Bo‘sh maydonlarda shamol va quyoshga moslashgan gibrid stansiyalar quriladi - prezident

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 20.01.2023
Obuna bo‘lish
Shavkat Mirziyoyev energiya ta’minotini yaxshilash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi hamda gidroenergetika tarmog‘idagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi.
TOShKENT, 20 yanv — Sputnik. Gidroenergetika inshootlari atrofidagi bo‘sh maydonlarda shamol va quyoshga moslashgan gibrid stansiyalar quriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi energiya ta’minotini yaxshilash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilish davomida davlat rahbari gidroenergetikada salohiyat yuqoriligini ta’kidlab, quvvatlarni keskin oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Qayd etilishicha, shu yilning o‘zida 197 megavattli 7 ta loyiha va 10 ta mikro gidroelektr stansiya ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Yana 438 megavattli 8 ta istiqbolli loyiha va 50 ta mikro GES qurish bo‘yicha ishlar boshlanadi.
Hozirda mikro gidroelektr stansiyalar qurish mumkin bo‘lgan 250 ta maydon aniqlangan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, kelgusida bu inshootlarda yiliga 675 million kilovatt-soat elektr energiyasini ishlab chiqarib, 200 million kub metr gazni tejash mumkin.
Mikro GESlardan elektr energiyasini yuqori narxlarda sotib olish yo‘lga qo‘yilgach, sohaga tadbirkorlar qiziqishi ortdi.
Gidroenergetika inshootlari atrofidagi bo‘sh maydonlarda shamol va quyoshga moslashgan gibrid stansiyalar qurish bo‘yicha topshiriq berildi. U yerlarda tayyor infratuzilma borligi hisobiga xarajatlar kam bo‘ladi.
Shuningdek, prezident sohada mahalliylashtirish masalasiga ham to‘xtalib, “Suvsanoatmash” AJda mikro GES uskunalari, Toshkent viloyatida gidroagregatlar ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriq berdi.
Suv omborlarini boshqarishni raqamlashtirish, kadrlar malakasini oshirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Qolaversa, prezident mavjud barcha zaxiralarni ishga solish, yangi va istiqboldagi loyihalarni muddatidan kechiktirmagan holda amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.
Energiya tanqisligi sharoitida kunlik ishlab chiqarishni ko‘paytirish, resurslarni adolatli va samarali taqsimlab, joylarga izchil yetkazib berish, uzilishlarni tezkor bartaraf etish vazifalari belgilandi.
Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda gidroenergetika yo‘nalishida 500 million dollarlik 27 ta loyiha amalga oshirilib, qo‘shimcha 260 megavattli quvvatlar yaratildi. “O‘zbekgidroenergo” tizimidagi stansiyalarning umumiy quvvati 2 ming megavattdan oshdi. Natijada yiliga 2 milliard kub metr tabiiy gaz tejalmoqda.
Yangiliklar lentasi
0