Elektr va gaz borasidagi muammolarni tezkor hal qiluvchi shtablar tashkil etildi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaAdministratsiya rahbari Sardor Umurzakov
Administratsiya rahbari Sardor Umurzakov  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 08.12.2022
Obuna bo‘lish
Prezident topshirig‘iga asosan, Bosh vazir boshchiligida O‘zbekiston hududida energiya muammolarini tezkor o‘rganish va hal qilib borish Hukumat ishchi guruhi tuziladi.
TOShKENT, 8 dek — Sputnik. Elektr va gaz borasida yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal qilish uchun tunu kun ishlaydigan shtablar tashkil etildi. Bu haqda prezident Administratsiya rahbari Sardor Umurzakov raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda joriy yil yakuni bilan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda kutilayotgan natijalar va energetikadagi vaziyat muhokama etildi.
Majlis davomida qish mavsumini betalafot o‘tkazish uchun mas’ul mutasaddilar ishidagi jiddiy kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.
Aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan mutanosib ta’minlash masalalarini tezkor va tizimli hal etib borish maqsadida Energetika vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida kunu tun ishlaydigan shtablar tashkil etish topshirildi.
Bu masalalar bo‘yicha kunlik nazorat o‘rnatish uchun prezident maslahatchilari va Bosh vazir o‘rinbosarlari har bir viloyat hokimiga biriktiriladigan bo‘ldi.
Shtablar va biriktirilgan rahbarlar alohida e’tiborni quyidagilarga qaratadi:
elektr energiyasi va tabiiy gaz ishlab chiqarish hamda ularni iste’molchilarga yetkazib berish;
aholi, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari uchun ko‘mir va suyultirilgan gaz yetkazib berish;
qo‘p qavatli uy-joylarga xizmat ko‘rsatuvchi qozonxonalarning ishlash holatini nazorat qilish va boshqalar.
Qayd etilishicha, davlat tashkilotlari mashinalariga vaqtincha gaz quyish taqiqlandi. AI-80 benzini uchun aksiz solig‘i bekor qilindi.
Yuzaga kelgan vaziyatni normallashtirish bo‘yicha quyidagi chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi:
tovar gaz yetkazib berish hajmini sutkasiga 5 million kub metrga oshirish;
2023 yil 1-martga qadar davlat idoralari tasarrufidagi siqilgan gazda harakatlanadigan avtomobillardan foydalanishni taqiqlash, ularni benzinga o‘tkazish;
xorijiy davlatlar bilan qo‘shimcha tabiiy gaz, elektr energiyasi, ko‘mir, mazut xarid qilish bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirish;
2 oy muddatga AI-80 benzini importi uchun aksiz solig‘i va uni chakana sotish uchun aksiz solig‘ini hisoblash va undirishni to‘xtatib turish;
birja sotuvlariga qo‘yilayotgan AI-80 benzining kunlik hajmini oshirish;
AI-80 benzini narxining asossiz oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik, narx oshishi boshlang‘ich narxning 5 foizidan ortiq bo‘lmasligini ta’minlash.
Qo‘shimcha choralar:
barcha ishlab chiqaruvchilar va treyderlarga suyultirilgan gazni eksport qilish taqiqlanadi;
tabiiy gaz yetkazib berish imkoniyati mavjud bo‘lmagan hollarda aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berishga ruxsat beriladi;
Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalariga elektr energiyasi yetkazib berishga o‘rnatilgan vaqtincha cheklovlar yil yakuniga qadar uzaytirildi;
benzin va dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish uchun xomashyo hamda tayyor benzin importi oshiriladi;
birjada AI-80 benzini savdosiga vositachi kompaniyalarning ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bosh vazir boshchiligida Hukumat ishchi guruhi tuzildi
Prezident topshirig‘iga asosan, Bosh vazir boshchiligida O‘zbekiston hududida energiya muammolarini tezkor o‘rganish va hal qilib borish Hukumat ishchi guruhi tuziladi.
Ishchi guruh quyidagi ishlarni amalga oshiradi:
respublika hududida energiya taqchilligi munosabati bilan yuzaga kelgan vaziyatni qisqa muddatlarda chuqur tahlil qilish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rib borish;
elektr energiyasi va gazni birinchi navbatda aholiga yetkazib berish zaruriyatini e’tiborga olgan holda, mavjud energiya resurslarini muvozanatli taqsimlab borish va ushbu jarayonni qat’iy nazorat qilish;
elektr energiyasi va gaz taqchilligi sharoitida muqobil energiya mahsulotlari bilan aholini va ijtimoiy soha obyektlarini uzluksiz ta’minlash ishlarini jadallashtirish;
ijtimoiy obyektlar, jumladan ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarining barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash yuzasidan zarur mablag‘lar ajratib borish va ularning maqsadli ishlatilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish.
Shuningdek, energiya taqchilligi va uning oqibatida yuzaga keladigan salbiy oqibatlar, ayniqsa iqtisodiyotga ta’sirini kamaytirish maqsadida, kompleks chora-tadbirlar ko‘rish yuzasidan asoslangan takliflar ishlab chiqish va ko‘rib chiqish uchun kiritish vazifasi yuklatiladi.
Yangiliklar lentasi
0