O‘zbekistonlik shifokorlar ilk bor siam egizaklarini ajratib olishdi - foto

Obuna bo‘lish
Siam egizaklari 3 soat davomida operatsiya qilindi. Hozirda mutaxassislar siam egizaklarining ahvolini yaxshi deb baholamoqda.
TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. Qirg‘izistonlik siam egizaklar o‘zbek shifokorlari tomonidan birinchi marta o‘ta noyob operatsiya natijasida ajratib olindi. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Siam egizaklarining jarrohlik amaliyoti O‘zbekistondagi Respublika perinatal markazi qoshidagi neonatal xirurgiya markazida o‘tkazilgan.
Qayd etilishicha, egizaklar o‘tgan yilning may oyida tanasining qorin qismi, aniqrog‘i, jigari bilan birlashgan holda dunyoga kelgan.

“Amaliyot 3 soat davom etdi. Bolalar bir-biri bilan jigar orqali birlashgani o‘z isbotini topdi. Bolalarni ajratganda jigardan va boshqa qon tomirlardan qon ketishining oldini olish maqsadida ultratovush va argon skalpeli, shuningdek, “Bloodstop” deb atalgan zamonaviy gemostatik materialdan foydalandik. Natijada minimal darajada qon ketishi bilan bolalar ajratib olindi”, - deydi Respublika perinatal markazi qoshidagi neonatal xirurgiya markazi rahbari Baxtiyor Ergashev.

Ta’kidlanishicha, bemorlarning o‘t pufaklari alohida-alohida shakllangan bo‘lgan. Bu esa ikki tana ajratilganida, mazkur a’zolar o‘z vazifasini bekamu ko‘st bajarishini ta’minlab bergan.
Egizaklar muvaffaqiyatli ajratib olingach, operatsiyaning keyingi bosqichida tibbiy jamoa ikki guruhga bo‘linib, ish olib bordi.
Hozirda mutaxassislar siam egizaklarining ahvolini stabil deb baholamoqda.
Ma’lumot uchun, siam egizaklari tanasining ma’lum bir qismi birlashgan holda tug‘iladi. Ularning ichki organlari ham birlashgan bo‘lishi mumkin. Tanasi tutash chaqaloqlarni vaqti kelib jarrohlik yo‘li bilan ajratish mumkin, biroq umumiy ichki a’zolarga ega egizaklarni tanasidan ajratish deyarli imkonsiz.
Odatda siam egizaklari 200 ming holatda bir marta uchrashi mumkin. Ularning aksariyati o‘lik holatda dunyoga keladi. Tirik tug‘ilganlarining 5 foizdan 25 foizgacha bo‘lgan qismi uzoq umr ko‘rmaydi.
© Sog‘liqni saqlash vazirligi
Qirg‘izistonlik siam egizaklar O‘zbekistonda noyob operatsiya natijasida ajratib olindi - Sputnik O‘zbekiston
1/3
© Sog‘liqni saqlash vazirligi
Qirg‘izistonlik siam egizaklar O‘zbekistonda noyob operatsiya natijasida ajratib olindi - Sputnik O‘zbekiston
2/3
© Sog‘liqni saqlash vazirligi
Qirg‘izistonlik siam egizaklar O‘zbekistonda noyob operatsiya natijasida ajratib olindi - Sputnik O‘zbekiston
3/3
Yangiliklar lentasi
0