Bayram kunlari qaysi tibbiyot muassasalari tunu kun ishlashi ma’lum bo‘ldi

© XSSkoraya pomosh
Skoraya pomosh - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 30.12.2022
Obuna bo‘lish
Davolash-profilaktika muassasalari va shoshilinch tibbiy yordam makazlarida 24 soat davomida navbatchi shifokor va hamshiralar faoliyat yuritadi. Sanitariya-epidemiologiya xizmati ham ish olib boradi.
TOShKENT, 30 dek — Sputnik. Yangi yil bayrami kunlari tibbiyot muassasalari tunu kun ishlaydi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Yangi yil bayramida O‘zbekiston aholisi 31-dekabrdan 4-yanvargacha ketma-ket 4 kun dam oladi. Ana shu davrda davolash-profilaktika muassasalarining 40 ming nafar tibbiyot xodimi qonunda belgilangan tartibda, navbatchilik asosida aholiga xizmat ko‘rsatadi.
Davolash-profilaktika muassasalari:
1049 ta oilaviy poliklinika;
1080 ta oilaviy shifokor punkti;
tuman, viloyat va respublika shifoxonalari;
ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari;
tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalari.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi 13 ta filiali, tumanlardagi 181 ta shoshilinch tibbiy yordam qabul bo‘limi hamda tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarida 24 soat davomida navbatchi shifokor va hamshiralar faoliyat yuritadi.
Ushbu muassasalar zarur dori-darmonlar bilan ta’minlanib, zaxira o‘rinlari yaratilgan.
Mamlakat bo‘yicha 2755 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholidan bo‘ladigan chaqiriqlar asosida kunu tun xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, 227 ta tug‘uruq, 245 ta bolalar davolash muassasaci ham uzluksiz ish olib boradi.
Qolaversa, Sanitariya-epidemiologiya xizmatining markaziy apparati va hududlardagi 14 ta boshqarma hamda 203 ta aholi punktida joylashgan bo‘limlarida ham 24 soat davomida navbatchi shifokor, vrach-laborant va yordamchi xodimlar faoliyatini davom ettiradi.
Respublika Call-markazi (1003) orqali tibbiyotga tegishli savollarga malakali mutaxassislardan kechayu kunduz javob olish mumkin.
Yangiliklar lentasi
0