O‘zbekiston nomoddiy madaniy merosining yana ikkita elementi YuNESKO ro‘yxatiga kiritildi

© Turizm va madaniy meros vazirligiNomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha Hukumatlararo qo‘mitaning 17-sessiyasi
Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha Hukumatlararo qo‘mitaning 17-sessiyasi  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 02.12.2022
Obuna bo‘lish
Reprezentativ ro‘yxatga kiritilgan O‘zbekiston elementlarining umumiy soni 11 taga yetdi.
TOShKENT, 2 dek — Sputnik. O‘zbekiston nomoddiy madaniy merosining yana ikkita elementi YuNESKO ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqida Turizm va madaniy meros vazirligi xabar berdi.
Marokash davlatining Rabot shahrida bo‘lib o‘tayotgan Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha Hukumatlararo qo‘mitaning 17-sessiyasi O‘zbekiston uchun muhim madaniy voqea bo‘ldi.
O‘zbekiston tomoni ishtirokida ikkita ko‘pmillatli element Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.
O‘zbekiston tomonidan Ozarbayjon, Afg‘oniston, Eron, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya bilan birgalikda “Ipakchilik va to‘quv uchun an’anaviy ipak ishlab chiqarish” nomli birinchi fayl taqdim etildi.
Ikkinchi nominatsiya “Xo‘ja Nasriddin haqidagi latifalarni takrorlash an’analari” deb nomlangan bo‘lib, O‘zbekiston tomoni Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya bilan hamkorlikda tayyorlagan.
“Qo‘mitaning baholash komissiyasi nomzodlik hujjatlarini tayyorlashda ishtirok etayotgan davlatlarning birgalikdagi faoliyatini yuqori baholadi va ularning Vakillik ro‘yxatiga kiritish uchun barcha mezonlarga muvofiqligini qayd etdi”, deyiladi xabarda.
Tadbir davomida nominatsiyalar taqdimotida madaniyatlarni boyitish, mahalliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro hurmat va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashdagi unsurlarning tarixiy o‘rni va ahamiyatini atroflicha ochib beruvchi videofilmlar namoyish etildi.
Tadbir ishtirokchilari ipak yetishtirishning an’anaviy texnologiyalari, keyingi yillarda O‘zbekistonda ipakchilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan salmoqli ishlarga alohida e’tibor qaratishdi.
Shuningdek, ularda Xo‘ja Nasriddinning Buxoro shahrida qad rostlagan noyob haykali katta qiziqish uyg‘otdi.
Ma’lumot uchun, Reprezentativ ro‘yxatga kiritilgan O‘zbekiston elementlarining umumiy soni 11 taga yetdi. Ilgari bu ro‘yxatga “Baxshi”, “Lazgi”, “Palov”, “Askiya”, “Miniatura”, “Navro‘z”, “Shoshmaqom” va boshqalar kiritilgan edi.
Atlas va adras tayyorlashning an’anaviy texnologiyalarini saqlash bo‘yicha Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi Nomoddiy madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash bo‘yicha yetakchilar reyestridan joy olgan.
Yangiliklar lentasi
0