Mirziyoyev “Global Janub ovozi” sammitida qanday takliflarni ilgari surdi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 12.01.2023
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston rahbari Hindiston bosh vaziri Narendra Modi raisligida onlayn shaklda o‘tkazilgan “Global Janub ovozi” sammitida qatnashdi.
TOShKENT, 12 yanv — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-yanvar kuni o‘tkazilgan “Global Janub ovozi” sammiti yalpi majlisida nutq so‘zladi.
Tadbir Hindistonning “Katta yigirmatalik”ka (G20) raisligi doirasida tashkil etilgan onlayn shaklda tashkil etildi.
O‘zbekiston prezidenti Hindistonning G20ga raisligini qo‘llab-quvvatlab, kun tartibidagi masalalar yuzasidan qator amaliy takliflarni ilgari surdi.
Eng avvalo, bugungi kunda mavjud xalqaro savdo tizimini “Global Janub ovozi”ni e’tiborga olgan holda takomillashtirish taklif qilindi.
Asosiy bozorlarga chiqishda hamon turli to‘siq va cheklovlarga duch kelayotgan rivojlanayotgan mamlakatlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur sharoitlar yaratilishi lozim.
Rivojlanayotgan davlatlarning energetika va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, global logistika va qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratish, investitsiya va eng zamonaviy texnologiyalarni jalb etishda ko‘maklashish masalalari jahon sammiti kun tartibidan o‘rin olishi maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Yana bir strategik masala – “Shimol-Janub” xalqaro yo‘lagi doirasida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirishga qaratilgan, Afg‘oniston orqali Hind okeaniga chiqadigan temir yo‘lni qurish loyihasini faol ilgari surish. O‘zbekiston yetakchisi hamkorlarni ushbu muhim loyihada ishtirok etishga chaqirdi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish sharoitida taraqqiy etgan va rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasidagi katta texnologik farq o‘sib bormoqda. Shu munosabat bilan Mirziyoyev jahonning yetakchi davlatlari ko‘magida “Global Janub” uchun “yashil” texnologiya va innovatsiyalar axborot bankini yaratishni taklif qildi.
O‘zbekiston rahbari navbatdagi dolzarb masala inson kapitalini rivojlantirish va professional ta’lim sifatini oshirish ekanini ko‘rsatib o‘tdi.
“Iqtidorli yoshlarimizni iqlim o‘zgarishi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, muqobil energetika, raqamlashtirish va boshqa ustuvor sohalardagi milliy va xalqaro dasturlarni ishlab chiqishga keng jalb etishimiz kerak”, - dedi Mirziyoyev.
Shundan kelib chiqib, “Janub yoshlari ovozi” doimiy muloqot platformasini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Global miqyosda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida davlat rahbari O‘zbekiston ilgari surayotgan Afg‘oniston muammosini hal etish bo‘yicha xalqaro muloqot guruhini shakllantirish taklifini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Onlayn-sammitda bildirilgan taklif va tashabbuslar rivojlanayotgan mamlakatlarning manfaatlarini ilgari surishga, inson manfaatiga yo‘naltirilgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Tadbirda Vyetnam prezidenti Nguyen Suan Fuk, Gayana prezidenti Muhammad Irfon Ali, Mozambik prezidenti Filipe Nyusi, Senegal prezidenti Maki Sall, Bangladesh bosh vaziri Shayx Xasina, Mo‘g‘uliston bosh vaziri Luvsannamsrayn Oyuun-Erdene, Tailand bosh vaziri Prayut Chan Ocha, Kambodja bosh vaziri Xun Sen va Papua - Yangi Gvineya mustaqil davlati bosh vaziri Jeyms Marape qatnashdi.
Yangiliklar lentasi
0