordamchilarining tavsiyanomasi asosida ajratiladigan kreditlar miqdori amaldagi 225 million so‘mdan 300 million so‘mgacha oshiriladi.
Tashabbuskor loyihada kamida 30 foiz ulush bilan ishtirok etish lozim.
Bunda dasturlar doirasida ilgari olgan kreditlardan samarali foydalanib, tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan va kredit to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirgan kichik tadbirkorlik subyektlariga faoliyatini yanada kengaytirishi uchun mazkur kreditlardan takroran foydalanishga ruxsat etiladi.
Hokim yordamchisining tavsiyasiga ko‘ra kredit summasining 10 million so‘mgacha bo‘lgan qismi (hunarmandlar uchun 20 million so‘mgacha) bank kartalariga (naqdlashtirish imkoniyatini cheklagan holda) o‘tkazib beriladi.
2023 yil 1-iyundan aholi va tadbirkorlarga kredit ajratish jarayonida qarz oluvchini ID-kartadagi (biometrik pasportdagi) biometrik ma’lumotlar asosida identifikatsiya qilish yo‘lga qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning oktabr oyidan boshlab tadbirkorlik subyektiga har bir kasanachiga asbob-uskunalar xarid qilib berish xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismi miqdorida subsidiya ajratilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, tadbirkorlar kasanachilikni tashkil etganidan kamida 3 oy o‘tgandan so‘ng subsidiya olish uchun Aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga yozma ravishda yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladi.
Yangiliklar lentasi
0