Vazirlik va idoralar soni qisqartirildi - prezident farmoni
12:24 25.01.2023 (yangilandi: 14:11 25.01.2023)
© Sputnik / Dmitriy AstaxovMujchina s portfelem
© Sputnik / Dmitriy Astaxov
Obuna bo‘lish
Shtatlar sonini qisqartirish hisobiga 1,5 trillion so‘m tejab qolinadi. Xizmat mashinalaridan esa 70 mlrd so‘m tejalishi prognoz qilinmoqda.
TOShKENT, 25 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda vazirlik va idoralarda budjet va nobudjet mablag‘laridan moliyalashtiriladigan boshqaruv va ishlab chiqarish shtat birliklari qisqartirilmoqda. Bu prezident imzolagan 14-sonli farmonda nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, jami 17 447 ta boshqaruv va ishlab chiqarish shtat birliklari qisqartirilmoqda. Shu jumladan, vazirlik va idoralar rahbarlari o‘rinbosarlari soni 207 nafardan 144 nafargacha (-63) yoki 30 foizga kamaytirilmoqda.
Shuningdek, dastlabki hisob-kitoblarga muvofiq, 703 ta avtotransport vositasi va 10 ta bino ham bo‘shamoqda.
Shtatlar sonini qisqartirish hisobiga 1,5 trillion so‘m tejab qolinadi. Xizmat mashinalaridan esa 70 mlrd so‘m tejalishi prognoz qilinmoqda.
Vazirlik va idoralarda xodimlarning umumiy cheklangan soni 56 573 nafar etib belgilanmoqda. Nobudjet mablag‘lardan qo‘shimcha boshqaruv shtatlarni kiritish qat’iy taqiqlanmoqda.
Endi vazirlik va idoralar qanday tizim asosida ishlaydi?
Har bir vazirlik va idora o‘z faoliyatini mutlaqo yangi tizim asosida tashkillashtiradi. Buning uchun 16ta yo‘nalish bo‘yicha aniq takliflarni o‘z ichiga olgan O‘zbekiston prezidentining hujjati loyihasini kiritadi.
Takliflarda quyidagi masalalar o‘rin oladi:
sohalarda hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalarga yechim topishga yo‘naltirilgan tashkiliy-huquqiy va moliyaviy chora-tadbirlar, aholi uchun qulay sharoitlar yaratish, fuqarolarning tizimli muammolarini hal etish;
budjet mablag‘laridan maqsadli va oqilona foydalanish, davlat xaridlari shaffofligini oshirish;
tadbirkorlik subyektlari uchun teng imkoniyatlar yaratish orqali davlat xaridlari jarayonida raqobatni rivojlantirish;
tegishli sohalarda davlat-xususiy sheriklik va autsorsing mexanizmlarini keng joriy qilish;
2023 yildan boshlab vazirlik va idoralar hamda ularning tizim tashkilotlarining ayrim funksiyalarini bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish;
tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish hamda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish;
vazirlik va idoralarda hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlar kesimida korrupsiya avj olgan sohalarda uning rivojlanish sabablari va shartlarini o‘rganish asosida ushbu sohalarning har biriga “tashxis qo‘yish” hamda korrupsiya omillarini bartaraf etish;
sohaga AKTni keng joriy etish, shu jumladan vazirlik va idoralarning ish jarayonini raqamlashtirish;
energiyani tejash, uning samaradorligini oshirish va sohaga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng jalb qilish.
Farmon bilan vazirlik va idoralarning yagona ro‘yxati tasdiqlanmoqda. Unga ko‘ra, hukumatga bo‘ysunadigan mustaqil vazirlik va idoralar soni jami 26 ta etib belgilanmoqda. Ular tarkibiga kirgan barcha qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalar bilan birga jami 69 taga teng.
Shundan:
vazirliklar – 21 ta;
qo‘mitalar – 12 ta, shundan 2 tasi mustaqil maqomga ega;
agentliklar – 25 ta, shundan 3 tasi mustaqil maqomga ega;
inspeksiyalar – 11 ta.
Shuningdek, vazirlik va idoralarning o‘zbek va rus tillaridagi qisqartma nomlari tasdiqlanib, ularni yig‘ilish va videoselektor bayonlari, xizmat yozishmalari, tahliliy materiallarda ko‘rsatish mumkin bo‘ladi.