Xalqaro reytinglarga kirgan OTMni tugatgan yosh kadrlarga 12 mln so‘mgacha ustama to‘lanadi

© Sputnik / Zafar XalilovSum
Sum - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 12.12.2022
Obuna bo‘lish
Xalqaro reytingga kirgan OTMlarda ilmiy daraja olganlik uchun ham ustama belgnilangan.
TOShKENT, 12 dek — Sputnik. Xalqaro reytinglarga kirgan OTMni tugatgan yosh kadrlarga 12 mln. so‘mgacha, ilmiy daraja olganlarga esa 22,5 mln so‘mgacha ustama beriladi. Bu haqda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, xalqaro reytinglarga kirgan xorijiy OTMlarni tamomlagan yosh mutaxassislarga muassasaning o‘rniga qarab, bazaviy hisoblash miqdorining quyidagi miqdorida ustama to‘lanadi:
Reytingda 1-100-o‘rin: bakalavr — BHMning 30 barobari (9 mln. so‘m), magistratura — 40 barobari, (12 mln. so‘m), ilmiy daraja uchun — 75 barobari (22,5 mln. so‘m).
Reytingda 101-300-o‘rin: bakalavr — 20 barobari (6 mln. so‘m), magistratura 30 barobari (9 mln. so‘m), ilmiy daraja uchun — 60 barobari miqdorda (18 mln.so‘m).
Reytingda 301-500-o‘rin: bakalavr — 15 barobari (4,5 mln. so‘m), magistratura — 20 barobari (6 mln. so‘m) va ilmiy daraja uchun — 50 barobari miqdorida (15 mln. so‘m) ustama beriladi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston prezidentining “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan davlat organlari, tashkilot va muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy OTMlarni tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga qo‘shimcha ustamalar to‘lab borish tartibi joriy etilgan.
Qayd etilgan qo‘shimcha ustamalar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, yosh mutaxassis va uning ish beruvchisi o‘rtasida imzolangan shartnoma asosida har oy to‘lab boriladi. Shartnoma 3-yilgacha bo‘lgan muddatga tuziladi va to‘lovlar ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan shakllantirilgan oylik ustamalar tatbiq etiladigan ta’lim yo‘nalishlari, tor mutaxassisliklar ro‘yxati, davlat organlari, tashkilot va muassasalari ro‘yxati Agentlikning rasmiy veb-sayti — www.argos.uz da joylashtirilgan.
Yangiliklar lentasi
0