Xorijda O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga oid 9 mingdan ortiq osori-atiqalar topildi

© Sputnik / Utarbekov / Mediabankka o‘tishArabskie i persidskie rukopisi IX-X vekov
Arabskie i persidskie rukopisi IX-X vekov - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 14.12.2022
Obuna bo‘lish
O‘zbekistonda osori-atiqalar bo‘yicha to‘plangan ma’lumotlarning ilmiy tavsifini joriy etish, ularni Elektron reyestrga kiritish va qo‘lozmalar reyestrini nashr etish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
TOShKENT, 14 dek — Sputnik. Xorijiy mamalakatlarda O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga oid 9 mingdan ortiq osori-atiqalar aniqlandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda O‘zbekistonda osori-atiqalar bo‘yicha to‘plangan ma’lumotlarning ilmiy tavsifini joriy etish, ularni Elektron reyestrga kiritish va qo‘lozmalar reyestrini nashr etish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
"Bugungi kunga qadar dunyoning 40 mamlakatida saqlanayotgan 9 mingdan ortiq uy-ro‘zg‘or buyumlari, arxeologik topilmalar, O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga oid turli zargarlik buyumlari, qo‘lozmalar, hujjatlar, to‘qimachilik buyumlari, cholg‘u asboblari haqida ma’lumotlar jamlangan. Ushbu boyliklarning 44 foizini qo‘lozmalar tashkil etgani uchun ularni o‘rganish va targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda", - deyiladi agentlik xabarida.
2022 yilda xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga oid qo‘lozmalarni aniqlash, o‘rganish va nusxalarini yetkazib berish yo‘nalishida 330 ta madaniyat obyekti – 173 ta qo‘lozma, 157 ta muzey eksponatlarining ilmiy tavsifi aniqlangan.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, “O‘zbekistonga oid xorijdagi qo‘lozma asarlar reyestri. Tom 1” (The Register of Manuscripts Located overseas concerning Uzbekistan’s cultural heritage) nashr etildi. Monografik tadqiqot o‘zbek, ingliz va rus tillarida 1000 nusxada nashr etilib, respublika hamda dunyoning 40 ga yaqin davlatlarining ilmiy va madaniy muassasalari va tashkilotlariga taqdim etilgan.
Agentlik xodimi, falsafa fanlari doktori, professor Roiq Bahodirovning bevosita tashabbusi va rahbarligida “Habibullayev A. Ajdodlar merosi: AQShdagi qo‘lozmalar” asarining birinchi nashri 2022-yildagi yana bir ilmiy muvaffaqiyat bo‘ldi. Ushbu qo‘lozmalar o‘zbek olimlariga tegishli bo‘lib, AQSh oliy o‘quv yurtlari kutubxonalarida saqlanadi.
Nashrda quyidagi 13 ta kutubxona fondlarini o‘rganish natijasida olingan ma’lumotlar o‘rin olgan bo‘lib, ularda 31 nafar olim tomonidan yozilgan 123 ta asarning 556 ta qo‘lda yozilgan nusxalarining ilmiy tavsiflari keltirilgan:
Prinston universitetida - 278;
Yel universitetida - 140;
Michigan universitetida (Ann Arbor shahri) - 51;
Kongress kutubxonasi (Vashington, Kolumbiya okrugi) – 27;
Kolumbiya universitetida - 16;
Pensilvaniya universitetida - 15;
Garvard universitetida (Kembrij) - 13;
Milliy tibbiyot kutubxonasida (Vashington, Kolumbiya okrugi) - 11;
Xaverford kolleji, Yuta universiteti, Stenford universiteti, Baltimor shahridagi Uolters badiiy muzeyi va Ayova universiteti kutubxonasidan olingan 1 tadan qo‘lozma ma’lumotlari taqdim etilgan.
Nashrda Ahmad Farg‘oniy, Imom al-Buxoriy, Iso at-Termiziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Lays as-Samarqandiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Mahmud az-Zamaxshariy, Burxoniddin Marg‘inoniy, Sauddin At-Taftazoniy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqalarning qo‘lozma asarlari o‘rin olgan.
Yangiliklar lentasi
0