Siyosat

Saudiya Arabistoni transafgʻon yoʻli qurilishini qoʻllab-quvvatlaydi

© Tashqi ishlar vazirligiAr-Riyod
Ar-Riyod - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 27.11.2022
Obuna boʻlish
NovostiTelegram
Saudiya Arabistoni Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar temir yoʻl liniyasi qurilishini qoʻllab-quvvatlaydi.
TOSHKENT, 27 noya — Sputnik. Saudiya Arabistoni Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar temir yoʻl liniyasi qurilishini qoʻllab-quvvatlaydi. Bu haqda Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Oʻzbekiston prezidentning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Ar-Riyod shahrida Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligining Siyosiy masalalarni rejalashtirish bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari - Afgʻoniston boʻyicha maxsus guruhi rahbari Abdulla bin Holid bin Saud al Kabir bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Saudiya Arabistonining afgʻon inqirozini tinch yoʻl bilan hal etish, mamlakatga tezkorlik bilan insonparvarlik va boshqa yordamlar koʻrsatish borasidagi saʼy-harakatlari muhokama qilindi.

“Abdulla bin Holid bin Saud al-Kabir Oʻzbekistonning bu boradagi amaliy qadamlarini yuqori baholadi, ayniqsa, joriy yilning iyul oyi oxirida Toshkentda “Afgʻoniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusidagi xalqaro konferensiya muvaffaqiyatli oʻtkazilganini taʼkidladi”, - deyiladi xabarda.

Tomonlar Afgʻonistonning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklash, mamlakatni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga yanada kengroq jalb etish muhimligini alohida taʼkidlashdi.
Saudiya tomoni Oʻzbekistonning Afgʻonistonda Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar temir yoʻl liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish boʻyicha saʼy-harakatlari oʻz vaqtida amalga oshirilayotganini taʼkidlab, ushbu loyihani har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Afgʻonistonning yangi hukumatiga nisbatan jahon hamjamiyatining yaxlit pozitsiyasini ishlab chiqmay hamda xalqaro gumanitar yordamni koʻpaytirmasdan turib, mamlakatdagi oʻtkir ijtimoiy-iqtisodiy inqirozni bartaraf etib boʻlmaydi, degan fikr bildirildi.
Tomonlar Afgʻoniston masalasi boʻyicha Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni Podshohligining maxsus vakillari darajasida maslahatlashuvlarni davom ettirishdan oʻzaro manfaatdorlik bildirishdi.
Loyihalashtirilgan “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yoʻl liniyasi Janubi-Sharqiy Osiyoning yirik bozorlarini MDH davlatlari, Xitoy va Yevropa bozorlari bilan bogʻlovchi yangi va eng qisqa tranzit yoʻlaklarini yaratadi.
Shu bilan birga, Afgʻonistonning markaziy qismida joylashgan oʻnlab foydali qazilmalar konlari iqtisodiy aylanmaga jalb qilinadi. 500 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilib, temir yoʻl transporti faoliyati bilan bogʻliq yangi kasblar shakllantiriladi. Loyiha amalga oshirilgach, hududning 15 mlngacha aholisi xayoti farovonlashadi.
Umuman olganda, transafgʻon temir yoʻli loyihasini amalga oshirish yuk tashish vaqti va narxini 30-40 foizga qisqartiradi. Ilk yillarda birinchi hisoblangan tashuvlar hajmi 3 mln tonnagacha, 2030 yilga kelib esa yiliga 15 mln tonnadan oshib ketishi mumkin.
Oʻzbekiston bu loyihani "asr loyihasi" deb atamoqda. Loyihaning taxminiy qiymati 4,6 mlrd dollarni tashkil etadi, amalga oshirish muddati 5 yil.
"Rossiya temir yoʻllari" Oʻzbekiston bilan birgalikda transafgʻon temir yoʻlining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishga tayyorligini bildirgandi.
Yangiliklar lentasi
0