Aksilmonopoliya qo‘mitasiga ayrim tovarlar narxini nazorat qilish vakolati beriladi

© Depositphotos / AnyaberkutMujchina s telejkoy v supermarkete
Mujchina s telejkoy v supermarkete - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 09.12.2022
Obuna bo‘lish
Qo‘mita 45 turdagi yuqori likvidli va monopol mahsulotlar - benzin, ko‘mir, metall, sement va boshqalar, hamda 10 turdagi ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan iste’mol mahsulotlari - un, go‘sht, non, shakar, o‘simlik yog‘i va boshqa mahsulotlar narxlarini nazorat qiladi.
TOShKENT, 9 dek — Sputnik. Tez kunda Vazirlar Mahkamasining strategik va ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlarning narxlarini nazorat qilish va barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qarori qabul qilinishi kutilmoqda. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xabar berdi.
Mazkur qaror loyihasiga asosan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi quyidagi mahsulotlarning narxlarini asossiz oshirilmasligini nazorat qiladi:
45 turdagi yuqori likvidli va monopol mahsulotlar (benzin, ko‘mir, metall, sement va hokazo);
10 turdagi ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan iste’mol mahsulotlari (un, go‘sht, non, shakar, o‘simlik yog‘i va hokazo).
Qo‘mita ushbu mahsulotlar narxlarining o‘zgarish dinamikasini monitoring qiladi, ularning tebranishiga ta’sir etgan omillar va ularning kelib chiqish sabablarini tahlil qiladi.
Narxlarning asossiz o‘sishi, kelishib qilinadigan harakatlar va til biriktirishlar holatlarini aniqlash uchun belgilangan tartibda tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar xo‘jalik yurituvchi subyektlarning binolariga bevosita kiradi hamda ombordagi mavjud zaxiralarini xatlovdan o‘tkazadi.
Xatlovda aniqlangan mahsulotlarning ortiqcha hajmini savdoga chiqarish, asossiz oshirilgan narxlarni pasaytirish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma va ko‘rsatmalar kiritadi.
Taqdimnoma va ko‘rsatmalar o‘z vaqtida bajarilmagan taqdirda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish choralarini ko‘radi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi benzin narxini sun’iy oshirish holatlarini nazoratga olib, avtomobil yoqilg‘i quyish shaxobchalarini (AYoQSh) ogohlantirgan edi.
Hozirda qo‘mita tomonidan avtomobil benzini narxlarini sun’iy oshirishga, tanqislik va ajiotaj talabni vujudga keltirishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, birja savdolariga qo‘yiladigan AI-80 markali benzinning kunlik hajmlarini oshirish va narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Yangiliklar lentasi
0