Prezident ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tishni taklif qildi

© Sputnik / Ilya PitalevPortfel chinovnika, foto iz arxiva
Portfel chinovnika, foto iz arxiva - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 20.12.2022
Obuna bo‘lish
TOShKENT, 20 dek — Sputnik. O‘zbekiston hukumatidagi vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 tagacha kamaytiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatida aytib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev 2023-yildagi ustuvor yo‘nalishlarni to‘xtalib, ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tishni taklif qildi.
“Birinchi yo‘nalish – ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tishni taklif qilaman”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
U so‘zini aynan shu yo‘nalishdagi islohotdan boshlayotganiga izoh berib, Oldinlari e’tibordan chetda qolib, “yo‘q bo‘lib ketish” arafasida bo‘lgan sohalarni “oyoqqa turg‘izish” uchun, olti yil davomida yangi vazirlik va idoralarni tashkil qilishga to‘g‘ri kelganini qayd etdi.
“Buni qilishga majbur edik, aks holda hozirgi yutuqlarimiz bo‘lmas edi. Maktabgacha ta’lim, uy-joy kommunal, mahallabay ishlash, investitsiya, davlat xizmatlari, davlat-xususiy sheriklik sohalarida katta natijalarga erishdik. Xususiy sektor va tadbirkorlikning rivojlanishi ortga qaytmas jarayonga aylandi”, - deydi prezident.
U aholining faolligi, zamonaviy texnologiya va kasb-hunarlarga intilishi oshib borayotgani, kundan-kunga iqtisodiyotda yangi-yangi yo‘nalish va sohalar yaratilayotganiga ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyevning qayd etishicha, Birinchi bosqichda vazirliklar isloh qilinadi, Hukumat ish uslubi ham tubdan o‘zgaradi.
“Eng avvalo, vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 tagacha kamaytiriladi. Endi har bir vazirlik tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirishga mas’ul bo‘lib, tarmoq tarkibidagi qo‘mita, agentlik va inspeksiyalarga rahbarlik qiladi”, - deydi Mirziyoyev.
Shuningdek, prezident davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 25-30 foizga qisqartilishini aytdi. Iqtisod qilinadigan mablag‘lar esa ijtimoiy masalalarga yo‘naltiriladi.

“Ko‘p vazirlar o‘zgaradi. O‘z sohasining chuqur bilimdoni, fidoyi va ishidan xalq rozi bo‘layotgan vazirlar lavozimida qoladi. O‘ylaymanki, bunday yondashuv adolatli bo‘ladi. Har bir vazirning siyosiy maqomi, prezident, parlament va jamoatchilik oldidagi mas’uliyati oshiriladi”, - deydi O‘zbekiston rahbari.

U so‘zida davom etib, mos ravishda vazirlarning javobgarligi ham kuchaytirilishini, ularga aholi muammolarini hal qilish uchun yetarli vakolat va mablag‘ berilishini qo‘shimcha qildi.
“Vazirliklar faoliyatida ochiqlik, qonuniylik, natijadorlik va sifat asosiy mezon bo‘ladi”, - deya fikr bildirdi prezident.
Bundan tashqari, endilikda davlat lavozimlariga faqat tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi o‘rnatiladi. Barcha rahbarlar faoliyati samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholab boriladi.
Prezidentga ko‘ra, yangi yildan boshlab har bir hokim o‘z tumaniga 40-50 million dollar xususiy investitsiyalarni olib kelishi kerak bo‘ladi
Yangiliklar lentasi
0