Gazdan noqonuniy foydalangan korxonalar suvdan quruq chiqib ketmaydi - Sardor Umurzakov

© Prezident AdministratsiyasiAdministratsiya rahbari Sardor Umurzakov raisligida Respublika shtabining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi
Administratsiya rahbari Sardor Umurzakov raisligida Respublika shtabining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 10.12.2022
Obuna bo‘lish
Administratsiya rahbari Sardor Umurzakov raisligida Respublika shtabining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi – tafsilotlar.
TOShKENT, 10 dek — Sputnik. Hududlarda har bir korxona va tashkilotlar o‘rganilib, gazdan noqonuniy foydalanish holatlari tezkor bartaraf etiladi hamda javobgarlik choralari ko‘riladi. Bu haqda Administratsiya rahbari Sardor Umurzakov raisligida o‘tkazilgan Respublika shtabining navbatdagi yig‘ilishida ma’lum qilindi, deya xabar berdi O‘zA.
Qayd etilishicha, ikki kundan buyon hududlarda va mutasaddi vazirliklarda shtablar faoliyati ko‘rsatmoqda. Lekin, amaliy ishlar bilan birgalikda joylarda qator muammo va kamchiliklar hanuz kuzatilmoqda.
Gaz quvurlarida bosimning meyordan pastligi sababli respublika bo‘yicha jami 462ta mahalladagi qariyb 62 mingta xonadonga tabiiy gaz yetib bormayapti.

"Mana, masalan, Olmaliqdagi g‘isht zavod gaz hisoblagichlardagi onlayn modemni uzib, ko‘rsatkichni "nol" qilib qo‘yib, gaz tarmog‘iga noqonuniy ulangan. Eng qizig‘i, ushbu holat aniqlangach, viloyat prokurori Prezident Administratsiyasi mas’ullaridan shu zavodni tarmoqdan uzmaslikni so‘ragan. Prokurorning manfaati bormi, bunday noqonuniy ulanishga?", deydi Sardor Umurzakov.

Administratsiya rahbarining ta’kidlashicha, ushbu zavod egalarining Angrenda ham zavodi bo‘lgan. Bosh vazir o‘rinbosari Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchiligadagi komissiya Olmaliqqa kelganini eshitib, darrov Angrendagi zavodini yopishgan. Agar Angrendagi zavodda ham qonunbuzilish holati aniqlansa, bu bo‘yicha ham alohida ish qo‘zg‘atilishi ma’lum qilindi.
"Bunaqalarning orqasida kimlar turganigacha topamiz. U hokim bo‘ladimi, prokuror yoki soliqchimi, farqi yo‘q, tadbirkor bilan til biriktirgan bo‘lsa, javobgarlikka tortiladi. Shuningdek, kamida hudud rahbarlarining beparvoligi masalasi ham ko‘rib chiqiladi", deydi Administratsiya rahbari.
Bundan tashqari, birgina Jizzax viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda bir kunda 4 ta korxonada tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan.
Shuningdek, Toshkent viloyati Yuqori chirchiq tumanida joylashgan “BEAUTY GLASS DECOR” shishani qayta ishlash korxonasi 2 dona shisha qayta ishlash pechlarida tabiiy gazdan foydalanib kelmoqda. Kunlik tabiiy gaz iste’moli 7 000 metr kubni tashkil qiladi. Bu iste’molchi kuz-qish mavsumida tabiiy gazdan ajratilishi belgilangan bo‘lishiga qaramasdan, “Hududgaz Poytaxt” gaz ta’minoti filiali tomonidan tabiiy gaz yetkazib berilayotganligi aniqlangan.

"Bunday holat qolgan barcha hududlarda ham mavjud. Hududlarda har bir korxona va tashkilotlar o‘rganilib, gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanganda, ular tezkor bartaraf etiladi hamda javobgarlik choralari ko‘riladi. Bizlarni bu holatga olib kelganlar suvdan quruq chiqib ketmaydi. Ularning ba’zilari hozir ichimizda, yig‘ilishda o‘tiribdi”, deydi Umurzakov.

Aytilishicha, “O‘ztransgaz”ga qarashli kompressor stansiyalarida ham jiddiy kamchiliklar mavjud. Jami 37 ta agregatdan 21 tasi ta’mirtalab.
“Jo‘rabek Tursunpo‘latovich (energetika vaziri), Bekzod Raxmatullayevich ("O‘ztransgaz" rahbari) barcha agregatlar zudlik bilan ishchi holatiga keltirilishi zarur. Nosoz agregatlar boshqa qurilmalar zo‘riqish bilan ishlashiga olib kelib, texnik nosozliklar kelib chiqishiga va iste’molchilarni barqaror tabiiy gaz bilan ta’minlash imkonini yo‘qqa chiqaradi. Buxoro, Navoiy, Farg‘ona va Toshkent shahrida 1485 ta mahalla kunning ma’lum bir vaqtida elektr ta’minotisiz qolgan. Ulug‘bek Mavlonovich ("Hududiy elektr tarmoqlari " AJ raisi) respublika hududlarida avariyalarni bartaraf qilish bo‘yicha brigadalar sonini ko‘paytirish va avariyalarni to‘liq bartaraf etish choralarini ko‘rsin, dedi Administratsiya rahbari.
Sardor Umurzakovning so‘zlariga ko‘ra, ko‘mir yetkazib berish ko‘rsatkichlari Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala (20 foiz) va Qarshi (38 foiz) tumanlarida hamda Navoiy viloyatining Karmana tumanida (22 foiz) ancha past darajada qolmoqda.
Yig‘ilishda mutasaddilarga ko‘mir yetkazib berish bo‘yicha tasdiqlangan yetkazib berish grafigi ijrosini qat’iy ta’minlash topshirildi.
Yangiliklar lentasi
0