Keksa va nogironlarga qanday imkoniyatlar yaratilgan

© CC0 / Unsplash / Steven HWGJenshina v invalidnom kresle
Jenshina v invalidnom kresle - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 03.12.2022
Obuna bo‘lish
Qayd etilishicha, muhtojlarga yetkazilgan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari soni 24,5 mingtadan 42 mingtagacha oshdi.
TOShKENT, 3 dek — Sputnik. O‘zbekistonda keksa va nogironlarga ajratilayotgan protez-ortopediya moslamalari hamda texnik vositalar soni ikki baravar ko‘paydi. Bu haqda Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi direktori Alisher Inakov ma’lum qildi.
“Mamlakatimizda o‘zgalar parvarishiga muhtoj hamda yolg‘iz yashaydigan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga xonadonida, shuningdek, “Muruvvat” va “Saxovat” internat uylarida statsionar sharoitlarda qator tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Jumladan, reabilitatsiya markazlarida tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya va abilitatsiya choralari ko‘rilmoqda, ehtiyojmand keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar protez-ortopediya moslamalari hamda reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlanyapti, sihatgohlarda bepul yo‘llanmalar asosida sog‘lomlashtirilmoqda, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolar ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga tibbiy, ijtimoiy, kasbiy reabilitatsiya choralari belgilanmoqda”, dedi Inakov.
Qayd etilishicha, yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarga har oyda bepul yetkaziladigan oziq-ovqat mahsulotlari hamda gigiyena vositalari turi 9 tadan 19 tagacha ko‘paytirildi.
2022 yilning iyun oyidan oziq-ovqat va gigiyena vositalari uchun har oylik pensiyalarga qo‘shimcha ravishda to‘lovlar joriy etildi. Muhtojlarga yetkazilgan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari soni 24,5 mingtadan 42 mingtagacha oshdi.
“Muhtojlarga bepul beriladigan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari ro‘yxati 22 ta turdan 30 tagacha ko‘paytirildi. Uyda ijtimoiy xizmat bilan qamrab olinganlar soni 15,7 ming nafardan 19,2 ming nafargacha, sanatoriylarda sog‘lomlashtirilganlar soni 35,8 mingdan 43,0 ming nafargacha oshdi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, “Saxovat” uylari, urush va mehnat faxriylari, pensioner va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sanatoriylar 17 ta avtobus bilan ta’minlandi.
Ma’lumot o‘rnida, 3-dekabr sanasi jahonda Xalqaro nogironlar kuni sifatida nishonlanadi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad nogironligi bo‘lgan insonlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, to‘laqonli hayot kechirishi uchun ko‘maklashishga dunyo jamoatchiligi e’tiborini qaratishdan iborat.
Hozirgi kunda Yer shari aholisining 1,1 milliard nafarini keksa avlod vakillari, 1 milliard nafarini esa nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil etadi. O‘zbekistonda nafaqadagi fuqarolar soni 3,5 million, nogironligi bo‘lgan shaxslar esa qariyb 1 million nafarga teng.
Yangiliklar lentasi
0